11:30 / 15.03.2024
27597

Dam olish kunlari havo harorati ko‘tarila boshlaydi

O‘zbekiston bo‘yicha 15-17 mart kunlariga ob-havo prognozi berildi.

Foto: Kun.uz

Respublika hududining katta qismida quruq va kam bulutli ob-havo dam olish kunlarida ham saqlanib turadi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 17 mart yakshanba kuni ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 15-18 m/s gacha kuchayishi mumkin.

14 mart kuni kirib kelgan sovuq havo massasi hisobiga O‘zbekistonning barcha viloyatlarida keskin sovuq bo‘ldi, ammo u respublika hududidan tez chiqib ketmoqda va havo harorati ko‘tarila boshlaydi.

Bugun kunning ikkinchi yarmida harorat +8...+13 daraja atrofida bo‘ladi, yakshanba kuni esa havo 15-20 darajagacha ko‘tariladi.

Shanbadan yakshanba o‘tar kechasi respublika bo‘yicha ba’zi joylarda biroz sovuq saqlanib turadi, yakshanba kuni harorat kechasi +2...+7 darajagacha ko‘tariladi. Kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushadi.

Bugun va dam olish kunlari tog‘larda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.

Poytaxtda 15-17 mart kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat: bugun kunduzi +9...+11 daraja, shanba kuni kechasi -0...-2 daraja, kunduzi +13...+15 daraja, yakshanba kuni kechasi +2...+4 daraja, kunduzi +16...+18 daraja bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top