O‘zbekiston | 09:08 / 13.03.2024
4520
3 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaning oldini olish choralarini ko‘rmagan mansabdorlar javobgarlikka tortilishi mumkin

Davlat organlari va tashkilotlari hamda xususiy sektor tizimida milliy halollik standarti instituti joriy etiladi.

Prezidentning “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish va korrupsiyaning oldini olishda ta’sirchan mexanizmlarni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qaror loyihasi bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya hamda Milliy strategiyani 2024-2025-yillarda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlanmoqda.

Milliy strategiyada korrupsiyaga qarshi kurashishning yaqin istiqboldagi quyidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilanmoqda:

  • davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaning oldini olish;
  • davlat xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olish;
  • davlat xaridlarini amalga oshirish sohasida korrupsiyaning oldini olish;
  • ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va tadbirkorlik sohasida korrupsiyaning oldini olish;
  • korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional asoslarini takomillashtirish;
  • sud-huquq tizimida korrupsiyaning oldini olish;
  • aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
  • korrupsiyaga qarshi kurash sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish.

Shuningdek, Milliy strategiyada korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan islohotlar, muammolar va bartaraf etish bo‘yicha takliflar nazarda tutilmoqda.

Milliy strategiyaning asosiy maqsadi, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlarini belgilashdan iborat.

Milliy strategiyani 2024-2025-yillarda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»da 7 ta yo‘nalishda korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanmoqda. Jumladan,

  • korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni ko‘rmaganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilash;
  • har yili kamida 2 ta sohada korrupsiya xavf-xatarlarini aniqlash, korrupsiyaga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan tadqiqotlar o‘tkazish;
  • korrupsiyaviy jinoyatlar statistikasini yuritishga mo‘ljallangan dasturiy ta’minot yaratish;
  • korrupsiya xavflarini ichki va tashqi tahlil qilish tizimini joriy etish;
  • davlat organlari va tashkilotlari hamda xususiy sektor tizimida milliy halollik standarti (public integrity) institutini joriy etish;
  • davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, shu jumladan ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatini yanada kengaytirish kabi bir qator muhim vazifalar belgilanmoqda.

Mavzuga oid