Jahon | 10:58 / 12.03.2024
5035
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina sudi 15 nafar rossiyalik harbiyni sirtdan 12 yilga hukm qildi

Chernigov sudi 15 nafar rossiyalik askarni tinch aholiga nisbatan shafqatsiz munosabatda aybdor deb topdi. Ular sirtdan 12 yilga hukm qilindi.

Foto: Igor Burdyga/DW

Chernigov tuman sudi 15 nafar rossiyalik harbiy xizmatchini Chernigov viloyati Yagodnoye qishlog‘ida tinch aholiga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani, urush qonunlari va urf-odatlarini buzgani uchun 12 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Sudning 11 mart, dushanba kuni ma’lum qilishicha, hukm ayblanuvchilar ishtirokisiz chiqarilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar Yagodnoye qishlog‘ini 2022 yil 3 martdan 31 martgacha egallab olish chog‘ida mahalliy aholini qishloq maktabi yerto‘lasida majburan ushlab turgan. Kichkina xonada 368 kishi, jumladan, 69 nafar voyaga yetmaganlar saqlangan. Ukraina Bosh prokuraturasi ma’lum qilishicha, mahalliy aholi qo‘mondonlik punktini Ukraina qurolli kuchlarining ehtimoliy hujum harakatlaridan himoya qilish uchun «tirik qalqon» sifatida foydalanilgan.

«G‘ayriinsoniy saqlash sharoitlari va zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmagani tufayli o‘n nafar tinch aholi «o‘lim yerto‘lasida» halok bo‘ldi», — deyiladi departament matbuot bayonotida.

2022 yil iyun oyida Ukraina bosh prokurori Irina Venediktova Chernigov viloyatidagi qotilliklarga aloqador bo‘lgan to‘qqiz nafar rossiyalik harbiyning shaxsi aniqlanganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab yerto‘lasida halok bo‘lgan o‘n nafar tinch fuqarodan tashqari rossiyalik harbiylar Yagodnoyeda 9-28 mart kunlari yana 17 kishini o‘ldirgan. Ukraina prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, barcha ayblanuvchilar Rossiya Federatsiyasi Markaziy harbiy okrugining 41-qo‘shma armiyasi 55-alohida motoo‘qchilar brigadasi turli bo‘linmalarida – Tiva shahrida joylashgan 55115-harbiy qismda xizmat qilgan.

Mavzuga oid