Jahon | 14:41
990
9 daqiqa o‘qiladi

G7'da ko‘tarilgan masalalar va Rossiya neft sanoatini nishonga olayotgan Ukraina – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp Isroil harbiy taktikasini tanqid qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroilning Livandagi harbiy taktikasini ommaviy ravishda, kamdan kam uchraydigan tarzda tanqid qildi. U «jangarilarni qidirish» uchun butun boshli turar joy binolarini bombardimon qilish shart emasligini ta’kidladi.

So‘nggi kunlarda Tramp Isroilning Bayrutga uyushtirgan hujumlaridan noroziligini bildirgandi. Uning fikricha, Isroil «Hizbulloh»ga qarshi «haddan tashqari uzoq vaqt»dan beri urush olib boryapti.

«Juda ko‘p odam halok bo‘ldi. Har safar kimnidir qidirayotganda turar joy binosini vayron qilish shart emas, chunki u yerda ko‘plab odamlar yashaydi va ularning hammasi ham «Hizbulloh» emas», dedi Tramp Fransiyadagi G7 sammitida.

Tramp Netanyahu bilan «ajoyib munosabatda» ekanini aytdi, biroq shu bilan birga u Livan masalasida «mas’uliyatliroq» bo‘lishi kerakligini qo‘shimcha qildi. «Bizsiz, Amerika Qo‘shma Shtatlarisiz Isroil mavjud bo‘lmas edi. Mensiz Isroil bo‘lmasdi. Chunki boshqa hech bir prezident men qilgan ishlarni qilishga tayyor emas edi», dedi Tramp.

Ikki yetakchi Isroilning Livanda «Hizbulloh»ni ta’qib qilishni cheklashdan bosh tortgani sababli bir necha bor to‘qnash kelgan. Chunki Livanda harbiy harakatlarni to‘xtatish Eronning asosiy talabidir.

Tramp ushbu fikrlarini bildirishidan ko‘p o‘tmay, prezidentning ommaviy chiqishlaridan lavhalar ulashadigan rasmiy sahifasida aynan shu so‘zlar aks etgan video joylashtirildi. Oq uy prezident Trampning Netanyahu bilan mustahkam munosabatlari borligini va Isroil mudofaa kuchlari «ajoyib hamkorlar» ekanini ta’kidladi.

Hozircha Isroil rasmiylari Trampning so‘zlariga izoh bermadi.

G7 sammitida Ukraina masalasi

AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba kuni prezident Volodimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan «juda yaxshi» uchrashuvdan so‘ng, Rossiya Ukraina bilan tinchlik o‘rnatishi kerakligini aytdi.

Zelenskiy va uning yevropalik ittifoqchilari Fransiyada o‘tayotgan G7 sammitiga Trampda taassurot qoldirish va Ukraina vaziyatni o‘z foydasiga o‘zgartirganini ko‘rsatish umidida kelishgandi.

Sammitga Eron bilan dastlabki kelishuvni pesh qilgan holda kelgan Tramp esa Ukrainadagi mojaroni ham yakunlash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini aytdi. Biroq Moskvaga bosimni oshirish bo‘yicha aniq tafsilotlarni deyarli ochiqlamadi.

«Qarang, Rossiya kelishuvga erishishi kerak. Men qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman», dedi Tramp jurnalistlarga va har ikki tomondan ham jangda juda ko‘p yosh yigitlar halok bo‘layotganini qo‘shimcha qildi.

Tramp bilan uchrashuvdan so‘ng, Zelenskiy G7 yetakchilari Rossiya urushda g‘alaba qozonmayotgani haqida yakdil fikrda ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskvani muzokaralar stoliga o‘tirishga majburlash uchun Rossiya neft eksporti, bank sektori va harbiy ishlab chiqarishini nishonga oluvchi qo‘shimcha sanksiyalar ham muhokama qilingan.

Shuningdek, Zelenskiy dushanba kuni G7 sammitida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishni taklif qilganini aytdi. Biroq Kreml rasmiysi Tramp va Putin o‘rtasidagi telefon muloqotida bu masala ko‘tarilmaganini bildirdi.

Fransiyalik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, G7 yetakchilari Kiyevni ko‘proq havo mudofaasi vositalari bilan ta’minlash majburiyatini olgan. Bu Rossiya tomonidan zarbalar kuchaygan bir paytda Zelenskiy uchun eng muhim ustuvor vazifadir.

Seshanba kuni sammit doirasida Eron yopib qo‘ygan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini xavfsiz qayta ochish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Yetakchilar ushbu suv yo‘lini aylanib o‘tish uchun muqobil marshrutlarni aniqlashga harakat qilishdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, bo‘g‘oz juma kuni «to‘liq ochiq» bo‘ladi.

Ka’baning Kisvasi almashtirildi

Muqaddas Ka’baning qora ipak yopinchig‘i — Kisva almashtirildi. Marosim yangi hijriy yil boshlanishini anglatuvchi Muharram oyining birinchi kechasi — 16 iyun kuni o‘tkazildi.

Kisva har yili Makkadagi Qirol Abdulaziz majmuasida 10-11 oy davomida tayyorlanadi. Tayyor yopinchiqning vazni taxminan 1 ming 415 kg. U ikki qatlamdan iborat: qora naqshli ipakdan tikilgan tashqi qatlam va oq rangli paxtadan qilingan ichki astar.

Kisvada Qur’oni Karimning 30 ta oyati yoziladi. Ular qariyb 200 kilogrammli tilla suvi yuritilgan kumush va sof kumush iplar yordamida matoga tikiladi.

Yangi Kisva — yil davomida Masjidul Haromda mustahkam turishi uchun taxminan 100 ta arqon yordamida Ka’baga mahkamlanadi. Kisvani ishlab chiqarishga har yili taxminan 6,5 million dollar sarflanadi.

Kisva avvallari Zulhijja oyining 9-kuni, ya’ni hojilar Arafot tog‘iga chiqqanida almashtirilardi. 2022 yildan Haj mavsumidagi yuklamani yengillatish maqsadida Kisvani almashtirish Hijriy yil boshiga ko‘chirilgan.

Hindistonda Telegram vaqtincha bloklandi

Hindiston hukumati savollar sizib chiqishi bilan bog‘liq janjal tufayli — umummilliy tibbiyot kollejlariga kirish imtihonini qayta o‘tkazish arafasida Telegram messenjeridan foydalanishni blokladi.

Hukumatning ma’lum qilishicha, Telegram platformasidan «abituriyentlarni aldash — firibgarlik qilish» uchun foydalanilgan. Taqiq imtihonlarning ertasi kuni — 22 iyungacha amalda bo‘ladi.

Hukumat yuz minglab odamlarga ta’sir qilishi muqarrar bo‘lgan ushbu taqiq tufayli «kelib chiqqan noqulayliklardan afsusda ekanini» bildirdi. Shuningdek, platformadan bunday noqonuniy kontentlarni olib tashlash harakatlari natija bermaganini ma’lum qildi.

Telegram asoschisi Pavel Durovning aytishicha, bu chora — haqiqiy aybdorlarni emas, balki Hindistondagi 150 million oddiy foydalanuvchilarni jazolaydi. Savol-javoblar sizib chiqishi esa baribir boshqa ilovalarga ko‘chib o‘tdi.

Durov Telegram vaziyatni o‘nglash uchun Hindistondagi yuzlab firibgar kanallar o‘chirib tashlaganini bildirdi.

Ukraina yana Rossiya neft zavodiga zarba berdi

Seshanba kuni Ukrainaning dron hujumi Moskva viloyatiga eng yirik yoqilg‘i yetkazib beruvchi bo‘lgan neftni qayta ishlash zavodida yong‘in keltirib chiqardi. Sohadagi ikki manba Reuters agentligiga zavod o‘z faoliyatini to‘xtatganini ma’lum qildi.

Manbalarning ta’kidlashicha, «Gazprom neft»ga qarashli zavodga berilgan zarba korxona quvvatining 53 foizini ta’minlovchi birlamchi qayta ishlash qurilmasiga zarar yetkazgan.

Guvohlarning videoyozuvlarida hujumdan keyin zavoddan kuchli olov va quyuq qora tutun ko‘tarilayotgani aks etgan. Mahalliy favqulodda vaziyatlar yong‘in o‘chirilgani va bu zavod faoliyatiga ta’sir qilmaganini ma’lum qildi. Biroq bu ma’lumot manbalar so‘zlariga zid kelmoqda.

Moskva meri Sergey Sobyanin qo‘shimcha tafsilotlarni ochiqlamasdan, hududdagi obektlardan biriga zarar yetganini aytdi.

Ukrainaning dron zarbalari yetkazayotgan jiddiy zararni ko‘rsatuvchi yana bir voqea: «Tatneft» o‘tgan haftada Tataristondagi zavodiga uyushtirilgan hujumdan so‘ng, butun mamlakat bo‘ylab o‘zining yoqilg‘i quyish shoxobchalarida xaridlar uchun cheklovlar joriy etgandi.

Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina 2026 yil boshidan buyon Rossiyaning urushni moliyalashtirishdagi asosiy manbalari — neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarini ikki baravarga ko‘paytirdi. Ushbu strategiya Rossiya ichki yoqilg‘i bozorini tobora qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda. Borgan sari ko‘proq mintaqalarda mahalliy ta’minot muammolari haqida xabar berilmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid