Jahon | 20:01 / 13.02.2024
14577
9 daqiqa o‘qiladi

Rafah uchun Isroilga bosim, frontda tashabbusni o‘ziga og‘dirayotgan Rossiya va yangi fin prezidentining va’dasi - kun dayjesti

Dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarni muxtasar ko‘rinishda odatdagi yangiliklar kundaligimiz orqali yetkazishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil armiyasining milliondan ziyod falastinlik qochqinlar joylashgan Rafah shahriga bergan aviazarbalari jahon hamjamiyatining kuchli e’tirozini keltirib chiqarmoqda.

Hitlerga taassub qilayotgan Netanyahuning administratsiyasi zulm va xunrezlik siyosatida qizil chiziqni kesib o‘tmoqda, degan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Volker Turk Isroil qo‘shinlarining Rafahga hujum qilishi insonni dahshatga solishini aytgan. Volker Turk ushbu hujum natijasida yana ko‘plab tinch aholi vakillari halok bo‘lishiga urg‘u berib, jahon hamjamiyati bunga yo‘l qo‘ymasligi kerakligini ta’kidlagan.

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati rahbari Jozep Borrelga ko‘ra, Netanyahu hech kimni eshitishni xohlamayapti.

«Hamma uning dalilsiz ayblovlariga ishonishini, xalqaro huquq me’yorlarining toptalishiga ko‘z yumib turilishini istaydi», degan Borrel.

AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil va HAMAS o‘rtasidagi harbiy harakatlarni kamida olti haftaga to‘xtatishga chaqirdi, deb xabar bermoqda Bloomberg agentligi.

AQSh prezidenti ushbu chaqirig‘ini Vashingtonda Iordaniya qiroli Abdulloh II bilan muzokaralar yakunlarida e’lon qilgan. U garovga olinganlarni ozod qilish uchun Isroil va HAMAS o‘rtasidagi janglarda olti haftalik tanaffusga intilayotganini aytdi va bu shartlar uzoqroq davom etadigan sulh uchun zamin yaratishidan umidlanayotganini bildirgan.

«AQSh, uning arab hamkorlari hamda boshqa davlatlar tezlik bilan adolatli va keng qamrovli tinchlikka olib keladigan siyosiy istiqbolni yaratishga harakat qilishi, bu orqali o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishi kerak», — degan Abdulloh II.

G‘azoda qirg‘in esa davom etmoqda. Qamal qilingan G‘azo sektoridagi o‘ldirilgan falastinliklar soni 28 ming 340 kishiga yetgan. 130 kundan buyon davom etayotgan zarbalar natijasida yarador qilinganlar soni 67 ming 984 kishini tashkil etmoqda.

Birgina so‘nggi sutka ichida hujumlar natijasida 164 kishi o‘ldirilgan, 200 dan ziyod kishi yarador qilingan. 

Ozarboyjon va Armaniston keskinligi

Ozarboyjon va Armaniston yana bir birini chegarada o‘t ochishda aybladi, deb xabar beradi Bloomberg agentligi. Tomonlar chegarada harbiy xizmatchilarning halok bo‘lishi va yaralanishiga sabab bo‘lgan snaryadlar otilishi yuzasidan bir-birini ayblamoqda.

Ozarboyjon Davlat chegara xizmati Kohanabi qishlog‘i yaqinidagi chegara uchastkasining Armaniston tomonidan o‘qqa tutilishiga javoban «Qasos» operatsiyasi o‘tkazilgani va armanlarning jangovar posti yo‘q qilinganini xabar berdi. Armanlarning hujumi natijasida bir nafar ozarboyjonlik askar yaralangan.

Idoraning qayd etishicha, Armanistonning kelgusidagi provokatsiyalariga ular «yanada jiddiyroq va qat’iyroq choralar bilan» javob beradi.

«Sodir bo‘lgan voqeada mas’uliyat to‘liq Armanistonning harbiy-siyosiy rahbariyati zimmasida», — deyiladi bayonotda.

Armaniston Mudofaa vazirligining xabar berishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra Ozarboyjonning javob zarbasi natijasida Nerkin Xand qishlog‘i yaqinida ikki kishi halok bo‘lgan. 

Xitoy kompaniyalariga sanksiya

Yevropa Ittifoqi ilk marta Rossiya harbiylarini qo‘llab-quvvatlayotgan Xitoy va Hindiston kompaniyalarini jazolashni taklif qildi.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy agressiyasini qo‘llab-quvvatlayotganlikda ayblab, yigirmaga yaqin kompaniyalariga savdo cheklovlari joriy etishni taklif qildi. Kompaniyalarning uchtasi Xitoyga tegishli. Agar bu choralar qabul qilinadigan bo‘lsa, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan buyon Xitoy kompaniyalariga sanksiya joriy etgan ilk holat bo‘ladi. Bloomberg nashri havola qilayotgan ro‘yxatda Hongkong, Serbiya, Hindiston va Turkiya kompaniyalari ham bor.

Ehtimolli cheklovlar Yevropa kompaniyalariga ro‘yxatdagi kompaniyalar bilan savdo-sotiq qilishni taqiqlaydi. Shu yo‘l bilan blok sanksiya ostidagi tovarlarni uchinchi davlatlar orqali qo‘lga kiritishga bo‘lgan urinishlarining oldini olmoqchi.

Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan aktivlaridan olingan foydani Ukrainani tiklash uchun sarflash imkonini beruvchi qarorni tasdiqladi.

Hujjatga ko‘ra, Rossiya Markaziy bankining 1 mln yevrodan ortiq aktivlari joylashtirilgan markaziy depozitariylar ulardan olingan foydadan alohida saqlanishi kerak.

Rossiya aktivlaridan olingan sof foyda avval Yevropa Ittifoqi budjetiga, undan so‘ng Ukrainaga yordam ko‘rsatish fondiga yo‘naltirilishi mumkin. 

Rossiya frontda tashabbusga ega bo‘lmoqda

Rossiya Ukrainaga qarshi urushda tashabbus jilovini o‘z qo‘liga ola boshlagan. Amerika siyosiy kuchlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar Kiyevga yordam ko‘rsatilishiga monelik qilib turgan bir paytda, rossiyalik harbiylar Shimoliy Koreya va Xitoy yordamida o‘z pozitsiyalarini mustahkamlamoqda. Moskva vaziyatdan foydalanib, kuchlar muvozanatini o‘z tomoniga og‘dirmoqda, deya Norvegiya razvedkasi ma’lumotlarigi keltirgan Germaniyaning N-TV telekanali.

Vaziyatni o‘zgartirish uchun Kiyevga g‘arbning «sezilarli» harbiy yordami kerak, degan Norvegiya harbiy razvedkasi rahbari Nils Andreas Stensenes.

«Rossiya ayni paytda bir yil avvalgidan ko‘ra kuchliroq vaziyatda turibdi, ular shuningdek tashabbusga ega bo‘lishga intilishmoqda», — degan Stensenes.

Uning qayd etishicha, Moskva Ukrainaga nisbatan «uch barobar ko‘proq qo‘shin to‘plashga» muvaffaq bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya sanksiyalarga kutilganidan yaxshiroq moslashmoqda va «yil davomida harbiy sa’y-harakatlarni qo‘llab turish» yetarli o‘q-dorilar, harbiy mashinalar, pilotsiz parvoz qurilmalari ishlab chiqarmoqda.

Rossiya qo‘shinlarining artilleriyadagi ustunligi tufayli Ukraina Avdiyivka shaharchasini tez kunlar ichida qo‘ldan chiqarishi mumkin, deb yozadi Bild nashri.

Nashrda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra rus qo‘shinlari Avdeyevkada ikki yo‘nalishda — janubiy-sharqdan va shahar markazida muvaffaqiyatli ilgarilamoqda. Ukraina harbiylari uchun esa vaziyat keskinlashmoqda, chunki Rossiya armiyasi Ukraina harbiylarining so‘nggi ta’minot yo‘llaridan biriga taxminan 200 metrgacha yaqinlashib oldi.

Qolaversa, Ukraina armiyasida quruqlikdagi askarlari yetishmovchiligi bor, shu sababli piyoda rus askarlarining oldinga siljib kelayotgan guruhlariga qarshi faqat dronlar ishlatilmoqda. 

Putinni qo‘llamagan xoinlar

Rossiya davlat propagandasi Rossiya prezidentligi uchun mustaqil nomzod Bors Nadejdinni qo‘llab imzo qo‘yganlarning ro‘yxatini kuchishlatar tizimlarga berishga chaqirdi.

Rossiyaning eng asosiy propagandachilari — teleboshlovchi Vladimir Solovyov va Russia Today kanali rahbari margarita Simonyan «Rossiya» telekanalining yakshanba kungi efirida Boris Nadejdinni qo‘llab imzo qo‘yilgan ro‘yxatlarning keyingi taqdirini muhokama qilgan.

Solovyov Nadejdinga «xalq dushmanlari» hamda «yo‘q qilinmagan navalniychilar» ro‘yxatini shakllantirib bergani uchun tashakkur bildirgan. Teleboshlovchi «ishonchga sazovor bo‘lmagan fuqarolar»ning ro‘yxatini «tegishli organlarga o‘rganish uchun berish kerak»ligini ta’kidlagan. 

Fin prezidentining va’dasi

Finlandiyaning yangi saylangan prezidenti Aleksandr Stubb Ukrainadagi urush to‘xtatmaguncha, mamlakat rasmiylari Rossiya rahbariyati bilan munosabatlarni yaxshilash ustida ishlamasligini aytdi. Bu haqda Yle nashri yozdi.

Stubb, shuningdek, bir vaqtning o‘zida Finlandiya va Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lish imkoniyatini taqiqlashga va’da berdi.

Shuningdek, u Rossiyaning harakatlari oqibatida Yevropadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat sezilarli darajada o‘zgarganini qo‘shimcha qildi. Bu Finlandiyaning NATO a’zoligiga qabul qilish tezligiga ham ta’sir qildi, dedi u.

«Rossiyaga nisbatan siyosat oddiy. Diplomatik va rasmiy munosabatlar saqlanib qolmoqda, biroq Rossiya bilan siyosiy darajada aloqalar mavjud emas va Rossiya Ukraina hududidagi harbiy amaliyotini to‘xtatmaguncha bo‘lmaydi», — degan Stubb.

Eslatib o‘tamiz, 11 fevralda yakunlangan saylovda Aleksandr Stubb 51,6 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan edi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid