20:22 / 13.03.2024
13060

G‘azoda otashkesim bo‘yicha yangiliklar, AQShning Ukrainaga yangi yordami va Putinning bayonotlari - kun dayjesti

So‘nggi kun ichida dunyoda sodir bo‘lgan eng muhim voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlar sharhi odatdagidek kundalik dayjestimizda. 

G‘azodagi vaziyat

BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharqdagi agentligi bosh komissari Filipp Lazzarini 7 oktyabrdan buyon G‘azoda o‘ldirilgan bolalar soni dunyoda so‘nggi 4 yilda bo‘lib o‘tgan jamiki urushlarda o‘lgan bolalar sonidan ham oshganini e’lon qildi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroil yetakchilari G‘azoda o‘ldirilgan bolalar uchun javob berishi shartligini ta’kidladi.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 17 yillik qamal chog‘ida G‘azoni ochiq osmon ostidagi qamoqxonaga aylantirgan Isroil anklavni so‘nggi 5 oy ichida faqat Ikkinchi jahon urushi davrida kuzatilgan yirik konslagerga aylantirgan.

«Bu haqida faqat biz gapirayotganimiz yo‘q, kimda vijdon bo‘lsa hammasini ko‘rib turibdi. Netanyahu va uning qotillari tarmog‘i biz bu haqda gapirsak tashvishga tushib qolishmoqda va bizga antisemit yorlig‘i yopishtirish payida bo‘lishmoqda. Lekin ular Erdo‘g‘anga haqiqatni so‘zlashga xalaqit qila olmaydi. Bugun zolimni zolim, qotilni qotil deyishimizga monelik qila olishmaydi. Bizga hujum qilib genotsid faktini yashirishga urinish o‘rniga, Isroil hukmdorlari G‘azoda ochlik va tashnalikdan o‘layotgan go‘daklar uchun javob berishlari kerak», — degan Turkiya prezidenti. 

G‘azo uchun muzokaralar

HAMAS AQShning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusiga rozi bo‘ldi, deb xabar qildi Al Arabiya nashri.

Nashrning nomi oshkor qilinmagan manbasiga ko‘ra, bu reja anklavda harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatish va garovga olinganlarni bosqichma-bosqich ozod qilishni nazarda tutadi.

Ammo Qatar tomoni bu xabarlarni rad etgan holda, sulh shartnomasi tomon biror siljish yo‘qligini ta’kidlagan.

Qatar tomoni G‘azoda tinchlik o‘rnatilishi uchun olib borilayotgan muzokaralarda vositachilardan biri hisoblanadi. Ularga ko‘ra, Isroil va HAMAS G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha bitimga aslo yaqin emas. Ya’ni vaziyat «juda murakkab»ligicha qolmoqda.

«Biz kelishuvga yaqinlashganimiz yo‘q, bu esa tomonlar kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha joriy ziddiyatlarni hal qilish uchun yagona fikrga kelganini ko‘rmayotganimizni bildiradi», — degan Qatar tashqi ishlar vazirligi vakili Majid al-Ansoriy. 

Ukrainaga harbiy yordam

AQSh Ukrainaga 300 mln dollarlik yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi. Reuters’ga ko‘ra, paketni moliyalashtirish yaqinda qilingan xaridlar uchun Pentagonga qaytarilgan kreditlar hisobidan bo‘ladi.

«Bugun men prezident Jo Bayden nomidan Ukrainaning ayrim kritik ehtiyojlarini qondirish uchun 300 mln dollarlik qurol-yarog‘ va uskunalardan iborat shoshilinch yordam paketini e’lon qilaman», — degan AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jyeyk Sallivan.

Politico nashriga ko‘ra, paketga esa kassetali raketalari 160 km masofaga ucha oladigan eski ATACMS tizimlari, shuningdek, 155 mm diatermli gaubitsalar uchun qo‘shimcha snaryadlar va HIMARS birvarakayiga o‘t ochish tizimi uchun raketalar kiritishini ma’lum qilgan.

AQSh tomonidan so‘nggi 250 mln dollarlik paket dekabr oyining oxirida Ukrainaga ajratilgan edi. Bu yordamni Kongress 2022 yildayoq tasdiqlagandi. Ukrainaga yangi yordam ajratish masalasi hozir boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Ajratilayotgan bu yordam ham Ukrainaga 1-2 haftaga yetadi xolos.

Darvoqe, xabarlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga 5 mlrd yevrolik yangi yordam paketini kelishishga juda yaqin kelishgan.

Polsha Chexiyaning Ukraina uchun snaryadlar sotib olish tashabbusiga qo‘shildi, deb xabar beradi Bloomberg.

«Ha, biz bunda ishtirok etyapmiz», — degan Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy Vashingtonda .

Eslatib o‘tamiz, fevral oyining o‘rtalarida Myunxen konferensiyasi chog‘ida Chexiya prezidenti Petr Pavel bir necha hafta ichida Ukrainaga 500 mingta 155 mmli, 300 mingta 122 mmli artilleriya snaryadlar to‘plash tashabbusini ilgari surgan va buning uchun pul yig‘ishni boshlab yuborgandi. Hozirga kelib ushbu tashabbusni Yevropaning 18 ta davlati qo‘llab-quvvatlagan. 

Putinning urush haqida bayonotlari

Rossiya prezidenti Vladimir Putin yadroviy urush boshlash uchun o‘z armiyasi «texnik» jihatdan tayyor ekanini e’lon qilgan. Ammo yadroviy qurollarni Ukrainadagi urush chog‘ida qo‘llamaymiz, degan Putin

«Harbiy-texnik jihatdan olib qaralsa, biz, albatta, yadroviy urushga tayyormiz. Yadroviy kuchlarimiz doim jangovar shay holatda bo‘ladi», — degan Putin propagandachi Dmitriy Kiselyovga bergan intervyusida.

Lekin Rossiya prezidenti Ukrainaga qarshi urushda taktik yadroviy qurollardan foydalanishga ehtiyoj yo‘qligini ta’kidlagan, hattoki bunday fikr kallasiga ham kelmaganini aytgan.

Putin Rossiya davlatining mavjudligiga daxl qilinsa, uning suvereniteti va mustaqilligiga zarar yetkazilsa, yadroviy quroldan foydalanishini ta’kidlagan.

«Bu narsalar bizning strategiyamizdan allaqachon yozib qo‘yilgan, biz hech narsani o‘zgartirganimiz yo‘q», — degan Putin.

Qayd etib o‘tish kerak, so‘nggi ikki kun ichida Ukraina pilotsiz parvoz qurilmalari bilan Rossiyaning ichkarisidagi uchinchi neftni qayta ishlash infratuzilmasiga zarba bergan. Bu marta Ukraina chegarasidan 500 km olisda joylashgan Ryazan shahridagi neft zavodiga uchta dron bilan zarba berilgan.

So‘nggi zarbalar Rossiyada ishlab chiqarilayotgan neft mahsulotlarining 5 foiz qismiga o‘z ta’sirini o‘tkazishi aytilmoqda.

Putin so‘nggi dron zarbalarini Ukraina uning beshinchi muddatga prezident etib saylanishiga xalaqit berish maqsadida uyushtirmoqda, dedi.

«Ularning bosh maqsadi, men bunga shubha qilmayman, agar Rossiyadagi prezidentlik saylovlarini barbod qilish bo‘lmasa ham, rus xalqining o‘z irodasini namoyish etib, saylovda normal ovoz berishiga qandaydir xalaqit qilish», — degan Putin propagandachi Dmitriy Kiselyovga bergan intervyusida. 

Sanksiyaga amal qilmaslik uchun jazo

Yevropa parlamenti sanksiyalarni aylanib o‘tish uchun jinoiy javobgarlik belgilash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Hujjat Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy qilingan sanksiyalarni barcha a’zo davlatlarda mushtarak qilish, ularni buzish uchun yagona jazo choralari belgilashga qaratilgan.

Jumladan, quyidagi holatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda:

  • Sanksiya ostidagi shaxslarning mablag‘lari va boshqa moliyaviy aktivlarini muzlatish (bloklash)dan bo‘yin tovlash;
  • Qurol-yarog‘ embargosiga va safar uyushtirishga taqiqlarga amal qilmaslik;
  • Sanksiya ostidagi shaxslarga mablag‘ o‘tkazib berish;
  • Cheklov choralari joriy etilgan davlatlarning davlat korxonalari bilan biznes olib borish;
  • Sanksiyalarni buzgan holda moliyaviy va yuridik maslahat xizmatlarini taqdim etish.

Hujjatda insonparvarlik yordami yetkazish yoki aholining bazaviy ehtiyojlarini ta’minlash sanksiya rejimini buzish sifatida tan olinmagan.

Sanksiyalarni buzish va aylanib o‘tish uchun Yevropa Ittifoqi davlatlarida jismoniy shaxslarga 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazo qo‘llanadi. Kompaniyalarga esa jarimalar qo‘llanadi, boz ustiga Yevropa Ittifoqi davlatlari sudlarga korxonaning yillik aylanmasi va «absolyut maksimal summalar»dan kelib chiqib jarimalar belgilash huquqini berishi mumkin.

Hujjat press-relizida tashabbus Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish imkonini beradi, deyilgan. Financial Times nashri sal avvalroq Yevropa Ittifoqi muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olingan daromadlarning bir qismi (2-3 mlrd yevro)ni iyun oyida Ukrainaga berishni rejalashtirayotganini yozgan edi.

Top