Jahon | 15:42
1686
8 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Rossiyada bombardimonchilar quladi, Shvetsiyada muhojirlar uchun yangi tartib – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Netanyahu noqulay vaziyatda qoldi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Donald Tramp bilan boshlagan urushi — Eronning diniy rahbarlarini ag‘darishiga va saylovlar oldidan o‘z mavqeyini mustahkamlashiga umid bog‘lagandi.

Biroq buning o‘rniga, Isroil tarixida eng uzoq muddat bosh vazirlik qilgan Netanyahu Tramp bilan to‘qnashuv yo‘liga kirib qoldi. Sababi AQSh prezidenti urushdan chiqib ketishga intilmoqda. Har ikki yetakchining ham maqsadlari amalga oshmay qoldi, Isroilning harbiy amaliyotlari esa Livanda tiqilib qolgan.

Hozircha isroillik rasmiylar — tanqidlarga o‘ta ta’sirchan Tramp ma’muriyatini g‘azablantirishdan qo‘rqib, ommaviy bayonotlarda ehtiyotkorlik ko‘rsatmoqda. Ammo o‘zaro shaxsiy suhbatlarda norozilik kayfiyati yaqqol ko‘rinib turibdi.

«Dastlabki kelishuv Isroil uchun dahshatli», degan Reutersʼga isroillik yuqori martabali mulozimlardan biri.

Tahlilchilarga ko‘ra, kuzda kutilayotgan saylovlar arafasida Netanyahu Trampga qarshi chiqishga ko‘proq moyil bo‘lishi mumkin. Chunki u AQSh prezidentining sodiqligiga shubha bilan qaray boshlagan Isroil jamoatchiligi bilan hisoblashishga majbur bo‘ladi.

B-52 halokatga uchradi

Kaliforniyada AQSh Harbiy-havo kuchlariga tegishli B-52 Stratofortress bombardimonchi samolyoti havoga ko‘tarilish paytida halokatga uchradi. Samolyot alanga ichida qolgan va bortdagi barcha ekipaj a’zosi halok bo‘lgan.

Halokat 15 iyun kuni Moxave sahrosidagi Edvards aviabazasida sodir bo‘ldi. Katta yadroviy va oddiy bombalarni tashishga mo‘ljallangan reaktiv samolyot sinov topshirig‘ini bajarayotgan bo‘lgan.

Halokat joyidan olingan aero-video tasvirlarda futbol maydonidan kattaroq maydon tutab yotgani, uning atrofida esa favqulodda xizmatlar mashinasi harakatlanayotgani ko‘ringan. Masofadan turib samolyotning biror yirik bo‘lagini yaqqol ilg‘ashning imkoni bo‘lmagan. Halokatdan so‘ng vaziyat «omon qolish imkonsiz» deb baholangan.

Uchish-qo‘nish yo‘lagiga zarar yetgani sababli aviabazadagi barcha amaliyotlar ham to‘xtatildi. Halokat sabablari hozircha noma’lum va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

AQSh Harbiy-havo kuchlari rasmiysiga ko‘ra, samolyot bortida sakkiz nafar «aralash ekipaj» — fuqarolik xodimlar, pudratchilar va harbiy xizmatchilar bo‘lgan. «Boeing» halok bo‘lganlar orasida o‘zining ikki nafar xodimi borligini tasdiqladi.

Harbiy-havo kuchlari rasmiylari qurbonlarning ism-shariflarini ochiqlamadi.

30 tonnadan ortiq yuk bilan qariyb 13 ming km ucha oladigan B-52 Stratofortress samolyotlari — AQSh boshqariladigan strategik bombardimonchi kuchlarining tayanchi hisoblanadi. B-52'larning bugungi kundagi taxminiy narxi 100 million dollargacha baholanadi.

Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar

Yevropa Ittifoqi dushanba kuni Rossiyaning urush harakatlariga ko‘maklashishda ayblanayotganlarga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi.

Yevropa Kengashining ma’lum qilishicha, cheklovlar ro‘yxatiga jami 34 nafar jismoniy shaxs va 47 ta tuzilma qo‘shilgan. Ular quyidagi toifalarga bo‘lingan:

  • Rossiya harbiy-sanoat majmuasiga aloqadorlar;

  • Neft va gaz tankerlaridan iborat «soya floti» vakillari;

  • Siyosiy aralashuv va dezinformatsiya bilan shug‘ullanuvchilar.

Sanksiyaga tushganlar orasida «Coral Energy» kompaniyasi asoschisi Tohir Garayev hamda Konstantin Rogach bor. Yevropa Ittifoqining bildirishicha, Garayev asl kelib chiqishini yashirgan holda Rossiya xom neftini tashish va eksport qilishga sharoit yaratib bergan.

Ittifoq shuningdek, Aleksey Navalniyning 2024 yilda zaharlanishi bilan bog‘liq 15 nafar shaxsni, jumladan, rossiyalik sudya va prokurorlarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.

Bundan tashqari, Rossiya bosqinchilik urushining propagandasi bilan shug‘ullangan qator jurnalist va blogerlar, rus pravoslav cherkovi yepiskopi Georgiy Shevkunov ham cheklovlar ostida qoldi.

Yevroittifoq bosh diplomati Kaya Kallas ayni paytda kengroq cheklovlarni ko‘zda tutuvchi 21-sanksiyalar paketi muhokama qilayotganini ma’lum qildi. «Sanksiyalar shu vaqtgacha Rossiya iqtisodiyotiga 1,3 trillion yevrogacha zarar keltirdi», deya qo‘shimcha qildi Kallas.

Britaniyada ham ijtimoiy tarmoqlarga taqiq

Buyuk Britaniya 2027 yilda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlaydi. Bu haqda 15 iyun kuni mamlakat bosh vaziri Kir Starmer ma’lum qildi.

«Bugungi kunda bolalar texnologiyalar hayotining barcha jabhalariga kirib borgan dunyoda o‘z o‘rnini topishga majbur bo‘lmoqda. Shuning uchun biz bolalarga ularning bolaligini qaytarmoqdamiz», deb yozdi Starmer.

Hukumatning aniqlik kiritishicha, mazkur choralar joriy yil oxirigacha parlament muhokamasiga kiritiladi. Tegishli qoidalar 2027 yil bahorida kuchga kirishi kerak.

Hukumat Avstraliyadagi kabi modelni qo‘llashni rejalashtirmoqda. Taqiq ostiga Snapchat, TikTok, YouTube, Instagram, Facebook va X kabi platformalar tushadi. WhatsApp va Signal kabi messenjerlar esa taqiqlanmaydi.

Rasmiylar, shuningdek, 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun tungi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash va kontentni varaqlashni (skrolling) cheklash masalasini ham ko‘rib chiqadi.

Bundan tashqari, har qanday AI chat-botlarida «romantik xizmatlar»ni taqdim etuvchi funksiyalar 18 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun cheklanadi.

Rossiyada strategik bombardimonchi quladi

Tasodifning qarangki, dushanba kuni ruslarning Tu-22M3 strategik bombardimonchi samolyoti ham qulab tushdi. Fojia Sibirning Irkutsk viloyatida o‘quv-mashg‘ulot parvozi vaqtida sodir bo‘lgan. Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, samolyotning to‘rt kishilik ekipaji bortni xavfsiz tark etishga (katapulta qilishga) ulgurgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda samolyot zich o‘rmonzorga tik qulagani va ulkan tutun hosil qilgani ko‘ringan. Rasmiylarga ko‘ra, yerdagi obektlarga zarar yetmagan, samolyot jangovar yuklamasiz (o‘q-dorilarsiz) parvoz qilayotgan bo‘lgan.

Ekipajning barcha to‘rt nafar a’zosi hayoti uchun xavfli bo‘lmagan jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Hipersonik tezlikka ega «Kinjal» raketalarini tashishga qodir bo‘lgan Tu-22 samolyoti — sovet davriga mansub, tovushdan tez uchar bombardimonchi hisoblanadi. Rossiya undan avval Suriyada, keyinchalik Ukrainadagi jangovar topshiriqlarda foydalanib kelmoqda.

Shvetsiyada muhojirlar uchun yangi tartib

Shvetsiya parlamenti muhojirlarning yashash ruxsatnomalarini «nomaqbul xulq-atvor» asosida bekor qilishga imkon beruvchi qonunni qabul qildi.

Qonun matnida aynan qaysi turdagi xatti-harakatlar mutlaqo nomaqbul deb hisoblanishi batafsil aniqlashtirilmagan. Biroq hukumat rasmiylari misol sifatida to‘lanmagan qarzlar, soliqlardan bo‘yin tovlash, jinoyatchilik va ekstremistik guruhlar bilan aloqalarni qayd etgan.

Yashash ruxsatnomalarini qayta ko‘rib chiqish Migratsiya agentligi zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, uning qarorlari ustidan migratsiya sudiga shikoyat qilish imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Yangi qonun nafaqat ko‘rib chiqilayotgan arizalarga, balki avval berilgan ruxsatnomalarga ham tegishlidir. Bu chora – o‘ng qanot hukumat va uni qo‘llovchi millatchi partiya tomonidan immigratsiya qoidalarini qat’iylashtirish siyosatining bir qismidir.

Immigratsiyani qisqartirish va’dalari bilan 2022 yilgi saylovlarda g‘alaba qozongan amaldagi hukumat bunday “tartibbuzar” shaxslar Shvetsiyada xush ko‘rilmasligini bildirgan.

Muxolifat va inson huquqlari tashkilotlari ushbu qonunni asossiz, deb tanqid qildi. Chunki endilikda ruxsatnomani bekor qilish bo‘yicha qarorlar – jinoiy deb topilmagan xatti-harakatlar asosida ham qabul qilinishi mumkin.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid