DXX korrupsiya va firibgarlikda gumonlangan mansabdorlarni qo‘lga oldi
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Farg‘ona, Jizzax va Samarqand viloyatlarida elektr korxonasi bo‘lim boshlig‘i, hokim yordamchisi, hibsxona boshlig‘i va Milliy gvardiya qo‘riqlash bo‘limi xodimi ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan joylarda korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi.
Farg‘ona viloyatining Rishton tumani elektr tarmoqlari korxonasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi shaxs yakka tartibdagi tadbirkorning kulolchilikka ixtisoslashgan ustaxonasi elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanganligi bois, unga nisbatan rasmiylashtirilgan dalolatnoma bo‘yicha 2 mlrd so‘m miqdorida jarima solinishi mumkinligini aytib, ushbu jarimani kamaytirib berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘idan 6600 AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hamkorlikda o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa, Marg‘ilon shahar «Nadirmat» mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga Farg‘ona shahar Qirguli mavzesida joylashgan 0,5 sotix bo‘sh yer maydonini Ye-auksion platformasi orqali yutib, kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 2 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Jizzax viloyatida kuzatilgan holatda, Sharof Rashidov tumani Ichki ishlar bo‘limi Vaqtincha saqlash hibsxonasi boshlig‘i hozirda ayblov e’lon qilinib, mazkur hibsxonada saqlanayotgan shaxsga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqayotgan sudya tomonidan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishida yordam berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘idan 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur mansabdor shaxs muqaddam o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, hibsxonada saqlanayotgan ushbu fuqaroning oila-a’zolari bilan uchrashishi hamda uyidan olib kelingan oziq-ovqat mahsulotlarining kiritilishi uchun ruxsat berish evaziga 400 AQSh dollari olganligi ham ma’lum bo‘ldi.
Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati Ishtixon tumanlararo Qo‘riqlash bo‘limi xodimi mahalliy fuqaroga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qism “v” bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 1,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
23:25 / 09.11.2024
Samarqandda Qurolli kuchlar xizmatchisi, soliqchi, Milliy gvardiya va kadastr xodimlari pora bilan ushlandi
16:46 / 09.11.2024
Uchta viloyat va Toshkent shahrida giyohvand modda savdosi bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi
10:23 / 07.11.2024
DXX: Qo‘qonda xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari ozodlikdan mahrum etildi
14:41 / 06.11.2024