Jahon | 17:05 / 15.02.2024
13096
3 daqiqa o‘qiladi

Belgorod yana o‘qqa tutildi. Qurbonlar bor

Rossiya hududiga zarba oqibatida savdo markazi va turar joylar shikastlangan.

Foto: VYACHESLAV GLADKOV

15 fevral kuni kunduzi Belgorod o‘qqa tutildi. Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov zarba oqibatida besh kishi, jumladan bir bola halok bo‘lganini tasdiqlagan. Yana 18 kishi jarohat olgan. Jabrlanganlardan besh nafari — bolalar. 

Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, yettita xususiy va beshta ko‘p kvartirali uylarda «turli darajada vayrongarchiliklar» aniqlangan, bir do‘kon shikastlangan. Bundan tashqari, sanoat korxonalaridan birining hududida shikastlanish qayd etilgan.

Mahalliy telegram-kanallar zarba oqibatida Plexanov ko‘chasidagi savdo markazi jiddiy zarar ko‘rgani haqida yozmoqda.

Mash va Shot telegram-kanallari zarba oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘lgani haqida xabar qilgan. Bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan. Belgoroddagi «Pepel» telegram-kanali jabrlanganlardan kamida uch nafari og‘ir ahvolda qolayotganini ma’lum qilgan.

«Pepel» ma’lumotiga ko‘ra, snaryadlardan biri Oktyabr inqilobining 60 yilligi ko‘chasidagi stadion hududiga tushgan.

«Bel.ru» nashri stadionda bir ayol va aravachada bo‘lgan yosh bola halok bo‘lganini xabar qilgan.  

Belgoroddagi telegram-kanallar Plexanov ko‘chasidagi savdo markaziga zarba «kelib tushishi» videosini tarqatgan.

Rossiya mudofaa vazirligi soat 12:30 atrofida Ukraina RM-70 «Vampir» baravar o‘t ochish reaktiv tizimini qo‘llagan holda Rossiya Federatsiyasi hududidagi obektlar bo‘ylab hujum qilishga uringani haqida xabar berdi. Harbiy idora bayonotiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimlari Belgorod oblasti hududi ustida 14 ta reaktiv snaryadni urib tushirgan. 

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Belgorod o‘qqa tutilishini «Kiyev rejimi tomonidan navbatdagi terrorchilik akti» deb baholagan. Rossiya shahar o‘qqa tutilishi mavzusini «tegishli xalqaro tashkilotlar», jumladan BMT xavfsizlik kengashi ko‘rib chiqishi uchun taqdim etgan. 

Ukraina hukumati va Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi hozircha Belgorod bo‘ylab zarba berilishini izohlamagan.

Rossiya hukumati avvalroq ham Ukraina QK Belgorodni RM-70 «Vampir» baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan o‘qqa tutganini xabar qilgandi. 7 fevral kuni RF mudofaa vazirligi havo hujumidan mudofaa tizimlari yettita snaryadni urib tushirganini, hujum oqibatida uch kishi jarohatlanganini ma’lum qilgandi.

Belgorodga Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon eng yirik hujum 2023 yil 30 dekabr kuni kuzatilgandi. Bundan bir kun oldin esa Rossiya qo‘shini Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘llagandi. Ukraina qurolli kuchlarining Belgorodga javob zarbasi oqibatida 25 kishi, jumladan, besh bola halok bo‘lgan, yana 100 dan ortiq kishi jarohatlangandi.

Mavzuga oid