Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
HAMASni tugatmoqchi bo‘layotgan Netanyahu, saratonga chalingan qirol va chegarada devor ko‘tarayotgan Texas - kun dayjesti
So‘nggi bir kun ichida jahonda sodir bo‘lgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil G‘azo sektorining shimoliy qismiga insonparvarlik yordami yetkazilishiga to‘sqinlik qilishda davom etmoqda, degan BMT rasmiy vakili Stefan Dyujarrik.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yanvar oyida G‘azo shimolida yordam ko‘rsatish operatsiyalarining 61 tasidan bor-yo‘g‘i 10 tasini amalga oshira olgan. Insonparvarlik yuklari asosan oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat bo‘lgan.
Dyujarrikning qayd etishicha, shifoxonalar va tibbiyot markazlariga ichimlik suvi va gigiyena vositalari bilan yordam berish bo‘yicha missiyalar tez-tez taqiqlanadi.
Ayni paytda 1,9 millionga yaqin inson G‘azodagi o‘z yashash joylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgani holda, ularga yetarli miqdorda insonparvarlik yuklari yetkazish Isroil tomonidan yaratilgan to‘siqlar tufayli imkonsiz bo‘lib turibdi.
Isroilning bayonotlari
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu toki HAMAS to‘liq yo‘q qilinmas, garovda ushlab turilgan fuqarolar qaytarilmas va G‘azo sektori Isroil uchun ortiq xavf tug‘dirmaydigan holga kelmas ekan, urush to‘xtamasligini ta’kidlab o‘tdi.
Netanyahu BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharqdagi agentligi ham terrorizmni qo‘llab-quvvatlash bilash o‘ziga dog‘ tushirmagan boshqa tashkilotlarga almashtirilishi lozimligini ta’kidlagan.
«Biz Amerika administratsiyasining qo‘llab-quvvatlovini qadrlaymiz, lekin bu bizning oramizda ziddiyatlar yo‘qligini anglatmaydi, menga ular bilan o‘zaro munosabatlarimizni boshqarib turish uchun yordamning keragi yo‘q», — degan Netanyahu.
Isroil bosh vaziri ommaviy axborot vositalarining Isroil falastinlik mahbuslarni ozod etishga rozilik bergani to‘g‘risidagi xabarlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, degan.
«Biz o‘g‘irlab ketilgan fuqarolarimizni ozod qilish bo‘yicha harakatlarimizni davom ettiramiz, hech qanday kelishuvga rozi bo‘lmaymiz», — degan Netanyahu.
Qizil dengizdagi vaziyat
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Grant Sheppsning aytishicha, Qizil dengizda oziq-ovqat yetkazib berishga ta’sir etayotgan kemalarga hujum haqida sukut saqlab bo‘lmaydi.
«Harbiy javob — Qizil dengiz janubida husiychilarning operatsiyalarini tiyib turish uchun bizning so‘nggi vositamiz. Biroq husiychilarning Qizil dengizni vayron qilishga keyingi niyatlari kamaygani yo‘q», — degan Shepps.
Sheppsga ko‘ra, ular husiychilarga ikkilanishlarsiz yana qarshi harakat olib borishga tayyor. Shuningdek, AQSh va Britaniya hujumlari natijasida tinch aholi o‘rtasida qurbonlar yo‘qligini ham ta’kidlagan.
Bunga javoban husiychilarning hukumati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Hussayn al-Izziy toki G‘azo qamali va agressiyasi yakunlanmas ekan, okkupatsiya ostidagi Falastindagi Isroil portlariga yo‘l olgan kemalarga xalaqit berishda davom etilishini ta’kidlagan.
«AQShning hozirgi yondashuvi urushning kengayishiga olib kelishi muqarrar. Amerika va Britaniya kemalariga hujum bizning mamlakatimizga qarshi agressiyaga javobdir. Bizning G‘azo va Falastin bo‘yicha pozitsiyamiz qat’iy. Biz shuningdek, o‘z mamlakatimizga nisbatan agressiyaga jim qarab tura olmaymiz», — degan al-Izziy.
Ukrainaga yordam
Ukraina Moskva oblastigacha uchib boradigan raketalarni qo‘lga kiritishi mumkin. AQSh bilan kelishilgan F-16 qiruvchi samolyotlarining g‘arb davlatlari tomonidan Ukrainaga yetkazib berilishi Rossiya qurolli kuchlari Bosh shtabi uchun yangi boshog‘riq bo‘lishi mumkin.
Daniya, Niderlandiya, Norvegiya va Belgiya yetkazishni va’da qilgan samolyotlar 500 km olisdagi nishonlarni ura oladigan raketalar bilan jihozlanadi, degan Ukraina qurolli kuchlari birlashgan kuchlari qo‘mondoni Sergiy Nayev.
Bu orada Niderlandiya Ukrainaga va’da qilingan 18 ta samolyotga qo‘shimcha yana 6 ta F-16 qiruvchi samolyotini berishini ma’lum qildi. Amsterdam Kiyevga beradigan samolyotlarning umumiy soni 24 taga yetdi.
Uzoq masofaga ucha oladigan raketalar bilan F-16 jang maydonlarida yanada ko‘proq muvaffaqiyat qozonishga olib keladi, degan Nayev.
Ukraina shu vaqtgacha g‘arblik ittifoqchilaridan 160 km radiusga ega ATACMS raketalari, shuningdek, Britaniyaning 300 km olisdagi nishonlarni ura oladigan eksport versiyadagi Storm Shadow raketalarini olgan edi.
Rossiyaga sanksiyalar
Yanvar oyi boshidan buyon Turkiya banklari Rossiyadan pul o‘tkazmalarini qabul qilmay qo‘ydi. 1 fevraldan boshlab Xitoy banklari bilan ham shunday muammolar paydo bo‘la boshladi.
AQSh prezidenti Jo bayden 22 dekabrda xorijiy banklarga sanksiyalar joriy etishni nazarda tutuvchi farmonni imzolagan edi. Bunda Rossiya iqtisodiyotining sanksiya ostidagi sektorlari — mudofaa, aerokosmik, qurilish, texnologik va ishlab chiqarish sohalari bilan hisob-kitoblarda ishtirok etayotganlar xavf ostida qolishgan. Bayden administratsiyasi biryo‘la qaysi mahsulotlar «Rossiya harbiy mashinasiga yordam berayotgani»ni eslatib o‘tgan.
AQShning ikkilamchi sanksiyalari dollar tizimidan har qanday tashkilotni uzib qo‘ya olishi mumkin. Shu sababli rossiyalik mijozlari va boshqalar oldidagi tanlovda qolgan banklar asosiy biznesini saqlashga intilishmoqda. Bu asosan «do‘stona» davlatlardagi banklarga ishora edi, chunki g‘arbdagi davlatlar allaqachonlar Rossiya bilan operatsiyalarni bas qilishgan.
Texas chegaraga devor qurmoqda
Texas o‘zboshimchalik bilan AQSh va Meksika chegarasida devor qura boshladi.
Bu o‘z xususiy chegara devorini qurishga qaror qilgan AQShning birinchi va hozircha yagona shtati bo‘lib turibdi. Vashingtonda bu tashabbus keskin qoralangan, biroq unga qarshi hozircha hech narsa qila olishmaydi — shtat konstitutsiyasi federal talablarni e’tiborsiz qoldirishga izn beradi.
Texas shtati hokimiyati Meksika bilan chegaradagi yanada ko‘proq hududni o‘z nazoratiga oladi.
«Biz chegaralarimiz xavfsizligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarimizdan chekinmaymiz», — degan Texas shtati gubernatori Greg Ebbott.
Chegaraoldi Igl-Pass shahridagi park shtat milliy gvardiyasi tomonidan nazoratga olinganidan buyon chegarani noqonuniy kesib o‘tishlar soni «kuniga ming martadan uch martagacha» kamaygan, degan gubernator.
Qozog‘iston neft eksportini oshirdi
Qozog‘iston Rossiyani chetlab o‘tib, neft eksporti hajmini ikki barobar oshira oldi.
2023 yilda Qozog‘iston g‘arb sanksiyalariga duchor bo‘lmaslik uchun RF portlarini chetlab o‘tgan holda 3,73 mln tonna neft sotgan. 2022 yilda bu ko‘rsatkich 1,91 mln tonna bo‘lgan.
Qozog‘iston neft xomashyosining asosiy eksport kanali Kaspiy quvur o‘tkazish konsorsiumi bo‘lib qolmoqda. Eksportning 80 foizi unga to‘g‘ri keladi. 2023 yilda Qozog‘iston jami 70,5 mln tonna neft va gaz kondensati eksport qilgan.
Lukashenko o‘z xalqini otishga izn berdi
Lukashenko harbiylarga o‘z fuqarolariga qarshi qurol ishlatishga ruxsat berdi.
U o‘z farmoni bilan mamlakat qurolli kuchlari ichki xizmat Ustaviga o‘zgartirishlar kiritdi.
Ustavning 11-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, endi harbiy xizmatchilar aholiga qarata o‘qotar quroldan foydalanishlari mumkin. Boz ustiga, harbiy xizmatchi odamni yaralagan yoki o‘ldirgan taqdirda javobgarlikka tortilmasligi belgilangan.
Britaniya qiroli jiddiy kasal
Buyuk Britaniya qiroli Charlz III saratonga chalingani aniqlandi.
Bukinghem saroyi bayonotida yaqinda qirol prostata bezidagi xavfsiz o‘sma tufayli shifoxonaga yotqizilganidan tashvishlanish uchun sabab bo‘luvchi alohida savol paydo bo‘lgan. Keyingi tashxis jarayonlari saraton shaklini aniqlab bergan.
«Hazrati oliylari bugun muntazam davolanishga kirishdi, shu sababli shifokorlar unga jamoat majburiyatlarini keyinroqqa qoldirishni maslahat berishdi», — deyiladi bayonotda.
Mavzuga oid
14:41
G7'da ko‘tarilgan masalalar va Rossiya neft sanoatini nishonga olayotgan Ukraina – kun dayjesti
15:42 / 16.06.2026
AQSh va Rossiyada bombardimonchilar quladi, Shvetsiyada muhojirlar uchun yangi tartib – kun dayjesti
13:51 / 15.06.2026
AQSh-Eron dastlabki kelishuvi va Britaniya qo‘lga olgan Rossiya tankeri – kun dayjesti
14:40 / 12.06.2026