Jahon | 15:38 / 26.02.2024
15469
7 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyning matbuot anjumani va Konstantinovka bo‘ylab yopirilma zarbalar. Urush suratlari

Ukrainadagi urushning 732-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Rossiya qo‘shini Ukrainaga dron va raketalar bilan hujum qildi. Ukraina qurolli kuchlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari 16 ta dron va ikkita raketani urib tushirgan. Jabrlanganlar haqida ma’lumotlar kelib tushmagan.
  • Rossiyalik harbiylar anneksiya qilingan Qrim shimoli-g‘arbidagi Chernomorske posyolkasidagi «Krepost» kafesiga kelgan mijozlarni kaltakladi. Hujum holati bo‘yicha bezorilik moddasi asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hodisaning barcha ishtirokchilari shaxsiga aniqlik kiritilgan, janjal keltirib chiqargan ikki kishi qo‘lga olingan.
  • Rossiya qo‘shini Donetsk oblastining Konstantinovka shahri bo‘ylab yopirilma zarba yo‘lladi. Vokzal, ibodatxona va 12 ta ko‘p kvartirali uylar shikastlangan.
  • Yekaterinburglik sobiq deputat, pensioner ayolni o‘ldirishni tashkillashtirishda ayblanib qamalgan Oleg Kinev Ukrainadagi urushga yo‘l oldi.
  • Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov Kiyevda 2024 yil uchun «kuchli» reja tayyor ekanini ma’lum qildi.
  • Ukraina bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov Aleksey Navalniyning o‘limi yuzasidan munosabat bildirdi. Razvedka ma’lumotiga ko‘ra, u tabiiy o‘lim topgan — tromb ko‘chishi oqibatida. U boshqa tafsilotlarni keltirmagan.
  • Volodimir Zelenskiy keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon 31 ming nafar ukrain harbiysi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Zelenskiy urushning ikki yili yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida

Kiyevdagi «Ukraina. 2024 yil» forumi doirasidagi matbuot anjumanida Volodimir Zelenskiy ilk bor Ukraina qurolli kuchlarining keng ko‘lamli bosqin boshidan buyon halok bo‘lgan harbiy xizmatchilari sonini ochiqladi — 31 ming kishi. U yaralangan va bedarak yo‘qolgan harbiylar soniga oydinlik kiritmagan.

Bundan tashqari, Zelenskiyning ma’lumotiga ko‘ra, harbiy harakatlarning ikki yili davomida 180 ming nafar rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. RF mudofaa vazirligi so‘nggi bor 2022 yil sentabrida qurbonlar soni haqida ma’lumot bergandi. O‘shanda vazirlik 5937 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA

Quyida uning chiqishidan asosiy gaplar keltiriladi:

«Har bir inson — Ukraina uchun katta yo‘qotish. Bu urushda 31 ming nafar ukrain harbiysi halok bo‘ldi. Putin aldayotgani kabi 300 yoki 150 ming kishi emas. Yaradorlar to‘g‘risida gapirmayman, aks holda Rossiya jang maydonidan qancha kishi ketganini bilib qoladi. Rossiyaliklarda 180 ming kishi halok bo‘lgan, yaralanganlar — 500 minggacha.

Bizda bu yil uchun reja bor. Sizga detallarni ayta olmayman, chunki ukrain armiyasining rejalari haqida qanchalik oz odam bilsa, g‘alabamiz va rossiyaliklar uchun kutilmagan natijalar shu qadar tez bo‘ladi. Ochig‘ini aytganda, bizning o‘tgan yildagi qarshi hujumdagi harakatlarimiz Kremldagi stolda qarshi hujum harakatlari boshlanishidan oldinroq muhokama qilingandi. Nuqta.

Agar tun yarmida Putin qo‘ng‘iroq qilsa, go‘shakni ko‘taramanmi? Axir unda mobil telefon yo‘q-ku, u menga qanday qo‘ng‘iroq qilsin? 1917 yilgi telegrafdan esa men foydalanmayman. U menga qo‘ng‘iroq qilmaydi, u bu urushni to‘xtatishni istamaydi. 

Rossiyaliklar bilan muloqotga kelsak, ular bilan nima haqda gaplashishim kerak? Ularda qamoqxonada o‘tirgan muxolif siyosatchi bor edi. Kreml uni o‘ldirdi. Va jamoatchilik, insonlar sifatida ularning javobi qani? Bu axir ularning fuqarosi, ularning vatandoshi va ular bunga parvo qilmaydi. Va ular albatta saylovga borishadi, biz esa natija qanday bo‘lishini bilamiz. Kreml messejlarida hammayoqda 2030 yil haqida gap ketadi. Ular Putin shu yilgacha ishlashini rejalashtirishmoqda. Biz esa buni tezroq tugatishni istagan bo‘lardik.

Urushning birinchi yili — shunchaki omon qolish uchun kurashish edi. Ukrainaning yuz minglab kishilar yashovchi shaharlari yegulik va suvsiz ihotalanib qoldi, bu dahshat edi. Ikkinchi yil — bu chidash yili. Bu barcha yo‘nalishlarda namoyon bo‘ldi. G‘arb birlashdi, texnikalarni ishlab chiqarish hajmi oshirildi. Uchinchi yil — burilish yili, saylovlar yili, fokus o‘zgarishi, tashqaridan va ichkaridan kelayotgan qiyinchiliklar yili. Omon qolish uchun bizdan jasorat va matonatli bo‘lish talab etiladi. Yaqin oylar qiyin bo‘ladi, chunki AQShda ikkilanish bor. Mart-aprel oylarida biz siyosiy va moliyaviy to‘lqinlar, turlicha bosimlarni boshdan kechiramiz. May oxirida yoki yoz boshiga Rossiya o‘z yurishini tayyorlaydi. Agar qo‘lidan kelsa».

Konstantinovka o‘qqa tutilishi

25 fevralga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Donetsk oblastining Konstantinovka shahrini o‘qqa tutdi. Mahalliy politsiyaga ko‘ra, temiryo‘l vokzali binosi vayron bo‘lgan, pravoslav ibodatxonasi, bir qancha turar joylar, ma’muriy va savdo binolari shikastlangan. Bir kishi jarohat olgan.

Konstantinovkadagi ko‘chada zarba kelib tushgan joyga kelgan o‘t o‘chirish mashinasi
Wolfgang Schwan / Anadolu / Vida Press
Konstantinovka ustida uchayotgan o‘t o‘chiruvchi vertolyot
Hector Adolfo Quintanar Perez / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Zarba joyida narvon ko‘tarib ketayotgan o‘t o‘chiruvchilar
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA
Rossiya raketasidan vayron bo‘lgan vokzal binosi
Diego Herrera Carcedo / Anadolu / Vida Press
Konstantinovkadagi supermarketning raketa zarbasidan keyingi ko‘rinishi
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA
Konstantinovka aholisi vakili Rossiya raketasidan shikastlangan binolardan biriga qarab turibdi
Diego Herrera Carcedo / Anadolu / Getty Images
Vokzalning vayron bo‘lgan binosi
Diego Herrera Carcedo / Anadolu / Vida Press
Konstantinovkadagi vokzal binosida ishlayotgan o‘t o‘chiruvchi
Svet Jacqueline / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Kramatorsk vokzalida yaqinlari bilan xayrlashayotgan ukrain harbiylari

Svet Jacqueline / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Mavzuga oid