Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh-Eron dastlabki kelishuvi va Britaniya qo‘lga olgan Rossiya tankeri – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh va Eron dastlabki kelishuvga erishdi
AQSh va Eron rasmiylari – urushni tugatish, Vashingtonning Tehronga nisbatan blokadasini to‘xtatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha kelishib oldi.
«Eron Islom Respublikasi bilan kelishuv endi to‘liq yakunlandi» deb yozdi AQSh prezidenti yakshanba kuni kechga borib.
Trampning aytishicha, Eron bir necha oydan beri amalda yopib qo‘ygan, jahon neft va gaz ta’minotining asosiy yuk tashish yo‘nalishi bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi juma kuni ochiladi. Uning o‘zi ham AQSh harbiylariga Eron portlari blokadasini tugatish haqida buyruq bergan.
«Dunyo kemalari, dvigatellaringizni ishga tushiring. Neft oqsin!» deb yozdi Tramp.
Reutersʼga ko‘ra, bu xabardan keyin neft narxi pasaydi. Xususan, Brent markali neft fyucherslari 4 foizga arzonlashdi. Osiyo fond bozorlarida keskin ko‘tarilish kuzatildi.
Urushda vositachilik vazifasini bajargan Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif esa ushbu pakt «barcha jabhalarda, shu jumladan, Livanda ham harbiy operatsiyalarni zudlik bilan va butunlay to‘xtatishini» aytdi.
Livan muzokaralardagi eng bahsli masalalardan biri bo‘lib kelayotgan edi. Chunki Isroil va «Hizbulloh» Tramp va boshqalarning hujumlarni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlarini inobatga olmayotgandi.
Anglashuv memorandumi 19 iyun kuni Jyenevada rasman imzolanishi rejalashtirilgan. Ammo kelishuvning batafsil shartlari hozircha ma’lum emas.
Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibiyati ham dushanba oqshomidan boshlab barcha jabhalarda urush va harbiy operatsiyalar butunlay to‘xtatilishini tasdiqladi.
Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosariga ko‘ra, 60 kunlik otashkesim davrida ularga nisbatan sanksiyalarni yumshatish va yadro dasturi taqdiri ham ko‘rib chiqiladi.
Muzokaralarda qatnashmagan Isroil ushbu e’longa nisbatan hozircha hech qanday munosabat bildirmadi.
Yangi kelishuv e’lonidan so‘ng mojaroni kuzatib kelayotgan xalqaro yetakchilar ushbu e’lonni mamnuniyat bilan kutib oldi.
Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Italiya qo‘shma bayonotda Eron yadro dasturini cheklash bo‘yicha «qadam qo‘yilishi»ga javoban Tehronga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Rossiya–Ukraina hujumlar almashdi
Dushanbaga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga so‘nggi ikki hafta ichidagi eng kuchli havo hujumini uyushtirdi. Oqibatda kamida 9 kishi halok bo‘ldi, Ukrainaning ma’naviy hamda madaniy tarixi ramzi hisoblangan monastirda yong‘in chiqdi.
Kiyev harbiy ma’muriyatiga ko‘ra, 1051 yilda asos solingan va YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan Kiyev-Pechersk Lavra monastiri to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum natijasida jiddiy zarar ko‘rgan. Monastir uzra baland olov ko‘tarilayotgan bir paytda, aholi yerosti boshpanalariga yashiringan.
Kiyev rasmiylariga ko‘ra, dron va raketalar bir nechta ko‘p qavatli uylar va elektr uzatish liniyalariga zarar yetkazgan. Oqibatda 140 mingga yaqin aholi elektr energiyasiz qolgan. Kiyevda jami to‘rt kishi halok bo‘lgan va 23 kishi jarohatlangan.
Ukrainaning ikkinchi yirik shahri Xarkovga berilgan Rossiya zarbalari oqibatida favqulodda xizmatning besh nafar qutqaruvchisi halok bo‘ldi, yana besh nafari jarohatlandi. Sumida esa uch kishi, jumladan, bir bola yaralangan.
Dushanba kuni erta tongda Rossiya ham Ukraina dronlarini qaytarishiga to‘g‘ri keldi. Xususan, Moskvadan janubda joylashgan sanoat markazi — Rossiyaning Tula shahriga uyushtirilgan dron hujumi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi va yana uch kishi, jumladan, bir yoshli bola jarohatlandi.
Ukraina, shuningdek, tunda Qrim yarimorolini Rossiya nazoratidagi hududlar bilan bog‘laydigan ikkita ko‘prikka zarba berdi. Kiyev Qrimni ta’minotdan uzib qo‘yishga harakat qilmoqda.
Braziliyada ikki vertolyot to‘qnashdi
Braziliyada ikki vertolyot havoda to‘qnashib ketishi oqibatida olti kishi halok bo‘ldi. 14 iyundagi fojia Rio-de-Janeyro shahri osmonida sodir bo‘lgan: tongda ikki vertolyot havoda to‘qnashib ketgan va shundan so‘ng yerga qulab tushgan.
Vertolyotlardan birida besh nafar yo‘lovchi, ikkinchisida esa faqat uchuvchi bo‘lgan. Hodisa oqibatida barcha yo‘lovchilar va pilot halok bo‘lgan.
Xalqaro axborot agentliklariga ko‘ra, qurbonlar orasida 32 yoshli amerikalik xonanda Oliver Tri ham bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida, shuningdek, braziliyalik musiqa prodyuseri, argentinalik videorejissyor va YouTube blogeri Gaspar Prim ham borligi aytilmoqda.
To‘qnashuvdan keyin har ikki vertolyot elektromobillar avtosaloni hududiga qulab tushgan. Zarba oqibatida yong‘in kelib chiqqan va qariyb 20 ta avtomobil ham yonib ketgan.
Qutqaruvchilar hozirda hodisa sabablarini o‘rganmoqda. Tergovning dastlabki bosqichida texnik nosozlik, inson omili yoki parvozlarni muvofiqlashtirishdagi xatolar ehtimoli ko‘rib chiqilmoqda.
Rasmiylarning bildirishicha, qurbonlarning jasadlari qattiq kuygani sababli ularni darhol tanib olish imkoni bo‘lmagan. Shu bois shaxslarni aniqlash uchun qo‘shimcha ekspertizalar o‘tkazilmoqda.
Britaniya Rossiya tankerini qo‘lga oldi
Yakshanba kuni La-Mansh bo‘g‘ozida Buyuk Britaniya Rossiyaning «yashirin floti»ga tegishli neft tankerini qo‘lga oldi. Bu Britaniya tomonidan Rossiya kemasiga qarshi mustaqil ravishda amalga oshirgan birinchi operatsiyadir.
Hukumat tomonidan e’lon qilingan reyd videosida Britaniya harbiylari arqonlar yordamida kemaga tushayotgani, rasmiylar esa hujjatlarni ko‘zdan kechirayotgani aks etgan.
Kamerun bayrog‘i ostida suzayotgan «Smyrtos» kemasiga qarshi Qirollik dengiz piyoda kuchlari va Jinoyatchilikka qarshi kurash milliy agentligi vertolyotlar, fregat va mina qidiruvchi kema ko‘magida reyd uyushtirgan. Podpolkovnik Tom Kuin harbiylar hech qanday qarshilikka duch kelmaganliklarini aytdi.
«Ushbu muvaffaqiyatli operatsiya Rossiyaga yana bir zarba bo‘ldi va Putinning Ukrainadagi urushini olovlantirayotganlar yashirinishiga yo‘l qo‘ymasligimizni eslatib qo‘yadi», dedi bosh vazir Kir Starmer.
Hukumat bayonotida aytilishicha, tergov davomida tanker Angliyaning janubiy qirg‘oqlarida ushlab turiladi va nazorat qilinadi. Buyuk Britaniya shu kungacha Rossiya «yashirin floti»ga tegishli 600 ga yaqin kemalariga qarshi sanksiya joriy qilgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tanker ushlangani uchun Britaniyaga minnatdorlik bildirdi. Kiyev o‘z ittifoqchilarini Rossiyaning «yashirin floti»ga qarshi choralarni kuchaytirishga undab kelmoqda.
Fransiyada G7 sammiti
Boy davlatlarning «Katta yettilik» (G7) guruhi yetakchilari Fransiyadagi kurortda uchrashmoqda.
Eron bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qilish 15-17 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan sammitda hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalardan biri bo‘ladi. Ushbu sammitda Ukrainadagi urush bo‘yicha umumiy til topishish va global iqtisodiy nomutanosibliklarga qarshi kurashish ham ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, asosiy yetkazib beruvchi bo‘lgan Xitoydan tashqarida muhim foydali qazilmalarni qidirib topish masalasi ham dolzarb.
AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Evian-le-Benga ushbu yig‘ilish uchun yetib kelishi kutilmoqda. Sammit davomida Tramp Yaqin Sharq yetakchilari bilan uchrashishi va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ishchi sessiyada ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Dushanba kuni Trampni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron kutib oladi. Makron uchun ushbu sammit kelgusi yili yakuniga yetadigan oxirgi prezidentlik muddatida o‘ziga xos diplomatik cho‘qqi vazifasini o‘taydi.
G7ʼga — AQSh, Kanada, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya va Yaponiya rasman a’zo. Bu yilgi tadbirga Braziliya, Hindiston, Keniya va Janubiy Koreya ham munozaralarga qo‘shilish uchun taklif qilingan.
Mavzuga oid
14:40 / 12.06.2026
Trampning «ajoyib kelishuvi» va Meksikada boshlangan futbol bayrami – kun dayjesti
16:14 / 11.06.2026
Yaqin Sharqda urush harakatlari tiklanyapti, Pokiston yana qo‘shnisini bombaladi – kun dayjesti
14:23 / 10.06.2026
Ho‘rmuzda urib tushirilgan «Apache» va Dog‘istonda katta portlash – kun dayjesti
15:29 / 09.06.2026