Jahon | 14:53 / 14.03.2024
4331
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Rossiyadagi saylovlarga kuzatuvchilarni yubormaydi

Yevroparlament hech bir deputatga Rossiya Federatsiyasi va Ukrainaning egallab olingan hududlaridagi prezidentlik saylovlarini kuzatish huquqini bermaganini ta’kidladi.

Foto: Stringer

Yevroparlament Rossiyaga 15—17 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida kuzatuvchi sifatida borishga qaror qilishi mumkin bo‘lgan deputatlardan uzoqlashdi va hech bir yevropalik parlamentariyga bunday vakolatlar bermaganini ta’kidladi.

«Yevropa parlamenti ushbu saylov jarayonini kuzatmaydi va shuning uchun jarayonning o‘zini ham, uning natijalarini ham izohlamaydi. Yevroparlamentning hech bir a’zosi Rossiya Federatsiyasi, Qrim va boshqa egallab olingan hududlarda ushbu saylov jarayonini Yevroparlament nomidan kuzatish huquqiga ega emas» deyiladi 13 mart, chorshanba kuni chop etilgan press-relizda.

Hujjatda ta’kidlanishicha, agar Yevroparlamentning har qanday a’zosi ushbu saylovlar bo‘yicha fikr bildirishga qaror qilsa, ular buni o‘z tashabbusi bilan qiladi va «hech qanday holatda o‘z bayonotlari yoki harakatlarida Yevroparlamentga tayanmasligi kerak». 

Yevroittifoq saylovlar qonuniyligini tan olmaslikka chaqirdi 

Avvalroq Rossiya muxolifati vakillari va bir qator yevropalik siyosatchilar Yevropa Ittifoqini Rossiyadagi prezidentlik saylovlari natijalarini tan olmaslikka chaqirgan edi. Shunday qilib, rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya The Washington Post gazetasi ruknida amaldagi rahbariyat qonuniyligini inkor etish butun dunyo uchun ham, Rossiya fuqarolik jamiyati uchun ham, hali ham Kremlga sodiq elita uchun ham muhim signal bo‘lishini ta’kidladi. 

Fevral oyi boshida 15 mamlakatdan 20 dan ortiq deputatlar Yevropa Ittifoqi, uning institutlari va a’zo davlatlarni Rossiya Federatsiyasidagi prezidentlik saylovlarining qonuniyligini tan olmaslikka chaqirdi. Murojaat Estoniya deputati Rixo Terras tomonidan ilgari surilgan. Hujjatda rejimning Ukraina hududining bir qismini egallab olgani va anneksiya qilgani, endi u yerda ovoz berishni rejalashtirayotgani ta’kidlanadi. 

Germaniyadan uch deputat saylov kunlari Rossiyaga keldi 

Rossiya hukumati bir necha bor rossiyaparast partiyalardan bo‘lgan yevropalik siyosatchilarni «kuzatuvchi» sifatida saylovlarga jalb qilgan. Xususan, 2024 yilda, nemis OAV xabar qilganidek, Bavariya parlamentining o‘ng qanot populistik «Germaniya uchun muqobil» partiyasidan uch nafar a’zo shu maqsadlarda Rossiyaga keldi: Andreas Yurka, Yelena Roon va Ulrix Zinger. 

Deputatlarning safari, jumladan, o‘z partiyalarida ham tanqid qilindi. Tagesschau ma’lumotiga ko‘ra, «Germaniya uchun muqobil» rahbariyati deputatlarga «Rossiya Federatsiyasiga 2024 yil 13-19 mart kunlari rejalashtirilgan safarga bormaslikni qat’iy tavsiya qilgan». 

Mavzuga oid