Jahon | 22:33 / 05.02.2024
11342
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya parlamentida Shvetsiyaning NATO a’zoligi bo‘yicha ovoz berish jarayoni boykot qilindi

Hukmron partiya a’zolari yig‘ilishga bormadi, ular buni keyinroq amalga oshirishini ta’kidlamoqda. 

Foto: AP

Vengriyaning hukmron «Fides - Vengriya fuqarolik ittifoqi» partiyasi a’zolari Shvetsiyaning NATO a’zosi bo‘lishi haqidagi ariza bo‘yicha parlamentdagi ovoz berish jarayonida qatnashmadi. Bu haqda mahalliy HVG nashri xabar berdi. 

Vengriya muxolifati tomonidan chaqirilgan yig‘ilishni «Fides»ning ittifoqchisi Xristian-demokratik xalq partiyasi (XDXP) deputatlari ham boykot qildi. Shu bilan birga, yig‘ilishda NATO a’zolarining bir qancha elchilari, jumladan Qo‘shma Shtatlarning Vengriyadagi elchisi Devid Pressman ham ishtirok etdi. 

Yig‘ilishda jami 51 nafar deputat qatnashdi, 148 nafari qatnashmadi.

Yig‘ilish arafasida «Fides» vakillari ovoz berish jarayonini boykot qilmoqchi ekanini aytishgan edi. «Fides» parlament guruhi rahbari Mate Kochish so‘zlariga ko‘ra, ratifikatsiya bahorgi sessiya paytida, shuningdek, Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristerssonning Budapeshtga tashrifidan keyin amalga oshirilishi mumkin. 

Shvetsiya 2022 yil may oyida, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan ko‘p o‘tmay, NATO a’zosi bo‘lish uchun ariza berdi. Alyansga a’zolikni ma’qullamagan oxirgi davlatlar Turkiya va Vengriya edi, biroq 23 yanvar kuni Turkiya parlamenti bu haqdagi protokolni ratifikatsiya qildi. 25 yanvar kuni Erdo‘g‘an hujjatni imzoladi. 

Yanvar oyi oxirida Vengriya bosh vaziri va «Fides» partiyasining doimiy rahbari Viktor Orban Vengriya hukumati Shvetsiyaning NATO a’zosi bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini aytgan edi. 

«Fides» Vengriya parlamentidagi ko‘pchilik o‘rinlarga ega – 199 tadan 133 tasiga.

 

Mavzuga oid