Jahon | 20:39 / 20.02.2024
10551
12 daqiqa o‘qiladi

Misrning HAMASga e’tirozi, Braziliya prezidentiga Isroildan taqiq va e’tirozlaridan kechgan Vengriya - kun dayjesti

Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz. 

Falastindagi vaziyat

HAMAS Tel-Aviv bilan muzokaralarni to‘xtatganini e’lon qildi. Bu haqda Qatarning «Al-Arabiy» telekanali o‘z manbalariga tayanib xabar qilmoqda.

Falastin harakati o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish borasida Isroil bilan vositachilar ishtirokidagi muzokaralarni to‘xtatmoqchi.

HAMAS toki G‘azoga insonparvarlik yordam kiritilmagunga qadar muzokaralarni to‘xtatib turishga qaror qilgan.

«Falastin xalqi ochlik va tashnalikdan qiynalib turar ekan, hech qanday muzokaralar o‘tkazish uchun imkoniyat yo‘q», — degan HAMAS vakillari.

HAMAS siyosiy vakili Usoma Hamdan Isroil G‘azodagi tunnellarning bor-yo‘g‘i 20 foizini aniqlay olganini ta’kidlagan.

«G‘azodagi qarshilikning yerosti shaharchasi hamon mavjud va sionistlar tunnellarning murakkab tarmog‘iga duch kelishdi», — degan Usoma Hamdan.

Isroilning sobiq mudofaa vaziri Beni Gans HAMAS bilan urushda Isroil ortga chekinmasligini ta’kidladi.

«Yoki bizning garovda asirlikda ushlab turilgan fuqarolarimiz qaytariladi. Yoki biz harbiy harakatlarni kengaytirib, muqaddas Ramazon oyi yaqinlashayotganiga qaramasdan Rafah shahriga kiramiz», — degan Gans.

AQSh davlat kotibi Isroilning Rafahga hujumiga keskin qarshi ekanini ma’lum qildi. Entoni Blinken Isroil prezidenti Ishoq Hersog bilan suhbati chog‘ida buni ta’kidlab o‘tgan.

Ayni paytda G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni 29 mingdan oshgan. Yaradorlar esa 70 mingga yaqinlashgan.

Qonli urush olib borayotgan Isroil iqtisodiyoti ham og‘ir zarbalarni qabul qilmoqda. Isroil statistik byurosi 2023 yilning so‘nggi choragida iqtisodiyotning o‘sishiga doim ma’lumotlarni oshkor qildi.

Albatta, G‘azoda olib borilayotgan urush Isroil iqtisodiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazmasdan qolmagan. O‘tgan yilning to‘rtinchi choragida Yalpi ichki mahsulot avvalgi chorakka nisbatan 19,4 foizga qisqargan. Garchi urush isroil iqtisodiyotini faqat 10 foizga qisqartiradi deya kutilayotgandi. 2023 yilda iqtisodiyot jami 2 foizga o‘sgan. 2022 yilda bu ko‘rsatkich 6,5 foiz bo‘lgan. 

Misrning HAMASga nisbatan ayblovi

Misr HAMASni Falastinni bo‘lib tashlaganlikda aybladi. Misr tashqi ishlar vaziri Samih Shukriy shunday degan:

«Men HAMAS falastinliklarning va Falastin milliy ma’muriyatining katta qismi o‘rtasida qo‘llovga ega emas, deb o‘ylayotganlarni haq deb hisoblayman».

Diplomatning aytishicha, HAMAS Falastin fraksiyalari o‘rtasida bo‘linishni yuzaga keltirgan Falastin ozodlik tashkiloti bilan mojaro uchun to‘liq javobgar.

Shukriy shuningdek, 2007 yilda G‘azoda HAMASni hokimiyat tepasiga olib kelgan shart-sharoitlardan shubhalanishini ham aytib o‘tgan.

2005 yilda G‘azo sektorida o‘tgan parlament saylovlarida g‘alaba qozongach, HAMAS va FATH o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar ro‘y berdi. Bo‘linish 2007 yilda HAMAS eksklavda hokimiyatni to‘liq egallab olishi bilan yakunlandi.

13 fevraldan buyon Misr poytaxti Qohirada AQSh, Isroil, Misr maxsus xizmatlari rahbarlari, shuningdek, Qatar bosh vaziri va HAMAS delegatsiyasi o‘rtasida muzokaralar boshlangan edi. Uch kun davomida tomonlar yarashuvning yangi murosa rejasini topishga harakat qilishgan. Biroq Qohiradagi uchrashuv aytarli natijalarsiz yakunlangan. 

Qizil dengizdagi vaziyat

Yamanlik husiychilarning «Ansorulloh» harakati Hudayda shahri yaqinida Amerikaning MQ-9 Reaper razvedka dronini urib tushirganini ta’kidlamoqda.

Bu husiychilar tomonidan urib tushirilgan qimmatbaho dronning ikkinchisi. Ilk marta shunday dron 2023 yilning noyabrida urib tushirilgan edi.

Kanada Qizil dengizda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha Xitoyga murojaat qildi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Melani Joli Xitoyga Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berish o‘rniga Qizil dengizda tashuvlarning xavfsizligini ta’minlashda yordam berishni so‘ragan.

Reuters xabariga ko‘ra, Melani Joli Xitoy «Qizil dengiz ochiq bo‘lishi uchun husiychilarga ta’sir o‘tkazishda yordam berishi kerakligi»ni, bu eksportchi sifatida Pekinning ham foydasiga bo‘lishini ta’kidlab o‘tgan.

AQSh prezidentligi uchun yana kurash olib borayotgan Donald Tramp Michigandagi saylovchilar oldida chiqish qilar ekan, Yamanga tashlanayotgan har bir bomba Amerikaga 1 million dollarga tushayotganiga urg‘u berdi.

«Biz Yamanni bombalayapmiz. Har bir bomba bir million dollar turadi. Eng asosiysi bular ko‘plab odamlarni o‘ldirmoqda», — degan Tramp. 

Braziliya – Isroil keskinligi

Braziliya Isroildan o‘z elchisini chaqirib oldi. Bunga sabab — mamlakat prezidenti lula da Silva Isroilning G‘azo sektorida olib borayotgan qonli harakatlarini genotsid deb atagan hamda sodir etilayotgan qonli qilmishlarni Hitlerning yahudiylarga nisbatan qilgan vahshiyligi bilan qiyoslagan.

Shundan so‘ng Isroil Tashqi ishlar vazirligi Braziliya prezidenti Lula das Silvani persona non grata deb e’lon qilgan.

Isroilning Lula da Silva o‘p manziliga aytgan gap-so‘zlar va persona non grata deb topilganiga javoban Braziliya Tel-Avivdagi elchisi Frederiko Meyyerani mamlakatga maslahatlashuv uchun chaqirib olgan. Shuningdek, da Silva o‘z vazirlari hamda maslahatchilarini prezident rasmiy qarorgohida Isroil bilan krizisni muhokama qilish uchun «shoshilinch» uchrashuvga taklif etgan.

Lula da Silva Isroil hokimiyatini genotsidda ayblayotgan birinchi davlat rahbari emas. Ilgari Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham bir necha bor isroilliklarni G‘azodagi falastinliklarni genotsid qilayotganlikda ayblagan. 

AQShdan Ukrainaga yangi raketalar

AQSh Putin bilan muzokaralar barbod bo‘lgach, Ukrainaga Qrimdan ham olisroqdagi nishonlar ura oladigan ATACMS raketalarini berishi mumkin.

AQSh prezidenti Joy Bayden ma’muriyati yanada uzoq masofadagi nishonlarni bexato ura oluvchi ATACMS ballistik raketalarini Ukrainaga yetkazib berish masalasini muhokama qilmoqda, deb xabar beradi NBC News o‘zining mulozimlar orasidagi ikki manbasiga tayanib.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, AQSh o‘tgan yilning kuzida Kiyevga 160 km olisdagi nishonni ura oladigan eski andozadagi taktika raketa tizimlarini yetkazgan. Endi Oq uy Ukrainaga zamonaviy, 300 km masofagacha ucha oladigan raketalarni berish haqida bosh qotiryapti. Bundan raketalar Ukraina armiyasiga «Rossiya okkupatsiyasi ostidagi hududlardan ham olisroqdagi nishonlar»ga zarba bera olish imkoniyatini yaratadi. 

Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari

Ukrainaning Avdiyivka shahri shturm qilinishida Rossiya armiyasi 16 mingga yaqin askaridan ayrilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Rossiyaning harbiy blogerlari yozishmoqda va ular qo‘mondonlikning xatti-harakatlari tergov qilinishini talab etishmoqda.

Rossiya qurolli kuchlari 4-motoo‘qchi brigadasida xizmat qiluvchi harbiy, Z-bloger Andrey Morozovning yozishicha, Rossiya 16 mingga yaqin tiklanmas yo‘qotishlarga uchragan. 300 ga yaqin zirhli texnikasidan ayrilgan. Dushanba kuni u o‘z do‘sti bilan yozishmada 16 ming «200-raqamli yuk» bo‘lganini aytgan. Ya’ni gap faqat o‘lgan 16 ming askar haqida ketmoqda. Yaradorlar soni ikki barobar ko‘p bo‘lishi mumkin.

Ukraina tomoni Avdiyivkada o‘ldirilgan va yarador qilingan Rossiya askarlari soni 50 mingdan oshishini xabar qilgan edi va bunda jon borga o‘xshaydi.

Avdiyivkada Rossiya armiyasi juda katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lganini boshqa Z-kanallar ham yozishmoqda.

«Qani askarlarimiz xotirasiga hurmat?» — deya e’tiroz bildirmoqda ular. Shturm avjiga chiqqan birgina 15 fevral kuni Rossiya armiyasi 1300 askaridan ayrilgan va yana minglab askarlar yarador qilingan. 

Vengriya sanksiyalarga rozi    

Vengriya Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarining 13-paketi joriy etilishiga qarshilik qilmaydigan bo‘ldi. Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto paketda ortiq Vengriyaning manfaatlariga zid holatlar qolmaganini ta’kidlagan.

«Sanksiyalarning 13-paketini tayyorlash jarayonida Vengriyaning iqtisodiy manfaatlariga daxl qiluvchi barcha unsurlarni undan chiqarib tashlashga muvaffaq bo‘ldik. Shu sababli endi unga veto qo‘yishdan ma’ni qolmadi deb hisoblaymiz. Lekin baribir Yevropa Ittifoqi noto‘g‘ri qaror qabul qilyapti, deb o‘ylayman», — degan Siyyarto.

Vengriya tashqi ishlar vazirining qo‘shimcha qilishicha, agar Budapeshtning ulushi boshqa maqsadlarga yo‘naltirilsa, Vengriya Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatiladigan Yevropa tinchlik fondiga 5 mlrd yevro mablag‘ ajratilishiga ham to‘sqinlik qilmaydi. 

AQSh Xitoyga sanksiya tayyorlamoqda

Vashington Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ruslarni qo‘llab-quvvatlayotgan Xitoy kompaniyalariga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda, deb xabar beradi CNBC amerikalik kongressmenlarga tayanib.

Vakillar palatasining xalqaro munosabatlar bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi kongressmen Jyerald Konnollining aytishicha, qonunchilar Yevropa Ittifoqi muhokama qilayotganga o‘xshash choralarni o‘ylab ko‘rishmoqda.

«Xitoy shuni tushunishi kerakki, Rossiyaga joriy etilgan va Rossiyadagi ishlab chiqarish, iqtisodiy ko‘rsatkichlar va hayot sifatiga ta’sir o‘tkazayotgan sanksiyalar Xitoyga ham joriy etilishi mumkin», — degan Konnolli. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning yo‘qotadiganlari Rossiyaga nisbatan ko‘proq. 

Rossiya bilan hisob-kitoblar qiyinlashmoqda

O‘tgan yilning oxirida Rossiya bilan to‘lov operatsiyalarini yoppasiga bloklayotgan turk banklari rossiyalik neftchilarga ham yetib bordi.

Rossiyaning neft eksportchilari bir muddatdan buyon sotgan barrellari uchun Turkiyadan pul ololmay qolgan, deb xabar beradi Reuters. Nashr manbasiga ko‘ra, muammo «ikki-uch haftadan buyon» bo‘y ko‘rsatmoqda.

Vaziyat bilan tanish Turkiyadagi manbaning vaziyatni tasdiqlab aytishicha, energiya tashuvchilar uchun to‘lov murakkabliklari AQShdan dekabr oyida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzganlik uchun qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirish olinganidan so‘ng paydo bo‘lgan.

«Tasdiqlangan to‘lov usullarini o‘zgartirishga yoki ularni keyinroqqa qoldirishga to‘g‘ri kelmoqda, lekin yetkazib berish davom etmoqda», — degan turk manbasi. Hozircha Turkiyaga neft yetkazib berish to‘xtatilmagan.

Birlashgan Arab Amirliklarining eng yirik banklari rossiyaliklarning hisobvaraqalarini yopa boshladi, deb xabar beradi Vedomosti.

Jismoniy shaxslar va kompaniyalar cheklovlarga duch kela boshlashgan. Hisob-kitoblarning to‘xtatilishi to‘lovlarning asosiy kanali bo‘lib kelgan «Ak bars» bankining sanksiya ostiga tushgani bilan bog‘liq.

Mavzuga oid