Jahon | 13:26 / 12.03.2024
3691
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: iyulgacha Ukraina va’da qilingan 45 ta F-16 qiruvchisidan 6 tasini oladi

Iyulgacha Ukraina Yevropa davlatlari va’da qilgan 45 ta F-16 qiruvchisidan oltitasini oladi, deb yozadi The New York Times. Kechikishlar uchuvchilarni tayyorlash jarayonining uzoq davom etishi bilan bog‘liq. 

Foto: Horacio Villalobos/Corbis, via Getty Images

Yoz o‘rtalariga borib, 12 nafar ukrainalik uchuvchi Daniya, Britaniya va AQShda 10 oylik mashg‘ulotlardan so‘ng F-16 qiruvchi samolyotlarida jangovar missiyalarni bajarishga tayyor bo‘lishi kutilmoqda. Bundan tashqari, ular front chizig‘iga qaytgunga qadar Ukraina Yevropa ittifoqchilari va’da qilgan 45 ta samolyotdan faqat oltitasini oladi, deb yozadi The New York Times gazetasi 11 mart, dushanba kuni.

Kechikishlar sabablari Ukraina parvoz xodimlarini uzoq muddatli o‘qitish jarayoni bilan bog‘liq, deb ta’kidlaydi NYT: standart F-16 mashg‘ulotlari bilan solishtirganda, ukrainalik uchuvchilarni tayyorlash «chaqmoq tezligida» sodir bo‘layotganiga qaramay, hali ham Ukraina va uning ittifoqchilari kutganidek tez bo‘lmayapti. Nashr eslatishicha, bu qiruvchi samolyotlardan samarali foydalanish uchun sovet samolyotlarida uchishga o‘rgatilgan uchuvchilar avval ingliz tilini puxta egallashi va G‘arb parvoz texnologiyalarini o‘rganishi kerak. 

Bundan tashqari, Vashington uzoq vaqt davomida Kiyevga qiruvchilar yuborishga rozi bo‘lmadi. AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining ta’kidlashicha, F-16 samolyotlari frontdagi vaziyatni o‘zgartira olmaydi, chunki ularga xizmat ko‘rsatishga o‘qitish yillar talab qilishi mumkin. 

Ukrainaliklarni F-16 samolyotlarida o‘qitish
 
Daniya, Niderlandiya, Norvegiya va Belgiya Ukrainaga uchta kichik eskadrilya uchun yetarli bo‘lgan 45 ga yaqin qiruvchi samolyot jo‘natishga va’da berdi. Daniya birinchi oltita F-16 samolyotini bahor oxirida yuboradi, yana 13 tasi yil oxirigacha va 2025 yilda yetib borishi kerak. Boshqa mamlakatlar yetkazib berish sanalari haqida hali qaror qilmagan. 

Ukrainalik uchuvchilarni tayyorlash Daniya janubidagi Skridstrup aviabazasida 2023 yil avgust oyida boshlangan bo‘lib, u yerda qo‘shimcha ravishda 50 ga yaqin texnik mutaxassis samolyotlarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, shuningdek, qurol to‘plamlari bilan ishlash bo‘yicha o‘qitilmoqda.

Texniklarni o‘qitish qo‘shimcha kechikishlarga olib kelishi mumkin, deb yozadi NYT, chunki bitta F-16 ga texnik xizmat ko‘rsatish uchun 8-14 kishi kerak bo‘ladi. Qiruvchi samolyotlarga xizmat ko‘rsatish uchun yetarli ekipajlar bo‘lmaguncha, G‘arb pudratchilari samolyotlarni Ukrainaga kuzatib borishi kerak. Bundan tashqari, Ukrainaning eskirgan va urushda shikastlangan uchish-qo‘nish yo‘laklarini ta’mirlash zarurati F-16 ning frontga joylashtirilishini yanada kechiktirishi mumkin. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid