Iqtisodiyot | 13:52 / 14.02.2024
13177
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank bitta tijorat bankni jarimaga tortdi, uchtasini ogohlantirdi

Yanvar oyida amaldagi qonunchilik va Markaziy bankning me’yoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinishi ta’minlanmagani sababli 1 ta bank va 1 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llangan, shuningdek, 3 ta bank va 2 ta lombard ogohlantirilgan.

Foto: Kun.uz

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2024 yilning yanvar oyidagi yig‘ilishlarda (9 marta) 30 ta masala ko‘rib chiqilgan. Bu haqda MB axborot xizmati xabar berdi.

«Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 20 ta masala ko‘rib chiqildi. Xususan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (2 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (3 ta), kredit tashkilotlarini litsenziyalash (2 ta), banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (2 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (11 ta) kabi masalalardir», deyiladi xabarda.

Kredit tashkilotlarining moliyaviy holati bo‘yicha (10 ta masala) banklar va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holati va ular tomonidan Markaziy bankning prudensial me’yorlari talablari bajarilishi, shuningdek, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilingan.

Xususan, amaldagi qonunchilik va Markaziy bankning me’yoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinishi ta’minlanmagani sababli 1 ta bank va 1 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llangan, shuningdek, 3 ta bank va 2 ta lombard chora va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Bundan tashqari, qo‘mita tomonidan o‘zining tizim barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish prinsipidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari va mikromoliya tashkilotlari rahbariyatiga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Mavzuga oid