22:18 / 13.02.2024
11908

Putin saylovoldi bahslarida qatnashmaslikka qaror qildi

Uning matbuot kotibi buni «tig‘iz ish jadvali» tufayli bandligi bilan izohladi. 

Foto: YeRA / TASS

Rossiya prezidentligiga nomzod va amaldagi davlat rahbari Vladimir Putin televideniyedagi saylovoldi debatlarida qatnashmaydi. Bu haqda Rossiya Markaziy saylov komissiyasi kotibi Natalya Budarina ma’lum qildi, deb yozdi TASS. 

«Markaziy saylov komissiyasiga ro‘yxatga olingan to‘rtta nomzod va uchta siyosiy partiyadan bepul efir vaqti uchun qur’a tashlashda qatnashish maqsadida yozma arizalar kelib tushdi. Sizga shuni ma’lum qilmoqchimanki, Rossiya prezidentligiga nomzod Vladimir Vladimirovich Putinning federal kanallar orqali qo‘shma tashviqot tadbirlarida ishtirok etishdan bosh tortganligini tasdiqlovchi hujjat kelib tushgan. Bu nomzodlarning huquqi», dedi Budarina. 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putinning saylovoldi bahslarida qatnashishdan bosh tortganini davlat rahbarining bandligi bilan izohladi. 

«Putin — prezident sifatida juda tig‘iz ish jadvaliga ega. Bu uni boshqa nomzodlardan tubdan ajratib turadi», dedi Peskov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar prezidentning hayotning barcha jabhalariga oid bayonotlarini virtual tarzda har kuni ko‘rish imkoniga ega. 

Rossiyada 17 fevraldan ommaviy axborot vositalarida saylovoldi tashviqot kampaniyasi boshlanadi. Nomzodlar va partiyalarga 19 fevraldan bepul efir vaqti ajratiladi. U beshta federal davlat telekanali tomonidan taqdim etilishi kerak: «Rossiya-1», «Rossiya-24», «Pervyy kanal», «TV Tsentr», «ORT» va uchta radiostansiya: «Radio Rossii», «Mayak» va «Vesti FM». 

Saylovoldi tashviqoti davri 15 mart kuni yakunlanadi. 15-17 mart kunlari prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. 

Saylovda amaldagi prezident Vladimir Putindan tashqari «Yangi odamlar» partiyasidan Vladislav Davankov, Rossiya Liberal-demokratik partiyasidan Leonid Slutskiy va Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasidan Nikolay Xaritonov ishtirok etadi.

Mavzuga oid
Top