22:11 / 28.02.2024
40143

Apple elektromobil ishlab chiqarish loyihasidan voz kechdi 

Kompaniya sun’iy intellekt sohasidagi ishlanmalar bilan shug‘ullanishga e’tibor qaratgani ta’kidlanmoqda. 

Foto: Apple

Apple 10 yil avval boshlangan elektromobil yaratish bo‘yicha o‘z tarixidagi eng ulug‘vor loyihalardan birini qisqartirishga qaror qildi. Bu haqda BBC xabar berdi. 

Apple tomonidan maxfiy ravishda olib orilgan Project Titan loyihasida ikki mingga yaqin odam ishlagan, kompaniyada ular Special Projecs Group nomi bilan tanilgan edi. Endi ulardan ba’zilari sun’iy intellekt sohasidagi ishlanmalar bilan shug‘ullanuvchi bo‘limga o‘tkaziladi. 

Apple kompaniyasining o‘zi bu xabarlarga izoh bermadi. 

Qayd qilinishicha, so‘nggi paytlarda elektromobillarga talab pasayib ketdi va elektr transport vositalari bozori tobora raqobatdosh bo‘lib bormoqda. Hatto ishbilarmon Ilon Mask asos solgan Tesla xitoylik ishlab chiqaruvchilarning keskin raqobati tufayli dunyoning asosiy bozorlarida, jumladan, Yevropa Ittifoqi va Xitoyda elektromobillari narxini pasaytirishga majbur bo‘ldi. 

Apple kremniy vodiysida o‘zini o‘zi boshqaradigan avtomobillarga bo‘lgan katta qiziqish fonida elektromobil yaratish loyihasini ishga tushirgan, elektromobilni 2024 yoki 2025 yilda chiqarishni rejalashtirayotgan edi. 

Kompaniya tadqiqot va ishlanmalarga milliardlab dollar sarflagan, dastlabki konsepsiya rul va pedallarsiz avtomobil yaratishni nazarda tutgan, biroq keyinchalik bu g‘oyadan voz kechishga to‘g‘ri kelgani ta’kidlanmoqda.

Hozircha Apple sun’iy intellekt sohasida boshqa texnologiya gigantlaridan sustroq harakat qilmoqda.

Top