Bu savollarni rivojlangan jamiyatlarda heç kim bermaydi. Çunki ularning javobi – ijtimoiy zehniyatda allaqaçon çuqur ildiz otgan. Bizda esa bu savollar hali ham örtaga çiqib turadi. Oddiy fuqaro uçun jurnalistikaning ahamiyati mavhum bölsa mayli edi, lekin bizda OAVga nisbatan “öziga xos” munosabat hatto unça-munça soha yo hududlarni “uşlab turgan” odamlarda ham kuzatiladi. “Şaripov formati”da şu mavzu mulohaza qilinadi.
Masalan, yaqinda Toşkent şahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxöjayev bloger va jurnalistlarga nisbatan “OPJ” – rusçadan tarjima qilganda “uyuşgan jinoiy jurnalistlar” iborasini işlatdi. Emişki, jurnalist va blogerlar özaro kelişgan holda unga – Ortiqxöjayevga qarşi informatsion xurujlar uyuştirar ekan, va bunda u alamzadalik alomatlarini körayotgan ekan. Va bu yerda u “jinoiy” sözini işlatyapti...
Xöş, jurnalist kim? Jurnalistika – nima? Agar mamlakatda mustaqil jurnalistika bölmasa, nima böladi? Bu savolga javob beriş uçun oxirgi 7-8 yil içida Özbekistonda kamçiliklarni bartaraf qiliş yölida jurnalist va blogerlar qöşgan hissani sanab ötiş kerak böladi. Ammo bu yerda bitta qiyinçilik bor – buning jismonan imkoni yöq – jurnalist va blogerlar şu yillarda ommaga oçgan muammo va kamçiliklarni sanab çiqiş imkonsiz. Ammo…
Ammo sanaş şart emas – biroz bölsa-da dunyodan xabardor har qanday özbekistonlik tuşunib turibdi – mana şu 7 yil içida jurnalist va blogerlar hazilakam hissa qöşmadi muammolarni kötarib, hal qilinişida. Bundan köproği ham hal qilinişi mumkin edi, ammo bu boşqa “qöşiq”ning satrlari – uni bugun aytmaymiz.
Ha, blogerlar içida “biznesmen” blogerlar ham çiqdi va bu ham tabiiy jarayon. Lekin bu söz erkinligi vositasida erişilgan yutuqlarga soya taşlay olmaydi – yutuqlar soni çeksiz.
Xöş, jurnalist kim? Aksariyat kasb egalari işini bajarib, uyiga kelib dam oladi. Jurnalistni esa u bugun çiqargan maqolasi yoki videosi tark etmaydi: odamlarga qiziq böladimi, öqiydimi-yöqmi, köradimi-yöqmi, u yoqdan u tanqid qilib qöygan kattakon idoralarning u yoki bu tarzda körsatadigan kamida ma’naviy bosimi, bu yoqdan u dumini bosib qöygan nufuzli şaxslar yoki kompaniyalar. Bu hammasi köpinça bitta inson – jurnalistning, köpinça murğak bir yoş qalbning gardaniga tuşadi. Hammasi jamiyatdagi muammolarni yoritiş uçun, örtaça bir öqituvçining oyligi evaziga.
Jurnalist yuki – oğir yuk. Va xalqning dardi bilan yonmagan odam jurnalist bölolmaydi – imkoni yöq buning. Siz hozir işingizni tugatib, dam oliş asnosida bexavotir bu videoni körayotgan paytingizda, jurnalist qalbini ming-bir tuyğu çölğagan, öz uyida ham bexalovat – köpning yuki oğir, ammo uni kötariş – şaraf.












