Jahon | 23:35 / 26.01.2024
13988
9 daqiqa o‘qiladi

Sud qarorini kutayotgan HAMAS, Xitoydan yordam so‘rayotgan AQSh va Putin afvidan mosuvo bo‘lgan mahbuslar - kun dayjesti

So‘nggi bir kun ichida jahonda sodir bo‘lgan yangiliklar, voqea-hodisalar, bayonotlarning kundalik sharhi bilan odatdagidek dayjestimiz orqali tanishtiramiz. 

G‘azodagi vaziyat

Rasmiy Tel-Avivning G‘azoga nisbatan qaqshatqich hujumlari 112 kundan buyon davom etmoqda. 7 oktyabrdan beri 26 mingdan ziyod falastinliklar o‘ldirilgan. Yaradorlar soni 65 ming nafarga yaqinlashgan.

HAMAS agar Isroil falastinlik mahbuslarni qo‘yib yuborsa, garovda ushlab turilgan isroillik fuqarolarni ozod etishini ma’lum qildi.

Agar BMT Xalqaro sudi otashkesim to‘g‘risida qaror chiqarsa, HAMAS unga qat’iy amal qiladi, degan harakat siyosiy byurosi a’zosi Usoma Hamdan.

Bu borada Haagadagi BMT xalqaro sudi Janubiy Afrika Respublikasining Isroilga qarshi qo‘zg‘atilgan «vaqtinchalik choralar qo‘llash to‘g‘risida»gi so‘roviga nisbatan qaror chiqarishga tayyorlanmoqda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu avvalroq Xalqaro sud qarorini nazar-pisand etmasligini ta’kidlab bo‘lgan edi. «Bizni hech kim to‘xtata olmaydi — na Haaga, na «Zulm o‘qi», na boshqa biror kishi», degan Netanyahu.

Isroil Janubiy Afrika Respublikasining ayblovlarini «qo‘pol tarzda buzib ko‘rsatilgan» deb atab, rad etib kelmoqda va o‘zini o‘zi himoya qilish huquqiga ega ekani, maqsadlari G‘azodagi tinch aholi emas, HAMAS harakati ekanini ta’kidlamoqda. 

Qizil dengizdagi vaziyat

Yamanlik isyonchi husiychilarning «Ansorulloh» harakati hujumlari tufayli O‘rta Yer va Qizil dengizini bog‘lovchi Suvaysh kanali orqali har hafta o‘tadigan konteyner kemalari soni o‘tgan yilga nisbatan 67 foizga kamaygan. Neft tranziti esa 18 foizga qisqargan, deyiladi BMT ma’lumotlarida.

BMTning savdo va taraqqiyot konferensiyasi eksperti Yan Xoffmanning aytishicha, kanal orqali savdo so‘nggi ikki oy ichida 42 foizga kamaygan. Chunki tashuvchi kompaniyalar Qizil dengizdagi hujumlardan juda xavotirda, degan u.

Qizil dengiz va Suvaysh kanali jahon savdosining markaziy yo‘llari hisoblanadi. Har yili Suvaysh kanali orqali 20 mingga yaqin kemalar o‘tadi. Yamanlik isyonchilarning hujumlari tufayli ko‘plab yirik yuk tashish kompaniyalari bu yo‘ldan qochishga qaror qildi. Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi yo‘lda konteyner kemalari Afrika janubini aylanib o‘tishi kerak, bu esa sezilarli darajada ko‘proq vaqt va yuz minglab yevro miqdoridagi qo‘shimcha yonilg‘i xarajatlarini talab qiladi.

AQSh Moliya vazirligi Yamandagi isyonchi husiychilarning «Ansorulloh» harakatining bir qator yetakchilariga qarshi sanksiyalar joriy etilganini e’lon qildi. Harakatning harbiy amaliyotlari uchun mas’ul bo‘lgan husiylarning «asosiy liderlari» Amerika sanksiyalari ostida qoldi. Buyuk Britaniya hukumati ham xuddi shunday sanksiyalarni qo‘llagan.

AQSh Moliya vazirligi ta’kidlaganidek, sanksiya ro‘yxatiga husiylar Mudofaa vazirligi rahbari Muhammad al-Atifiy, dengiz kuchlari qo‘mondoni Muhammad Fazl Abdunnabiy, qirg‘oq mudofaa kuchlari rahbari Muhammad Ali al-Qodir va husiy qurolli kuchlari uchun xaridlarni boshqaradigan Muhammad Ahmad at-Tolibiy kiritilgan.

AQSh, shuningdek, husiychilarning Qizil dengizdagi kemalarga hujumidan himoya qilish uchun Xitoydan ham yordam so‘ragan. Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Tailandga borib, Xitoy tashqi ishlar vaziri Vang I bilan uchrashadi. Uchrashuvda tomonlar Qizil dengizni husiychilardan himoya qilish masalasini muhokama qilishadi. AQSh Xitoyni vaziyatga ta’sir o‘tkazishga ko‘ndirishni rejalashtirgan, deb xabar beradi The Wall Street Journal nashri. 

Ukrainadagi urush

Rossiya prezidenti Vladimir Putin norasmiy kanallar orqali AQShga signallar jo‘natib, Ukraina uchun bo‘lg‘usi xavfsizlik choralarini muhokama etishga tayyor ekanini ma’lum qilmoqda, deb yozmoqda Bloomberg nashri o‘zining Rossiyadagi manbalariga havola qilib.

Xabarda ma’lum qilinishicha, Vladimir Putin Ukrainaning neytral statusti va NATO a’zosiga aylanmaslik talabidan voz kechishga tayyor, biroq shu kungacha egallanganlar Ukraina hududlari ustidan nazoratni Rossiya ixtiyorida qoldirish va uni tan olish masalasida qaysarlik qiladi.

Urush va Putin so‘zlari bir gap tarkibida kelgan yana bir xabar: Rossiya prezidenti Vladimir Putin urushda qatnashayotgan mahbuslarni afv etishni bas qildi.

Endi Ukrainadagi urushda qatnashayotgan mahbuslar jazodan «shartli ozod qilinadi», urushda avvalgidek 6 oy emas, urushning oxirigacha qatnashish shart qilingan, deyishgan BBC’ga mahbuslarning qarindoshlari. 

Rossiyada qamalgan aktivistlar

Moskvada Rossiya Federal xavfsizlik xizmati sobiq ofitseri Igor Strelkov-Girkinni «ekstremizmga da’vat» qilganlikda ayblab, to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qildi. Shuningdek, Strelkovga veb-saytlarni boshqarish 3 yilga taqiqlandi.

Strelkov-Girkinga qarshi jinoiy ish 2023 yil iyul oyida qo‘zg‘atilgan edi. Bunga uning Telegram-kanalida anneksiya qilingan Qrim Ukrainaga topshirilishi mumkinligi va okkupatsiya qilingan DXR harbiy xizmatchilariga to‘lovlar to‘g‘risidagi ikkita post sabab bo‘lgan.

Sankt-Peterburgda esa qahvaxonada portlash uyushtirib, rossiyalik urush targ‘ibotchilaridan biri Vladlen Tatarskiyni o‘ldirgan Darya Trepova 27 yilga qamaldi.

Trepova terrorizm, portlovchi moddalarni noqonuniy o‘tkazish va hujjatlarni qalbakilashtirish moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi. Birinchi moddaga ko‘ra u 18 yilga, ikkinchisiga ko‘ra 13 yilga, uchinchisiga ko‘ra 2 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Muddatlarni qisman qo‘shish yo‘li bilan u 27 yilga qamaldi.

Darya Trepova o‘ziga qo‘yilgan ayblarning birortasi bo‘yicha aybini tan olmadi. U Tatarskiy qatnashayotgan kafega portlovchi moddalar solingan haykalchani olib borganini inkor etmagan, biroq u haykalcha ichida nimalar borligini bilmaganini aytgan. Trepova so‘nggi nutqida jabrlanuvchilardan va ishda ishtirok etganlarning barchasidan o‘z qilmishlari uchun kechirim so‘radi. 

NATO a’zosiyaga aylanayotgan Shvetsiya

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakat parlamenti tomonidan ma’qullangan, Shvetsiyaning NATO a’zoligini ratifikatsiya qilish haqida qabul qilingan qarorini tasdiqladi.

Turkiya parlamenti bosh assambleyasi 23 yanvar kuni Shvetsiyaning NATO a’zosi bo‘lishi haqidagi protokolni ratifikatsiya qilishni yoqlab ovoz bergan edi.

Shundan so‘ng, Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson «Bugun biz NATO to‘laqonli a’zosi bo‘lishga bir qadam yaqinlashdik», dedi.

Shvetsiya Rossiyaning Ukrainaga hujumi munosabati bilan 2022 yilda NATO a’zoci bo‘lish uchun ariza topshirdi. Turkiya Shvetsiyani «terrorchi» kurd faollarini qo‘llab-quvvatlashda ayblab, shu paytgacha NATO a’zosi bo‘lishini ma’qullamay kelayotgandi. Uzoq davom etgan muzokaralar va shartlarni muhokama qilishdan so‘ng tomonlar murosaga keldi.

Shvetsiyaning NATO a’zosi bo‘lishiga Vengriya ham qarshilik qilmoqda. Ammo mamlakat bosh vaziri Viktor Orban parlamentdan Shvetsiya arizasini «imkon qadar tezroq» ratifikatsiya qilishni so‘ragan.

AQSh Iroqni tark etadimi?

AQSh Mudofaa vazirligi mamlakat qo‘shinlari Iroqni tark etishi mumkinligi haqida xabar berdi.

AQShning ayrim ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Pentagon rahbari Lloyd Ostin yaqin kunlar ichida AQSh Iroqdagi koalitsion harbiy ishtirok ikkitomonlama o‘zaro harakatga almashtirilishi mumkinligi to‘g‘risida muzokaralar boshlanishini ma’lum qilgan.

Biroq keyinroq bu xabarlar Pentagon tomonidan rad etildi. AQSh Mudofaa vazirligi Amerika va Iroq harbiylari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi muzokaralar «AQSh harbiylarining Iroqdan olib chiqish masalasiga taalluqli bo‘lmaydi», degan.

Eslatib o‘tamiz, Iroq parlamenti 2020 yildayoq mamlakat hududidan xorijiy harbiylarni chiqarib yuborishni yoqlab ovoz bergan.

Mavzuga oid