BMT xodimlari HAMASning Isroilga hujumida ishtirok etganlikda ayblanmoqda
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish agentligi bir necha xodimlarini ishdan bo‘shatdi. Qaror ular HAMASning Isroilga qarshi hujumida ishtirok etgani haqidagi xabarlar fonida qabul qilindi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) 7 oktyabr kuni Falastinning HAMAS guruhi tomonidan Isroilga uyushtirilgan hujumga aloqadorligi haqidagi xabarlar ortidan bir qancha xodimlarni ishdan bo‘shatyapti. 26 yanvar, juma kuni UNRWA bosh komissari Filipp Lazzarini shunday dedi: «Men ushbu xodimlarning mehnat shartnomalarini zudlik bilan bekor qilishga va haqiqatni kechiktirmasdan aniqlash uchun tergov o‘tkazishga qaror qildim».
Lazzarini bu xodimlarga qo‘yilgan ayblovlar hayratlanarli ekanligini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil unga hujumda bir qator UNRWA xodimlarining ishtiroki haqida ma’lumot bergan. «UNRWA’ning bu harakatlarga aloqador har bir xodimi jinoiy javobgarlikka tortiladi», deb va’da berdi BMT agentligi rahbari. Filipp Lazzarini UNRWA xodimlari qanday aniq harakatlarda ayblanayotgani va uning qo‘l ostidagilaridan qanchasi HAMAS hujumida ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritmadi.
AQSh UNRWA’ga yordam berishni to‘xtatyapti
AQSh davlat departamenti UNRWA xodimlarining HAMAS tomonida Isroilga hujumda ishtirok etishi mumkinligi haqidagi xabarlardan o‘ta xavotir bildirdi va shu munosabat bilan UNRWA’ga qo‘shimcha mablag‘ ajratish to‘xtatilganini ta’kidladi. Amerika tashqi siyosat idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, gap agentlikning 12 nafar xodimi haqida ketmoqda. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 24 yanvar kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan vaziyatni muhokama qilib, UNRWA xodimlariga qarshi ayblovlar chuqur va zudlik bilan tekshirilishi kerakligini ta’kidladi.
Guterrish sodir bo‘lgan voqeadan hayratda qolganini aytdi va agar ayblovlar tasdiqlansa, javobgarlarni darhol ishdan bo‘shatish va jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qildi. «Kim BMTning asosiy qadriyatlariga xiyonat qilsa, G‘azoda, butun mintaqada va dunyoning boshqa qismlarida xizmat qilayotganlarga xiyonat qilgan bo‘ladi», deb ta’kidladi jahon tashkiloti rahbari.
G‘azo sektorida urush boshlanganidan beri ikki milliondan ortiq falastinlik gumanitar yordamga bog‘liq.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 26 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
17:46 / 10.11.2024
Qatar Isroil va Hamas o‘rtasidagi vositachilikni to‘xtatdi
17:39 / 07.11.2024
BMT Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni kamayganini qayd etdi
17:00 / 05.11.2024
O‘tgan yuz yilda sunami 260 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi - BMT
14:10 / 05.11.2024