Jahon | 11:24 / 29.02.2024
3769
4 daqiqa o‘qiladi

Yevropa ittifoqi Ukraina uchun qurolni Rossiya pullaridan keladigan daromadga sotib olmoqchi

Yevrokomissiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, muzlatilgan Rossiya mablag‘lari bir foizini Ukrainaga harbiy yordam uchun ishlatish bo‘yicha muzokaralar boshlanishi kerak. Fon der Lyayyen, shuningdek, Yevropa Ittifoqining mudofaa qobiliyatini oshirishga chaqirdi. 

Foto: RONALD WITTEK / REUTERS / SCANPIX

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqida muzlatib qo‘yilgan Rossiya jamg‘armalaridan foizlarni Kiyevga harbiy yordamga yuborishni taklif qildi. «Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan mablag‘ni Ukrainaga birgalikda harbiy texnika sotib olish uchun ishlatish bo‘yicha munozaralarni boshlash vaqti keldi», dedi u 28 fevral, chorshanba kuni Strasburgdagi Yevropa parlamentida so‘zlagan nutqida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Ukraina va butun Yevropani yashash uchun xavfsizroq joyga aylantirish» uchun ishlatish «bu puldan foydalanishning kuchli ramzi» bo‘ladi. Biroq, bu mablag‘lar qanday to‘lanishi hozircha noma’lum. Fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqining Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va’dasini takrorladi. «Biz Rossiyaning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak», dedi u. 

Fon der Lyayyen: Mudofaa qobiliyatini oshirish kerak 

Shu bilan birga, YeK rahbari Yevropa Ittifoqining mudofaa sanoati salohiyatini keng miqyosda oshirish va Yevropa mudofaa sanoatini mustahkamlash zarurligini ma’lum qildi. Yevropa Ittifoqida urush tahdidi bo‘lmasligi mumkin, ammo «bu yuz berishi ehtimoli bor», dedi u. «Xavflarni bo‘rttirib ko‘rsatmaslik kerak, lekin biz ularga tayyor bo‘lishimiz lozim. Va bu a’zo davlatlar qurolli kuchlarini qayta qurish, to‘ldirish va modernizatsiya qilishning shoshilinch zaruratidan boshlanadi», - deya qo‘shimcha qildi u. 

Fon der Lyayyen fikricha, Yevropa xavfsizligining kelajakdagi arxitekturasi ustida «tezkorlik va siyosiy iroda bilan» ishlash zarur, bu esa yaqin besh yil ichida mudofaa sanoati salohiyatini yuksaltirishni bildiradi. Yevropa komissiyasi rahbari yaqin haftalarda birinchi Yevropa mudofaa sanoati strategiyasi bo‘yicha takliflarni taqdim etishga va’da berdi. Shu bilan birga, asosiy vazifalardan biri qurollarni birgalikda xarid qilish bo‘lishi kerak. Fon der Lyayyenning fikricha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari armiyalarini qayta qurollantirish va kuchaytirish zarur. 

G‘arb YeIda muzlatilgan mablag‘lardan foydalanishni muhokama qilmoqda 

2022 yil fevral oyi oxirida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumidan so‘ng G‘arb davlatlari Rossiya banki oltin-valuta zaxiralarining deyarli yarmini – taxminan 300 milliard dollarni muzlatib qo‘ydi. Ushbu mablag‘larning uchdan ikki qismi - Yevropada. Yevropa Ittifoqi davlatlari va AQSh 2022 yildan beri ushbu aktivlardan foydalanish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Qo‘shma Shtatlar bu mablag‘larni Ukrainaga jo‘natishni so‘rayapti, biroq Yevropa Ittifoqi qonuniy sabablarga ko‘ra ularni musodara qilishdan bosh tortyapti va faqat ushbu mablag‘lardan hisoblangan foizlardan foydalanish niyatida. 

Fevral oyi o‘rtalarida YeI kengashi Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki muzlatilgan aktivlaridan olingan foydadan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanishning huquqiy asoslarini yaratuvchi rezolyutsiyani ma’qulladi. Hujjatda Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki aktivlari va zaxiralariga egalik qiluvchi qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariylarining Yevropa Ittifoqi cheklov choralari tufayli muzlatilgan majburiyatlari aniqlashtirilgan. Xususan, «Markaziy bank aktivlari bir million yevrodan ortiq bo‘lgan markaziy depozitariylar Yevropa Ittifoqining cheklov choralari natijasida to‘plangan favqulodda naqd pul qoldiqlarini alohida hisobga olishi va tegishli daromadlarni alohida saqlashi kerak», — deyiladi Yevropa Ittifoqi kengashi qarorida. Bundan tashqari, depozitariylarga «qabul qilingan sof foydani tasarruf etish taqiqlanadi», deyiladi. 

Rossiyaning Yevropa Ittifoqi hududida muzlatilgan aktivlaridan daromad 4,4 milliard yevroni tashkil etdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid