Jahon | 19:38 / 20.03.2024
21494
7 daqiqa o‘qiladi

G‘azo bo‘yicha yangi muzokaralarga urinish, Texasda yangi migratsiya qonuni, Tojikistonda shov-shuvli sud - kun dayjesti

Dunyoda sodir bo‘lgan voqealar, hodisalar va muhim yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtirishda davom etamiz.

HAMAS-Isroil muzokaralari

G‘azodagi keskinlikni bartaraf qilish uchun Isroil HAMAS bilan muzokaralar o‘tkazmoqchi va unda HAMAS yetakchilaridan biri Yahyo Sinvar to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnashadi, deb yozadi yahudiylarning «Haaretz» gazetasi.

Nashrga ko‘ra, Isroil HAMASning G‘azodagi yetakchisi bilan muzokaralarni o‘t ochishni to‘xtatish va asirda ushlanib turilganlarni almashish borasida o‘tkazadi.

Maqolada yozilishicha, HAMAS yetakchisi bilan garovda ushlab turilganlarni almashish borasidagi muzokaralar kamida ikki haftaga cho‘zilishi mumkin, o‘t ochishni to‘xtatish va asirlar almashinuvi to‘g‘risidagi taklifni tayyorlashga esa 24-36 soat vaqt ketadi.

«Haaretz» gazetasining yozishicha, Isroil maxsus xizmati MOSSAD yetakchisi David Barnea boshchiligidagi delegatsiya muzokaralarning yangi bosqichini o‘tkazish uchun Qatar poytaxti Doha shahriga yo‘l olgan.

Ochlik va chorasizlik iskanjasida qolgan G‘azoda xunrezlikka imkon qadar barham berilishi kerak. Noxush statistikani yana bir bor eslatib o‘tamiz.

7 oktyabrdan buyon Isroilning G‘azo sektorida amalga oshirgan hujumlari natijasida o‘lgan insonlar soni 31 ming 726 nafarga yetdi. Ularning kamida 13,5 mingi yosh bolalar, 9 mingi esa ayollardir. 

Texasda yangi migratsiya qonuni

Amerikaning Oliy sudi Texas shtatiga chegarani noqonuniy kesib o‘tayotgan migrantlarni hibsga olish va qamashga ruxsat berdi.

Bu yaqinda qabul qilingan eng qattiq immigratsiya qonunlaridan biriga ko‘ra amalga oshiriladi. Endi politsiya Meksika bilan chegarani noqonuniy kesib o‘tishda gumon qilingan shaxslarni hibsga olish va jinoiy javobgarlikka tortishi mumkin.

Oq uy tomonidan konstitutsiyaga zid deb atalgan ushbu qonun mahalliy politsiyaga chegarani noqonuniy kesib o‘tishda gumon qilingan har qanday odamni to‘xtatish va hibsga olish vakolatini beradi. Jazolar orasida qamoq yoki 2000 dollargacha jarima ham bor.

AQShdan bir marta deportatsiya qilinganidan so‘ng Texas orqali yana noqonuniy kirganlar uchun ham jazolar ancha qattiqroq bo‘ladi: shaxsning immigratsiya tarixi va jinoiy kelib chiqishiga qarab, u 20 yilgacha qamoq bilan jazolanishi mumkin.

Texas yo‘nalishi lotin amerikaliklar uchun ko‘proq mashhur yo‘nalish hisoblanadi. O‘zbekistonlik noqonuniy migrantlar AQSh-Meksika chegarasini ko‘proq Kaliforniya, Arizona va Nyu-Meksiko shtatlari orqali kesib o‘tishadi. 

Rossiya: saylovdan keyin

Rossiyaliklarning uchdan bir qismi dam olish kunlarida o‘tkazilgan va Vladimir Putin fantastik 87 foiz ovoz to‘plagan prezidentlik saylovlari toza o‘tganidan shubhalanishini bildirgan.

Butunrossiya ijtimoiy fikrni o‘rganish markazi tomonidan 18 mart kuni o‘tkazilgan so‘rovnomada so‘ralgan rossiyaliklarning 65 foizi saylov natijalari «ishonchli» va «saylovchilarning irodasiga mos» o‘tganini ta’kidlashgan.

So‘ralganlarning 18 foizi saylov davomida ovozlarni «sun’iy ko‘paytirish» holatlari ro‘y bergan, biroq bu «umumiy natija»ga aytarli ta’sir ko‘rsatmagan, deb hisoblaydi.

So‘rov markaziga ko‘ra, yana 12 foiz odamlar prinsipial tarzda saylov natijalariga mutlaqo ishonib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.

Bu so‘nggi 20 yil ichidagi rekord natija. Faqat 2012 yilda, orada Dmitriy Medvedev bir bor prezident bo‘lib olgach, Putin o‘zining uchinchi muddati — ilk olti yillik muddatiga saylanishi oldidan shunday norozilik natijasi ko‘zga tashlangan edi.

Darvoqe, qayta saylangan Vladimir Putin o‘zining ilk xorijiy safarini Xitoyga qilishi ketilmoqda, deb yozadi Reuters. Tashrif odatga ko‘ra, 7 may kuni bo‘lib o‘tadigan inauguratsiya marosimidan so‘ng amalga oshiriladi. 

Bahavo va iflos davlatlar

2023 yil yakunlariga ko‘ra, havosi eng iflos davlatlar ro‘yxatida Pokiston, Bangladesh va Hindiston yetakchilar deb topildi. Bu Shveytsariyaning havo IQAir monitoring tashkiloti hisobotida qayd etilgan.

IQAir mutaxassislari dunyoning 134 mamlakati va mintaqasidagi 30 mingdan ortiq havo sifati monitoringi stansiyalari ma’lumotlarini tahlil qildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti havodagi PM 2,5 zarrachalarining yillik o‘rtacha darajasi har bir metr kub havo uchun besh mikrogrammdan oshmasligini tavsiya qiladi. Biroq o‘tgan yili bu ko‘rsatkich Bangladeshda 79,9, Pokistonda esa 73,7 mikrogrammni tashkil etgan. Hindistonda esa bu miqdor 102,5 mikrogrammni ko‘rsatgan.

Aniqlik kiritilishicha, mutaxassislar xavfli moddalarning JSST standartlariga muvofiq normal konsentratsiyasini faqat yettita davlatda – Avstraliya, Estoniya, Finlandiya, Grenada, Islandiya, Mavrikiy va Yangi Zelandiyada qayd etgan. 

Olimpiada 2024

Rossiya va Belarusdan kelgan sportchilar yozda Parijda bo‘lib o‘tadigan olimpiadaning ochilish va yopilish marosimida ishtirok etishmaydi.

Ular neytral bayroq ostida sport musobaqalarida ishtirok etishadi, ularning qo‘lga kiritgan medallari umumiy reytingda inobatga olinmaydi. Sportchilar sharafiga mamlakat madhiyasi yangramaydi.

Umuman olganda musobaqalarda hozircha 55 nafar sportchi neytral bayroq ostida qatnashish istagini bildirishgan. Rossiyada bunday sportchilarni allaqachon xoin deb atashmoqda. 

Tojikistonda shov-shuvli sud

Tojikiston Oliy sudi «Oriyonbank» rahbari o‘rinbosarini o‘ldirganlikda ayblanayotganlarning besh nafariga umrbod qamoq jazosi tayinladi.

Bank raisi o‘rinbosari Shuhrat Ismatulloyev o‘tgan yilning yozida o‘g‘irlab ketib, o‘ldirilgan. Uning o‘limiga sabab bo‘lgan ayblanuvchilar Dilshod Saidmurodov, Kamaruzzamon Azizov, Akbar Ahmedov, Baxtovar Safarov va Shohrux Xo‘jayevga umrbod qamoq jazosi tayinlangan.

Bu ish bo‘yicha jami 14 kishi sudlangan. Qolganlarga jinoiy guruhdagi roliga qarab bir yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llangan.

Tergov tomonidan uyushgan jinoiy guruh yetakchisi deb topilgan Dilshod Saidmurodovning mol-mulki ham musodara etilishi belgilandi.

Umuman olganda, ushbu ish bo‘yicha 18 kishiga ayblov e’lon qilingan. Ishga aloqador ikki kishi xalqaro qidiruvda. Yana ikki kishi o‘lgan. Parviz Mustafoqulov tergov izolyatorida zotiljamga chalinib vafot etgan bo‘lsa, Rustam Ashurovni Kishinyov aeroportida moldovalik kuchishlatarlar otib tashlashgan edi.

Mavzuga oid