Jahon | 20:54 / 02.02.2024
8624
8 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda otashkesim kutilmasi, Ukrainaga moliyaviy yordam va 40 yilga qamalgan informator - kun dayjesti

Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli yangiliklar, voqea-hodisalar va bayonotlarning qisqacha sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azo sektorida ikki oyga otashkesim e’lon qilinishi mumkin.

Qatar Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Majid ibn Muhammad al-Ansoriyga ko‘ra, Isroil rasmiylari G‘azo sektorida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish shartlariga rozi bo‘lgan. Qatar kelishuv shartlarining dastlabki ijobiy tasdig‘ini Falastinning HAMAS harakatidan ham olgan, deb xabar beradi Al-Jazeera telekanali.

Bitim ikki bosqichni o‘z ichiga oladi va G‘azo sektorida ikki oy davomida o‘t ochilishini to‘xtatadi. Bu vaqt ichida HAMAS garovga olingan bolalar, ayollar, qariyalar va yaradorlarni ozod qiladi. Buning evaziga Isroil falastinlik mahbuslarni ozod qiladi. Bitim, shuningdek, G‘azo sektoriga yetkaziladigan yangi gumanitar yordam hajmini belgilaydi.

Isroil tashqi razvedka xizmati — «Mossad» rahbari David Barnea mamlakat harbiy mahkamasiga HAMAS bilan potensial kelishuv rejasini taqdim etgan.

Kelishuvning birinchi bosqichi 35 kunlik otashkesim evaziga garovga olingan 35 nafar ayol, kasal, yarador va qariyalarni ozod qilishni nazarda tutadi. Shundan so‘ng kelishuv yana bir haftaga uzaytirilishi mumkin, bu garovga olinganlarni ozod qilishning ikkinchi bosqichi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga imkon beradi. Ozod qilinadiganlar qatorida fuqarolik mudofaasi xodimlari, isroillik askarlar bo‘lishi kutilmoqda.

Hozircha Isroil garovga olinganlar evaziga qamoqdan ozod qilishi kerak bo‘lgan falastinlik mahbuslar soni hali aniqlanmagan. Yahudiy davlatini ularning miqdori emas, sifati qiziqtirmoqda. HAMAS esa og‘ir jinoyat sodir etgan mahbuslarni topshirishni talab qilmoqda.

1 fevral kuni Al-Hadat telekanali HAMAS harakati Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklarni bosqichma-bosqich ozod qilishga rozi bo‘lganini xabar qildi. HAMAS avvalroq kelishuvga faqat mahbuslarni to‘liq ozod qilish sharti bilan roziligini bildirgan edi. Harakat, shuningdek, Isroildan uzoq muddatli qamoq jazosini olganlarning ozod etilishini talab qilmasligini bildirdi. Telekanal ta’kidlaganidek, HAMAS vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yakuniy qarorga kelgani yo‘q. O‘z navbatida Isroil 114 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi.

AQShda esa Falastin tarafdorlari G‘azoda urush tugatilishini talab qilib turli aksiyalar o‘tkazishmoqda. Chikago aholisi shahar meriyasi oldida to‘planib, G‘azoda urushni zudlik bilan yakunlashni talab qilgan.

Odamlar aksilisroil shiorlarini aytib qichqirishgan, qo‘llarida urushni tugatish haqida chaqiriqlar tushirilgan transparantlar va Falastin bayroqlarini ko‘tarishgan.

Virjiniyada esa Falastin tarafdorlari bo‘lgan aktivistlar AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning uyi oldida chodirlardan iborat lager barpo etishgan.

7 oktyabrdan buyon Isroil agressiyasi tufayli halok bo‘lgan falastinliklar soni 27 mingdan oshdi. BMT vayronalarga aylangan G‘azoni tiklash uchun o‘nlab yillar ketishini ta’kidlagan. 

Qizil dengizdagi vaziyat

AQSh armiyasining markaziy qo‘mondonligi Yamanning shimoliy qismida joylashgan husiychilar bazasiga muvaffaqiyatli zarba berilgani haqida xabar bermoqda. Zarba natijasida uchirishga tayyorlab qo‘yilgan 10 ta dron yo‘q qilingan.

«Al-Mayadin» telekanali ham so‘nggi soatlar ichida AQSh va Buyuk Britaniya Yamanning shimoliy qismidagi Sa’da va g‘arbiy qismidagi Hudayda viloyatlariga 11 marta hujum uyushtirilgani haqida xabar berdi.

Yamandagi isyonchi shialarning «Ansorulloh» harakati Qizil dengizda Britaniyaga tegishli savdo kemasiga hujum qilingani xabar bergan.

Husiychilar harakati vakili Yahyo Sariyaning aytishicha, ushbu kema Isroil portlaridan biriga ketayotgan bo‘lgan. 

Ukrainadagi vaziyat

2024 yilda Ukraina qurolli kuchlari asosiy diqqat-eʼtiborini uch yo‘nalishga qaratadi. Bu haqda Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy aytib o‘tgan.

Zalujniyga ko‘ra, dastlab Ukraina qurolli kuchlarini yuqori texnologiyali aktivlar bilan ta’minlash tizimi yaratiladi. Ikkinchidan, urush qilishga o‘rgatish va urushni olib borishning yangi falsafasi yaratiladi. U resurslar cheklangani va ulardan foydalanish usullarini hisobga oladi. Nihoyat, yangi jangovar imkoniyatlarni o‘zlashtirishga e’tibor qaratiladi.

Darvoqe, Ukraina prezidenti ofisi bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniyning iste’foga chiqarilishi xususidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Zelenskiy ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, Zalujniy Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning menejyeri hisoblanadi. Uning ishdan olinishi haqidagi mish-mishlarga doir muhokama g‘alati ko‘rinadi.

«Muhokama men uchun umuman g‘alati ko‘rinmoqda. Shunday bo‘lsa-da, Zalujniy prezidentning vertikali, uning menejyeri. U oliy bosh qo‘mondon formatida urush olib boradi», — degan Podolyak.

Podolyak prezident Zelenskiy o‘z qo‘l ostidagilarga muayyan vazifalar qo‘yib, natijalarni baholashi mumkinligini aytib, ayni paytda siyosiy jarayon emas, urush ketayotganiga urg‘u bergan.

«Urush davrida generallar va siyosat darajasidagi odamlar raqobati shunday ko‘rinadi. Bundan tashqari, bu mish-mishlar rasman rad etilgan. Endi voqealar qanday rivojlanishini ko‘ramiz. O‘zgarishlar bo‘lsa, bu haqida xabar beramiz. Hozircha bu borada o‘zgarishlar yo‘q», — deya qo‘shimcha qilgan Podolyak.

 

Ukrainaga yordam

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga va’da qilingan 50 mlrd yevro miqdoridagi yordamni beradigan bo‘ldi.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning oyoq tirab qarshi turishiga qaramasdan, qizg‘in munozara va muzokaralardan so‘ng Ukrainaga Yevropa Ittifoqi 50 milliard yevrolik yordamni ajratadigan bo‘ldi.

«Yevroittifoq budjetidan 50 mlrd yevro miqdorida uzoq muddatli yordam ko‘rsatishga kelishib olindi. Buni barcha 27 davlat rahbarlari ma’qulladi. Bu Ukraina uchun barqaror, uzoq muddatli moliyalashtirish imkonini yaratadi. Yevropa Ittifoqi Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda yetakchilik va mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Chunki biz nimalar xavf ostida ekanini bilamiz», — degan Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel.

Ovoz berishdan oldin Yevropa Ittifoqi rahbariyati, ittifoqqa a’zo mamlakatlarning yetakchilari hamda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ishtirokida maslahatlashuvlar o‘tkazgan. Ular Orbanga bosimni kuchaytirib, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroda aniq pozitsiya tanlashni taklif qilgan, deb xabar beradi Reuters.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromadlarni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirmoqchi, degan degan Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel.

Bu borada Yevroittifoq yetakchilari Bryusseldagi sammitda kelishuvga erishishgan.

Informatorga 40 yil qamoq

AQShda WikiLeaks’ga informatsiya yetkazib turgan inson 40 yilga qamaldi.

 «WikiLeaks’ning informatorlaridan biri — “Vault 7” nomi bilan mashhur to‘plam asoschisi Joshua Shultega Nyu-York Federal sudi tomonidan 40 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi», — deb yozgan WikiLeaks tashkiloti o‘zining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Joshua Shulte AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq a’zosi hisoblanadi. Prokuratura uni «Amerika tarixida eng vayronkor maxfiy ma’lumotlar sizdirilishi»ga aloqadorlikda ayblab, unga umrbod qamoq jazosi tayinlanishini talab qilgan.

Joshua Shultening o‘zi esa sudda «hukumat adolat emas, qasos olayotganini» ta’kidlagan.

Mavzuga oid