Jahon | 13:25 / 25.01.2024
2331
2 daqiqa o‘qiladi

Orban Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishini tez ratifikatsiya qilishga va’da berdi

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban mamlakat parlamentidan Shvetsiyaning kirishi uchun imkon qadar tezroq ovoz berishni so‘rashini aytdi. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Orbanning pozitsiyasini olqishladi.

Foto: AFP / ATTILA KISBENEDEK

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Turkiyaning roziligidan so‘ng, Shvetsiyaning NATOga uzoq vaqtdan beri kechiktirilgan qabul etilishini imkon qadar tezroq ratifikatsiya qilishga va’da berdi. «Men Vengriya hukumati Shvetsiyaning NATOga a’zoligini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladim. Shuningdek, biz milliy assambleyani (parlament) Shvetsiyaning kirishini qo‘llab-quvvatlash uchun imkon qadar tezroq ovoz berishga va ratifikatsiya jarayonini yakunlashga undashda davom etishimizni ta’kidladim», deb yozdi Orban 24 yanvar, chorshanba kuni NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan telefon suhbatidan so‘ng X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida. 

Stoltenberg, o‘z navbatida, Orban va Vengriya hukumatining Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lishini aniq qo‘llab-quvvatlashini olqishlashini va parlament qayta yig‘ilishi bilanoq ratifikatsiya amalga oshishiga umid qilishini aytdi.

Viktor Orban Vengriya parlamentida Shvetsiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishi masalasi bo‘yicha ovoz berish aynan qachon o‘tkazilishi mumkinligiga aniqlik kiritmadi. Navbatdagi sessiya 27 fevral kuni boshlanadi. Vengriya parlamenti bundan oldin navbatdan tashqari yig‘ilish uchun yig‘ilishi mumkinmi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas. 

Shvetsiyaning NATOga kirishini ratifikatsiya qilish masalasi allaqachon Vengriya davlat assambleyasining tegishli qo‘mitalari tomonidan ma’qullangan, yalpi majlisda ovoz berish qoldi. 

Turkiyada, Anqaradagi parlamentda ovoz berishning ijobiy natijasidan so‘ng, Shvetsiyaning NATOga kirishini ratifikatsiya qilish uchun faqat Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning imzosini olish kerak. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid