21:12 / 05.02.2024
11982

Pokiston sobiq bosh vaziri nikoh shartlarini buzgani uchun 7 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi 

Imron Xon va uning xotini «idda» shartlarini buzganlikda ayblandi. 

Imron Xon va uning rafiqasi Bushra Bibi / Foto: AP

Pokistonning Ravalpindi shahri sudi sobiq bosh vazir Imron Xon va uning rafiqasi Bushro Bibini shar’iy nikoh shartlarini buzgani uchun 7 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Sobiq amaldor uchun bu bir hafta ichida chiqarilgan uchinchi hukm, olti oy ichida esa to‘rtinchi hukm, deb xabar berdi DW. 

Qayd qilinishicha, Xon va Bibi Qur’onda belgilangan «idda» muddatini buzgan. Bu ajralishdan keyin nikoh qurmay turish uchun majburiy davr bo‘lib, bu muddat ichida ayol turmushga chiqa olmaydi. 

Bibi 2017 yilning noyabrida ajrashgan va kamida uch oy kutishi kerak edi. Shunga qaramay, u 2018 yil yanvar oyida Xonga turmushga chiqqan. Xon bu me’yorni buzmaslik uchun mulladan to‘yni «idda» muddati tugaganidan keyin fevral oyida yana bir marta rasmiylashtirishni so‘ragan. 

Imron Xon 2018 yildan 2022 yilgacha Pokiston bosh vaziri bo‘lgan, o‘shanda parlament a’zolari ishonchsizlik votumi bilan lavozimidan chetlatilgan. Shundan beri sobiq bosh vazirga nisbatan 50 dan ortiq jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Shu jumladan, terrorizm bo‘yicha ham. 

Xon avvalroq pul yuvishda ayblanib, 3 yilga, davlat sirlarini oshkor qilganlikda ayblanib, 10 yilga va korrupsiya ishi bo‘yicha rafiqasi bilan birga 14 yilga qamalgan edi. 

Er-xotin barcha ayblovlarni rad etmoqda va jinoiy ishlarni siyosiy buyurtma deb atamoqda. 

8 fevral kuni Pokistonda federal parlamentga, shuningdek, mamlakatning to‘rtta asosiy viloyati parlamentlariga umumiy saylovlar bo‘lib o‘tadi. Yanvar oyida sud Imron Xonning PTI partiyasiga saylov byulletenida o‘z logotipini qo‘llashni taqiqlangan edi. Bu partiyaning natijalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, chunki Pokistondagi saylovchilarning 40 foizi savodsiz hisoblanadi va partiyalarni faqat logotip orqali taniydi. 

Top