O‘zbekiston | 23:14 / 01.03.2024
7744
2 daqiqa o‘qiladi

«Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston» temiryo‘l liniyasini qurish uchun qo‘shma korxona tashkil etiladi

Uch davlat hukumati delegatsiyasi ushbu masala bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Foto: gov.uz

1 mart kuni Xitoyning Qoshg‘ar shahrida O‘zbekiston, Xitoy va Qirg‘iziston hukumatlari delegatsiyalarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Aqilbek Japarov, Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni partqo‘m kotibi Ma Sinjuy ishtirok etdi.

Yig‘ilishda «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida qurilishi rejalashtirilgan «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temiryo‘l liniyasi ham muhokama etildi. Qayd qilinishicha, temiryo‘l liniyasini qurish va undan foydalanish uchun qo‘shma korxona tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Tomonlar 2024 yilda temiryo‘l liniyasini qurish yuzasidan amaliy ishlarni boshlash muhimligini qayd etdi.

O‘zbekiston tomoni Xitoydan hududda multimodal transportni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.

Shuningdek, «Irkeshtom» nazorat-o‘tkazish punkti faoliyatini yanada takomillashtirish, qulay shart-sharoitlar yaratish, o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishga kelishildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid