AQSh harbiy bazasiga zarba, Mona Lizaning sho‘riga sho‘rva va 4 kunlik ish haftasini sinayotgan Germaniya - kun dayjesti
So‘nggi kun ichida dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli yangiliklar, voqea-hodisalar va bayonotlarning qisqacha sharhi bilan kun dayjestida tanishtiramiz.
G‘azo va Livandagi vaziyat
HAMASning G‘azo sektorida barpo etilgan yerosti tunnellarining 80 foiziga zarar yetkazilmagan. Bu haqda Wall Street Journal nashrining manbalari xabar berishmoqda.
AQSh va Isroil mutaxassislarining fikricha, 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan Isroil hujumlari natijasida G‘azodagi ulkan tunnellar tarmog‘ining faqat 20–40 foizi ishdan chiqarilgan yoki zararlangan bo‘lishi mumkin va ularning katta qismi G‘azoning shimoliy qismida zarbaga uchragan.
Isroil G‘azodagi bosqinini bas qilib, Livandagi «Hizbulloh» harakati bilan jangga kirishishi mumkin. Nomi oshkor qilinmayotgan arab davlatlaridan biri Livandagi shialarning «Hizbulloh» harbiylashgan harakatiga bergan razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil ayni paytda Livanga bostirib kirishni rejalashtirmoqda. Bu hol mintaqada taranglik yanada avj olishiga olib keladi.
Livanga bostirib kirishdan ko‘zlangan maqsad — «Hizbulloh»ning hujum salohiyatini Litani daryosidan narigi yoqqa itqitib tashlash. «Hizbulloh» ayni paytda vaqti-vaqti bilan Isroilning shimoliy hududlariga raketa va dron zarbalari uyushtirib kelmoqda.
Qizil dengizda nima gap?
Husiychilarning Rossiyadan yuklangan neft mahsulotlari ortilgan tankerga hujumi jahon neft bozorlariga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin, deb yozadi Bloomberg agentligi.
Yamanlik husiychilar Rossiya nefti ortilgan Marlin Luanda neft tankeriga hujum qilgan. Agentlikka ko‘ra, ayni damda Suvaysh kanali orqali asosan Rossiya nefti tashilmoqda. Garchi husiychilar Rossiya va Xitoy mahsulotlari ortilgan kemalarga teginmaslikka va’da bergan bo‘lsa-da, kafolat Rossiya neft mahsulotlari ortilgan tankerga raketa hujumi AQSh, Isroil va Buyuk Britaniyaga kuchsiz aloqasi bo‘lgan kemalarga taalluqli bo‘lmasligini bildirmoqda.
Marlin Luanda tankeri operatori Londondagi Oceanix Services firmasi ekani husiychilarga unga hujum qilish uchun asos bo‘lgan. Bloomberg agentligining qayd etishicha, husiychilar o‘z nishonlarini ochiq manbalardan surishtirib topishmoqda, Rossiyadan neftni esa asosan egasi noma’lum bo‘lgan «yashirin flot» deb ataluvchi tankerlar tashimoqda.
Bu esa Rossiya tomonidan Qizil dengiz orqali Osiyo mamlakatlariga eksport qilinayotgan 3 mln barrel neft xavf ostida ekanini bildiradi. Hujum yuz berganidan so‘ng neft narxlari barreliga 2 dollarga ko‘tarilgan.
Boz ustiga, avvallari Rossiya neftini Qizil dengiz orqali tashishga jon-jon deb rozi bo‘lgan tanker egalari endi bu ishni rad etishlari mumkin. Bu ham g‘arb sanksiyalari ostida bo‘lgan Rossiya nefti eksporti uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar yaratishi tayin. Kemalar Afrikani aylanib o‘tishga majbur bo‘ladi. Bu yetkazish muddatlari va narxlar oshishiga olib keladi.
Qolaversa, husiychilarning tahdidi Misr iqtisodiyotiga ham katta zarar yetkazmoqda. Suvaysh kanali ma’muriyati rahbarining ta’kidlashicha, kanalning 2024 yil yanvar oyidagi daromadlari o‘tgan yilning yanvariga nisbatan 44 foizga kamaygan.
AQSh harbiy bazasiga zarba
AQShning O‘rdundagi harbiy bazasiga dronlar vositasida berilgan zarba tufayli uch harbiy halok bo‘lgani, kamida 35 nafar harbiy yarador bo‘lgani AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi tomonidan xabar qilindi. Bu G‘azoda urush boshlanganidan buyon Yaqin Sharqda amerikalik harbiylar halok bo‘lgani bilan bog‘liq ilk holatdir.
AQSh prezidenti Jo Bayden ushbu hujum uchun javobgarlik «Eron tarafdori bo‘lgan» guruhlar zimmasida ekanini qayd etdi.
AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin esa AQSh o‘zining Yaqin Sharqdagi qo‘shinlariga qilinayotgan hujumlarga toqat qilolmasligi va ushbu hujumga ham, albatta, «javob» qaytarilishini aytib o‘tdi.
O‘rdun vazirlar devoni rasmiy vakilining xabar berishicha, zarba O‘rdun qirolligi hududida emas, AQShning Suriyadagi at-Tanf harbiy bazasiga berilgan. Ushbu harbiy baza O‘rdun bilan chegarada joylashgan.
Eron tomoni bu zarbaga hech qanday aloqasi yo‘qligini bildirdi. Eron Islom Respublikasining BMTdagi doimiy vakili Vashington ma’muriyatining ayblovlarini asossiz deb atadi.
Yevropaning Vengriyaga tahdidi
Yevropa Ittifoqi tarixda ilk bor o‘ziga a’zo bo‘lgan davlatga Ukraina tufayli zarba berishga tayyor, deb yozmoqda Financial Times. Agar rasmiy Budapesht shu hafta ichida Ukrainaga yangi yordamni bloklaydigan bo‘lsa, Yevroittifoq Vengriya iqtisodiyotini sabotaj qiladi.
Ya’ni Vengriya bosh vaziri Ukrainaga qarshi chiqishni bas qilmas ekan, Yevropa Ittifoqining boshqa yetakchilari ittifoq tomonidan Budapeshtni moliyalashtirishni to‘xtatishadi. Busiz Jahon va Yevropa kompaniyalari Vengriyaga investitsiya kiritishdan tiyilishadi. Bunday jazo davlat taqchilligi oshishi va milliy valuta kursining pasayishiga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Vengriya atom sohasini qamrab oluvchi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 13-paketiga qarshi chiqmoqda. Shuningdek, Budapesht Ukrainaga 50 mlrd yevro yordam ajratishni ham qo‘llab-quvvatlamayapti.
Vengriya Ukrainaga dushmanona munosabatda bo‘lgan Yevropadagi yagona mamlakat. Masalan, mamlakatning ultrao‘ng siyosatchilaridan biri Laslo Torotskai agar Ukraina to‘liq mahv etilsa, Vengriya uning Karpatorti hududlariga da’vo qilishini ta’kidlagan.
Mona Lizaning sho‘riga sho‘rva
Parijning Luvr muzeyida saqlanayotgan mashhur «Mona Liza» kartinasiga radikal ekofaollar sho‘rva sepishdi. Usti o‘q o‘tkazmaydigan shisha bilan qoplangani tufayli kartinaga zarar yetgani dargumon.
Kuzatuv kamerasida olingan videoda ikki namoyishchi «sog‘lom oziq-ovqat huquqi» talab qilayotganini ko‘rish mumkin.
«Nima muhimroq? San’atmi yoki sog‘lom va ekologik toza ovqatlanish huquqimi? Bizning qishloq xo‘jaligi tizimimiz kasal!» — deya baqirishgan ular.
So‘nggi kunlarda Fransiya poytaxtida fermerlarning norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Juma kuni namoyishchilar Parijga olib boruvchi asosiy yo‘llarni to‘sib qo‘yishgan.
Namoyishchilar yonilg‘i narxi oshishi, Ukrainadan g‘alla importi, shuningdek, qishloq xo‘jaligidagi byurokratik tartiblarning qiyinchiliklaridan norozi bo‘lishmoqda.
Leonardo da Vinchining XVI asrda mo‘yqalamda chizgan ushbu noyob portreti — dunyodagi eng mashhur san’at asarlaridan biridir. Kartina Parijdagi Luvr muzeyida saqlanadi. Unga bir necha bor zarar yetkazishga harakat qilishgan. Hattoki 1911 yilda uni o‘g‘irlab ketishgan. Lekin ikki yil o‘tgach u baribir topilgan.
Haftada 4 kunlik ish
1 fevraldan boshlab Germaniyada qisqartirilgan ish haftasi sinovdan o‘tkaziladi. 6 oy davomida 4 kunlik ish haftasi joriy etiladi. Ishchi va xodimlari hozirgi maoshi saqlanib qolgan holda juma, shanba va yakshanba kunlari ishlamaydi.
Bunga mehnat bozoridagi inqiroz tufayli qo‘l urilmoqda. Loyihada 45 ta kompaniya ishtirok etmoqda. Tajriba tugagandan so‘ng, ish haftasini qisqartirish ishlab chiqarish unumdorligiga ta’sir qilish-qilmasligiga oydinlik kiritiladi.
Tajribada ishtirok etayotgan kompaniyalardan birining rahbari 4 kunlik dastur xodimlarning motivatsiyasi va mehnat mahsuldorligiga foydali ta’sir ko‘rsatishidan umidkor ekanini aytgan.
Mavzuga oid
13:35 / 12.11.2024
G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar, tergovdagi Netanyahu va saylovdan yutgan Ilon Mask - kun dayjesti
13:47 / 11.11.2024
G‘azo shimolidagi so‘nggi shifoxona, Yamanga aviahujum va jinoyatini tan olgan Netanyahu - kun dayjesti
14:13 / 09.11.2024
G‘azodagi harbiy jinoyatlar, NATOdan Ukrainaga yangi yordam va G‘arbni ochko‘zlikda ayblagan Putin - kun dayjesti
15:34 / 08.11.2024