Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ramazonni qarshi olgan G‘azo, Trampning Orbanga va’dasi va Rossiyada iste’foga chiqqan admiral - kun dayjesti
Kirib kelgan Ramazon oyi bilan barchangizni tabriklab, dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.
Falastindagi vaziyat
G‘azo sektori ayni damda dunyoning yashash eng xavfli hududiga aylanib bo‘ldi. Shundog‘am juda kichik hududda yashaydigan 2 millionga yaqin odam hozir G‘azoning bir burchagidagi Rafah shahridagi omon qolgan binolar yoki palatkalarda jon saqlashga majbur. G‘azo musulmonlari islom olami uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyini mana shunday kutib olmoqda.
Ushbu tasvirlarda g‘azolik bolalar o‘zlari duch kelgan qiyinchiliklarga qaramasdan, shifoxona hovlisida Ramazon oyi kirib kelganini nishonlayotganini ko‘rish mumkin.
Isroil qurolli kuchlari okkupatsiya ostidagi Quddus shahrida Al-Aqso masjidida ibodat qilishga to‘sqinlik qilishmoqda. Tarovih namozlariga 40 yoshdan oshgan shaxslar qo‘yilmoqda.
G‘azo sektorida otashkesim o‘rnatish masalasi Ramazongacha hal bo‘lmay depsinib qoldi.
HAMAS siyosiy byurosi yetakchisi Ismoil Haniya hozircha Isroil Falastin harakatiga sulh imzolanishi uchun hech qanday kafolat taqdim etmaganini ma’lum qildi. Bu HAMAS G‘azo sektorida garovda ushlab turilganlar ozod etilishi hamono Isroil harbiy harakatlarni qaytadan boshlashini anglatadi.
Haniyaning alohida qayd etishicha, bunday kelishuv «G‘azo sektorida urushga yakun yasay olmaydigan bitim tuzishni qat’iyan istamayotgan HAMAS uchun mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi».
HAMAS kelgusida G‘azo ustidagi boshqaruvni boshqa partiyalar bilan ham bo‘lishmoqchi.
HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Hussom Badran kelgusida harakat G‘azo sektorini yakka o‘zi boshqarish rejasi yo‘qligini, biroq urushdan keyin sektorda nimalar bo‘lishi «Falastinning ichki ishi ekanini» ta’kidlab o‘tgan.
«An-Naja» nashriga ko‘ra, HAMAS Falastin parlamentidagi barcha fraksiyalar bilan ijobiy munosabatlar o‘rnatish va hamkorlik qilishga intiladi. Maqolada qayd etilishicha, Badran oldiga muayyan vazifalar qo‘yilgan muvaqqat hukumatni shakllantirishga, jumladan G‘azo Sektori hamda G‘arbiy sohilning institutlarini birlashtirishga chaqirgan.
Qizil dengizdagi vaziyat
Husiychilar Ramazon oyida ham o‘zlari dushman deb biladigan davlatlarning kemalariga hujum uyushtirishda davom etishlarini ma’lum qilishdi.
Yamanlik husiychilarning «Ansorulloh» harakati yetakchisi Abdulmalik al-Husiy muqaddas Ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rish munosabati bilan davlatning rahbarlari va olimlari ishtirokidagi kengaytirilgan yig‘ilishida ishtirok etdi.
Yig‘ilishda chiqish qilgan al-Husiy Ramazon oyi mobaynida husiychilar AQSh, Buyuk Britaniya va Isroilga hujumlar kuchaytirilishini ma’lum qildi.
Qizil dengizda tijoriy kemalarga hujum miqdorini oshirib borayotgan yamanlik husiychilar harbiy mashqlar ham o‘tkazishgan. Aftidan, ularning hujumlari faqat Qizil dengiz bilangina chegaralanib qolmaydiganga o‘xshaydi.
Ular harbiy mashq davomida Isroildagi Negev cho‘li hamda yahudiylar davlatining bosh yadroviy markazi joylashgan Dimon shahriga hujumni mashq qilishgan.
Qora dengizdagi vaziyat
Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat Qora dengiz floti o‘z kemalarining 30 foizidan ayrilgach, Rossiya harbiy dengiz floti bosh qo‘mondonini iste’foga chiqardi.
2019 yildan buyon flot bosh qo‘mondoni bo‘lib ishlab kelayotgan, avval Shimoliy lot va Tinch okeani flotining suv osti kuchlariga rahbarlik qilgan 61 yoshli admiral Nikolay Yevmenovning iste’foga chiqarilganini bir necha manba xabar qilgan.
Uning o‘rniga 2011 yili Rossiya qahramoni unvonini olgan yana bir suv osti flotiga rahbarlik qilgan admiral Aleksandr Moiseyev tayinlangan.
Rossiya harbiy dengiz flotining bosh qo‘mondoni almashinuvi Qora dengiz floti so‘nggi bir oy ichida ikkita muhim kemasidan ayrilgach ro‘y bermoqda. So‘nggi ikki yillik urush davrida Rossiya Qora dengiz floti 20 dan ziyod muhim kemalari va bir suv osti kemasidan, jumladan, flot flagmani «Moskva» kreyseridan ayrilgan.
Ayni paytda Qora dengiz flotining omon qolgan kemalari langar tashlab, harbiy navbatchilikka chiqmayapti. Bu o‘tgan hafta ichida «Sergey Kotov» korveti Ukraina harbiylari hujumiga uchrab, cho‘ktirib yuborilganidan so‘ng sodir bo‘lgan. Jumladan, kecha yakshanba kuni Qora dengiz havzasida Rossiya Harbiy dengiz flotining birorta kemasi suzmagan. Rossiyaning raketa tashuvchi kemalari esa 20 kundirki o‘zlari joylashgan bazalarni tark etmayapti.
Fransiya yangi alyans to‘plamoqda
Fransiya Ukrainaga qo‘shin jo‘natish uchun g‘arb davlatlari alyansini to‘plamoqchi.
Birinchi navbatda Boltiqbo‘yi davlatlari o‘z qo‘shinlarini Ukrainadagi urushga jo‘natishga rozi, deb yozmoqda Politico nashri.
Fransiya tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurne Litvada Ukraina va boltiqbo‘yilik hamkasblari bilan uchrashgan va Boltiqbo‘yi davlatlari qo‘shinlari Ukraina hududiga kiritilishi va ularning jumladan, hududni minalardan tozalashda ishtirok etishlari masalasini muhokama qilgan.
«Rossiya yaqin yillar va oylar ichida Ukrainaga qanday yordam ko‘rsatishimiz mumkinligini bizga ko‘rsatmasligi kerak. Rossiya bizning harakatlarimizni tashkillashtirishga urinishi yoki qizil chiziqlar o‘rnatmasligi kerak. Biz buni o‘zaro hal qilamiz», — degan Sejurne.
Rossiyani tiyish uchun ayniqsa Boltiqbo‘yi davlatlari jonbozlik ko‘rsatishmoqda. Chunki bu davlatlar Rossiya bilan chegaradosh va Rossiya NATO a’zosi bo‘lgan bu kichik davlatlarga ochiqdan ochiq tahdid qilib keladi.
Fevral oyi o‘rtalarida Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiya va Belarus chegarasida 1000 dan ortiq beton bunkerlar qurishga qaror qilishgan. Bunday bunkerlarning har biri 37 metr kvadrat maydonga ega bo‘lib, 10 nafar askarni artilleriya zarbalaridan asray oladi.
Shuningdek, «Boltiqbo‘yi mudofaa chizig‘i» yaratiladi va unga potensial agressorni tiyib turish uchun barcha vositalar: tanklarga qarshi minalar, xandaqlar, tikanli simlar, «ajdarho tishi» deb ataluvchi beton va temirbeton piramidalardan foydalaniladi. Chegaralar yaqinida o‘q-dori omborlari ham joylashtiriladi.
Tramp urushga nuqta qo‘yadimi?
AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp agar saylovda g‘olib chiqib, Oq uyga qaytadigan bo‘lsa, Ukrainadagi harbiy harakatlarni moliyalashtirishni to‘liq bas qiladi. Bu haqda u bilan Amerikada uchrashgan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ma’lum qilgan.
«Agar Donald Tramp yana prezident bo‘lsa, u yevropaliklarning xavfsizligini moliyalashtirishni istamaydi va AQSh tomonidan Ukrainada urush olib borish uchun pul ajratilishiga qarshi chiqadi», — degan u.
Amerikaning joriy prezidenti Jo Bayden Vengriya bosh vazirining Donald Tramp bilan bu uchrashuvini izohladi.
Jo Baydenga ko‘ra, Orban «demokratiya qanday ishlashi haqida o‘ylamayapti va diktaturalarni qidirmoqda».
Shu o‘rinda Vengriyaga oid yana bir xabar. Vengriya prezidenti bu vazifaga tayinlanishini kutmagani va bunga tayyor emasligini ma’lum qildi.
Buni mamlakat parlamenti tomonidan prezident etib saylangan Tamash Shuyok Budapeshtdagi prezident saroyi oldida bo‘lib o‘tgan inauguratsiya marosimida aytib o‘tgan...
AQShsiz NATO?
Amerika yevropaliklarni Rossiya tahdididan qutqarishni bas qilishi va hattoki NATOni tark etishi haqidagi gap-so‘zlar ko‘payganidan ko‘paymoqda.
The Telegraph nashri ham Yevropa AQShning NATOni tark etishiga tayyor bo‘lishi kerakligi haqida maqola e’lon qildi. Nashr bu voqea agar Donald Tramp prezident etib saylangan taqdirda sodir bo‘lishi mumkinligiga urg‘u berdi.
Nashrning manbalari bo‘lgan NATO davlatlari diplomatlari sobiq prezident yana iqtidorga kelib qolgan taqdirda u hozirdanoq qilayotgan tahdidlar fonida Yevropa poytaxtlari mavjud mudofaa imkoniyatlarini qayta ko‘rib chiqish va rejalar tuzishi kerakligiga urg‘u berishgan.
O‘tgan hafta ichida Tramp respublikachilar partiyasidan noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik sayloviga yagona nomzod sifatida qariyb tasdiqlandi. Uning Oq uyga qaytish istiqboli Ukrainani qo‘llash va NATO davlatlariga sodiqlik masalasida Yevropada tobora bezovtalik keltirib chiqarmoqda.
Mavzuga oid
14:40 / 12.06.2026
Trampning «ajoyib kelishuvi» va Meksikada boshlangan futbol bayrami – kun dayjesti
16:14 / 11.06.2026
Yaqin Sharqda urush harakatlari tiklanyapti, Pokiston yana qo‘shnisini bombaladi – kun dayjesti
14:23 / 10.06.2026
Ho‘rmuzda urib tushirilgan «Apache» va Dog‘istonda katta portlash – kun dayjesti
15:29 / 09.06.2026