Bugun insoniyat ongli ravishda atrof-muhitni plastik chiqindilar bilan ifloslantirib boryapti. Ayniqsa polietilendan ishlab chiqarilgan yelim paketlar dunyo bo‘ylab quruqlikda va suv olamida turli jonzotlar hayoti uchun juda katta xavf tug‘dirmoqda.

Joylarda plastik paketlarga qarshi “kurash” ketmoqda. Jumladan, ularning o‘rniga qog‘oz paketlar yoki ko‘p marta ishlatsa bo‘ladigan matodan tikilgan to‘rxaltalar ishlatish tavsiya etilmoqda. Biroq ko‘rilayotgan choralarni yetarli deb bo‘lmaydi.

AQSh tarixida, hali Yer yuzida plastik chiqindilar masalasi dolzarb bo‘lmasidan ancha avval oddiy rezina sharlar tufayli ekologik muammo kelib chiqqan edi.

Insoniyat o‘shandayoq ayrim narsalarning Yer yuzi bo‘ylab to‘xtovsiz sochilishi ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushunib yetishi kerak edi. Biroq boshqa holatlarda bo‘lgani kabi, AQShdagi hodisa hech kimga ibrat bo‘lmadi.

Yo‘q, qisman ibrat bo‘ldi. O‘shanda ekologik va boshqa muammolarga duchor bo‘lgan amerikaliklar hodisadan so‘ng aqllarini yig‘ib olishdi va zinhor bir vaqtning o‘zida osmonga millionlab shar uchirmaydigan bo‘lishdi. Bu hodisa 1986 yilda Ohayo shtatidagi Klivlend shahrida sodir bo‘lgandi.

Hodisadan avval

Barchasi 1984 yilda AQShning Los-Anjyeles shahrida o‘tkazilgan olimpiya o‘yinlaridan boshlangandi. O‘shanda bu shahar o‘z tarixida ikkinchi marta olimpiya musobaqalarini o‘tkazgandi (birinchisi 1932 yilda o‘tkazilgan).

Ma’lumot uchun, 1980 yilda Moskvada o‘tkazilgan olimpiya o‘yinlariga sovet armiyasining Afg‘onistonga bostirib kirishiga qarshi norozilik sifatida AQSh boshchiligidagi 100 dan oshiq davlat sportchilari kelmaydi. Bunga javoban, 1984 yilda Los-Anjyelesda o‘tkazilgan olimpiya musobaqalariga SSSR boshchiligidagi sotsialistik lagerga kiruvchi sanoqli davlatlar o‘z sportchilarini yubormaydi.

Los-Anjyelesda olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi paytida havoga ichiga gaz to‘ldirilgan ko‘plab sharlar uchiriladi va ular yordamida “Welcome” (Xush kelibsiz) so‘zi yoziladi.

1984 yilda Los-Anjyelesda o‘tkazilgan olimpiada sharlar yordamida yozilgan Welcome ("Xush kelibsiz" so‘zi)

Oradan bir yil o‘tgach, 1985 yilda Kaliforniya shtatidagi Anaxaym shahrida joylashgan Disneylend majmuasining 30 yillik yubileyi sharafiga havoga 1 mln (!) dona shar uchiriladi. Bu ish o‘sha paytda ko‘p shar uchirish bo‘yicha rekord natija edi.