O‘zbekiston | 13:07 / 22.02.2024
6313
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha O‘zbekistondan ishchi kuchi oqimini bir necha barobar oshirmoqchi

Varshava shahrida O‘zbekistondan qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekiston elchixonasida Yevropaning yirik kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, Polshaning siyosiy doiralari vakillari ishtirokida qonuniy mehnat migratsiyasi mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

«Dunyo» xabariga ko‘ra, polshalik ishbilarmonlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot chog‘ida, qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etish, bu boradagi muammolar, shuningdek, ularni hal etish yo‘llari muhokama qilindi.

Diplomatik missiya rahbari Amirsaid A’zamxo‘jayev o‘z chiqishida Polsha siyosiy va ishbilarmon doira vakillariga O‘zbekiston tomonining ushbu mamlakat bilan qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etishdan manfaatdorligini ta’kidladi. 

Polsha-Osiyo Savdo-sanoat palatasi prezidenti Yanush Pixochinskiy o‘z ma’ruzasida O‘zbekistondan ishchi kunini jalb etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

«Tadbirda xorijdan ishchilarni jalb qilishdan manfaatdor ko‘plab kompaniyalar ishtirok etmoqda. Polshada O‘zbekiston fuqarolari bilan hech qanday muammo bo‘lmagan. So‘nggi yillarda 20 mingdan ortiq kishi mamlakatimizga ishlash uchun kelgan. Biz ishchi kuchi oqimini bir necha barobar oshirmoqchimiz. Muhokamalar chog‘ida hukumatlarimiz, vazirliklarimiz o‘rtasida kelishuv imzolash, eng avvalo, O‘zbekiston fuqarolarining Polshaga kelishini tezkorlik bilan tashkil etish bo‘yicha oddiy chora-tadbirlar rejasini tayyorlash kerak degan yakuniy xulosaga keldik», - dedi Yanush Pixochinskiy.

«Esfaut» bandlik agentligi rahbari Stanislav Levinskiy, o‘z navbatida, elchixona tomonidan tashkil etilgan tadbir Polshaga malakali mutaxassis kadrlar qanchalik zarurligini ko‘rsatganini bildirdi. «Biz O‘zbekistondan ishchilarni jalb qilishdan manfaatdormiz. Shuningdek, O‘zbekistondan qonuniy mehnat muhojirlari oqimini ko‘paytirishga yordam berishga ham tayyormiz», - dedi agentlik rahbari.

Muhokamalar natijasida ushbu jabhadagi hamkorlikdagi ishlarni davom ettirish va muntazam ishchi uchrashuvlar o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid