Britaniya kompaniyalari yuzlab million funtlik asbob-uskunalar va mashinalarni Rossiyaga yetkazib bermoqda, deb xabar berdi Sky News.

Qayd etilishicha, dronlar va og‘ir texnikalar uchun uskunalar Buyuk Britaniyadan Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlariga, jumladan, Qirg‘iziston, Armaniston, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarga jo‘natilmoqda. U yerdan esa mazkur jihozlar Rossiyaga yo‘naltiriladi.

Statistik raqamlarga ko‘ra, Rossiyaga qarshi savdo sanksiyalari joriy etilganidan keyin tovarlar oqimi keskin qisqarganiga qaramay, Britaniyadan katta hajmdagi «ikki xil maqsadda foydalansa bo‘ladigan» tovarlari hali ham Moskvaga yo‘l olmoqda. Bu esa Rossiya armiyasini ehtiyot qismlari va jihozlar bilan ta’minlashga yordam beradi.

«Sanksiya natijasida Britaniya tovarlarining Rossiyaga kirib kelishi 74 foizga kamaydi. Hozirda eksportning katta qismini oziq-ovqat, tibbiy buyumlar va boshqa gumanitar tovarlar tashkil etadi. Og‘ir texnika, elektr jihozlari va avtomobillar yetkazib berish deyarli nolga tushdi», deyiladi maqolada.

Yuqoridagi raqamlar sanksiyalar rejimining muvaffaqiyatli bo‘lganligini ko‘rsatib turibdi, ammo rasmiy savdo statistikasini chuqurroq tahlil qilish boshqa fikrlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Ya’ni Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport kamaygan bo‘lsa-da, Rossiyaning bir qator qo‘shni mamlakatlari – Gruziyadan tortib O‘zbekistongacha eksport o‘ta yuqori darajada o‘sgan.

Xususan, Britaniyadan Qirg‘izistonga eksport 1100 foizdan ko‘proqqa oshgan. Eksport tarkibida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiyaga jo‘natib bo‘lmaydigan og‘ir texnika va transport vositalari ustunlik qiladi.

IFF’ning sobiq bosh iqtisodchisi Robin Bruksning so‘zlariga ko‘ra, boshqa Yevropa davlatlari, ayniqsa Germaniya va Polshadan ham Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari orqali Rossiyaga katta miqdordagi uskunalar kirib borayotgan bo‘lishi mumkin.

«Ular aniq bir buyurtmani Markaziy Osiyo mamlakatlaridan birida ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotdan olayotgan bo‘lishi mumkin», degan Bruks.

Rossiyaga yaqin boshqa davlatlarga ham eksport keskin oshgan