Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putinning saylovdagi g‘alabasi, Rafahni ko‘zlayotgan Netanyahu va Ukraina uchun 1,5 mln snaryad - kun dayjesti
So‘nggi kun ichida dunyoda sodir bo‘lgan eng muhim voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlar sharhi odatdagidek kundalik dayjestimizda.
G‘azodagi vaziyat
G‘azo markazidagi Nuseyrat qochqinlar lagerida saharlik uchun yig‘ilgan Tabatibiylar oilasining qariyb barcha a’zosi Isroil bombardimoni oqibatida halok bo‘lgan.
Guvohlarga ko‘ra, ayollar saharlik uchun ovqat tayyorlayotgan paytda ular turgan binoga havo hujumi uyushtirilgan va 36 nafar oila a’zosi halok bo‘lgan.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroil G‘azoni dunyodagi eng katta onalar va bolalar qabristoniga aylantirganini ta’kidladi.
«Davrimizning eng shafqatsiz genotsidlaridan biri G‘azoda yuz bermoqda. U yerda 40 mingga yaqin birodarlarimiz va singillarimiz, asosan bolalar va ayollar o‘ldirildi, 73 ming falastinliklar yarador qilindi, 7 mingdan ortiq begunoh insonlar hamon vayronalar ostida qolib ketishgan. Isroilni minbardan turib koyib qo‘yayotgan, biroq ommaviy qirg‘inlarni amalga oshirishi uchun o‘q-dori va qurol-yarog‘ bilan yordam qilayotgan G‘arb davlatlarining ikkiyuzlamachiligi G‘azoni dunyodagi eng katta onalar va bolalar qabristoniga aylantirdi», — degan Erdo‘g‘an.
Isroil G‘azo shimolidagi HAMASning eng uzun tunnelini portlatib yubordi. Portlash tasvirlangan videolavhalar tarqatilgan. Aytilishicha, Tunnel uzunligi 2,5 kilometrni tashkil qilgan va u sektorning shimoliy hamda janubiy qismlarini bog‘lagan.
AQSh va Isroil G‘azoda xususiy harbiy kompaniyalardan foydalanishga hozirlik ko‘rayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ta’kidlanishicha, ularning bosh maqsadi aholini himoya qilish va insonparvarlik yordamlarini taqsimlashda ishtirok etish bo‘ladi.
Isroil tomonidan anchadan buyon bir nechta xususiy harbiy kompaniyalar bilan aloqa qilib, bu guruhlar uchun xalqaro hamkorlaridan pul undirishga harakat qilib kelmoqda.
Ammo amerikalik ayrim mulozimlar AQSh qo‘shinlari yoki xususiy harbiy kompaniyalari G‘azo hududida bo‘lishni istamayapti va amerikaliklar qurolli qo‘riqlashni ta’minlash masalasiga ehtiyotkorlik bilan yondashishmoqda.
AQShning hukumat operatsiyalari chog‘ida xavfsizlikni ta’minlash uchun xususiy harbiy kompaniyalardan foydalanish avval bir necha bor qattiq tanqidlarga sabab bo‘lgan.
2007 yilda AQSh Davlat departamenti kolonnasini qo‘riqlab kelayotgan Blackwater kompaniyasining yollanma jangchilari Iroq poytaxti Bag‘dod shahridagi Nisur maydonida tinch aholi guruhiga qarata o‘q uzgan. O‘shanda 17 nafar tinch aholi vakillari halok bo‘lishgan edi.
Netanyahuning bayonotlari
Xalqaro bosimga qaramasdan Isroil o‘z maqsadlariga erishish uchun harbiy harakatlarni davom ettiradi, degan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu.
U Rafahda o‘tkaziladigan harbiy operatsiyani anons qilar ekan, halqaro hamjamiyatni harbiy harakatlarni muddatidan avval tugatish uchun bosim o‘tkazayotganlikda aybladi.
«Biz Rafahda operatsiyani boshlaymiz. Bu bir necha hafta davom etadi, lekin bu, albatta, sodir bo‘ladi», — degan Netanyahu hukumat yig‘ilishida.
Isroil bosh vaziri ayrim davlatlarni Isroil o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishib bo‘lgunga qadar urushni to‘xtatishga urinayotganliklari uchun e’tiroz bildirdi. «Ular armiyamiz, hukumatimiz va Isroil bosh vaziriga nisbatan yolg‘on ayblovlarni ilgari surib kelishmoqda», — degan u.
Netanyahuning qayd etishicha, hozir urushni to‘xtatishga har qanday urinish Isroil uchun mag‘lubiyatni bildiradi.
Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid Netanyahuning bu so‘zlarini tanqid ostiga olgan.
«Netanyahu, bizning xotiramiz pand bermaydi. 7 oktyabr kuni kim bosh vazir ekani ham esimizda, siz bilan bu jangda g‘alaba qozonib, garovdagilarni qaytara olmasligimiz ham esimizda», — degan Isroil muxolifati yetakchisi.
Qizil dengizdagi vaziyat
Husiychilarning Qizil dengiz va Adan qo‘ltig‘idagi Isroil va G‘arb davlatlariga taalluqli harbiy va tijoriy kemalarga hujumlari tufayli Suvaysh kanali orqali tijoriy kemalar harakati 62 foizga qisqargani ma’lum qilinmoqda.
Kemalar Yevropaga Janubiy Sharqiy Osiyo va fors ko‘rfazidan yuk tashishda Afrika qit’asini aylanib, Yaxshi Umid burni orqali uzoqroq yo‘nalishdan foydalanishga majbur bo‘lmoqda va bu yo‘nalishda dengizda yuklar tashuvi 74 foizga o‘sgan.
Ammo husiychilar Yamanning yon-atrofi bilangina cheklanib qolmoqchi emas. Ular Qizil dengizga kirishni bas qilgan kemalarga endi Hind okeanida ham hujum qilishni rejalashtirmoqda.
Yaman husiychilarining qurolli kuchlari harbiy vakili Yahyo Sariya Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik qilinishini ta’kidlab o‘tdi. «Ansorulloh” harakati siyosiy byurosi a’zosi Ali al-Kahum G‘arb davlatlarini kuchsizlashtirish va bir qutbli dunyo konsepsiyasini vayron qilish uchun Rossiya va Xitoy bilan hamkorlikni kuchaytirishini ta’kidlagan.
Rossiyada Putin saylovi
Rossiyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Garchi muxolifat 17 mart kuni qoq tushda saylov uchastkalariga yig‘ilishga, nomzodlardan esa Davankovga ovoz berishga chorlagan bo‘lsa ham, Putin katta farq bilan g‘alaba qozongani e’lon qilindi.
Saylov byulletenlarining 99 foizi sanab bo‘linganida Vladimir Putin 87,31 foiz ovoz bilan yetakchilik qilayotgan edi. Ikkinchi o‘rindagi kommunistlar vakili Xaritonovga — 4,30 foiz, Davankovga — 3,83 foiz, Slutskiyga — 3,21 foiz ovoz berilgani qayd etildi.
Vladimir Putin eng ko‘p ovozni Ramzan Qodirov rahbarligidagi Chechenistonda to‘pladi. U yerda bayonnomalarning 100 foizi sanoqdan o‘tkazilganidan so‘ng saylovchilarning 98,99 foizi Putinni qo‘llab ovoz bergani e’lon qilindi.
Putinning saylovdagi bu natijasi unga possovet hududida eng aql bovar qilmas saylov natijalari o‘nligidan joy olish imkonini berdi. Putin 2015 yilda eng ko‘p — 83,47 foiz ovoz to‘plagan Aleksandr Lukashenkoning barcha natijalaridan ham o‘zib ketdi.
Putinni saylovdagi g‘alabasi bilan eng birinchi bo‘lib Bosniya va Hersegovina tarkibidagi Serb avtonom Respublikasi prezidenti Milorad Dodik tabrikladi. Shundan so‘ng Venesuela prezidenti Nikolas Maduro, Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel, Nikaragua prezidenti Daniyel Ortega, KXDR rahbari Kim Jong-in tabrik yo‘lladi. Keyinroq tabriknoma e’lon qilgan davlat rahbarlari soni ko‘paydi.
Ukrainadagi urush
Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi Ukrainaga qarshi hujumga o‘tishdan tiyilib, chuqur mudofaaga o‘tishni maslahat bergan, deb yozadi The Sunday Times nashri.
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Grant Shapps va Britaniya armiyasi qo‘mondoni Toni Radakin bu masalani Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, Ukraina mudofaa vaziri Rustam Umerov, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlarining yangi oliy bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy bilan muhokoma qilishgan.
Britaniyaliklar shimoliy va sharqiy frontda mudofaani saqlab turishga chaqirishgan. Agar zaruriyat tug‘ilsa afzalroq pozitsiyalarga chekinish ham mumkinligini ta’kidlashgan.
Yukori manyovrli yengil kemalar va pilotsiz boshqariluvchi qurilmalardan iborat bo‘lgan Eronning flotiga e’tibor berish va undan andoza olishni maslahat berishgan.
Faqat quruqlikdagi urushga diqqatni jamlamasdan, havodan ham hujumni ko‘paytirish kerakligi ta’kidlangan. Bunda gap pilotsiz parvoz qurilmalari haqida bormoqda. Qrim va Rossiya flotiga zarbalarni ko‘paytirish kerakligi qayd etib o‘tilgan. Britaniyaliklar aynan o‘sha yerda oldinga siljishga istiqbol ko‘rishmoqda.
Chexiya butun dunyo bo‘ylab Ukraina uchun 1,5 million snaryad topganini ma’lum qildi. Allaqachon 800 ming snaryad sotib olishga kelishib olingan va qo‘shimcha mablag‘ evaziga xarid qilinishi mumkin bo‘lgan yana 700 mingta snaryad topgan. Buncha snaryadni xarid qilish uchun 3 mlrd yevro kerak bo‘ladi. Germaniya, Niderlandiya, Kanada, Daniya tomonidan 800 ming snaryad uchun pul ajratilishi va’da qilingan.
Mavzuga oid
14:40 / 12.06.2026
Trampning «ajoyib kelishuvi» va Meksikada boshlangan futbol bayrami – kun dayjesti
16:14 / 11.06.2026
Yaqin Sharqda urush harakatlari tiklanyapti, Pokiston yana qo‘shnisini bombaladi – kun dayjesti
14:23 / 10.06.2026
Ho‘rmuzda urib tushirilgan «Apache» va Dog‘istonda katta portlash – kun dayjesti
15:29 / 09.06.2026