Jahon | 09:41 / 29.03.2024
4142
3 daqiqa o‘qiladi

Umerov: Rossiya zarbalarining 97 foizi fuqarolik obektlariga qaratilgan

Yil boshidan beri Rossiyaning Ukrainadagi nishonlarga bergan zarbalarining umumiy quvvati 9 kilotonnadan oshdi, dedi Ukraina Mudofaa vazirligi rahbari Rustem Umerov NATO-Ukraina kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida.

Foto: AP

Rossiyaning Ukraina hududidagi nishonlarga bergan zarbalari 97 foizi fuqarolik infratuzilmasiga to‘g‘ri keldi va 2024 yil boshidan beri ularning umumiy quvvati to‘qqiz kilotonnadan oshdi, dedi Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov 28 mart, payshanba kuni Ukraina tomoni tashabbusi bilan o‘tkazilgan NATO-Ukraina kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida.

«Rossiyaning ushbu raketalari, uchuvchisiz uchoqlari va boshqariladigan bombalarning atigi uch foizi harbiy nishonlarga kelib tegdi», — deb yozdi Umerov Facebook sahifasida. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi uchrashuvda asosiy e’tibor Rossiya qo‘shinlarining so‘nggi paytlarda sodir bo‘layotgan ommaviy havo hujumlari va Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish zarurligiga qaratildi. Umerov «Ukraina havo mudofaasining shoshilinch ehtiyojlari haqida batafsil ma’lumot berdi». 

Ukraina Mudofaa vazirligi rahbari BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi ma’lumotlarini keltirdi. Ularga ko‘ra, «so‘nggi uch oyda BMT tomonidan tasdiqlangan 1804 tinch aholi orasidan qurbondan 712 nafari raketa hujumlari va o‘q-dorilar sabab halok bo‘lgan». 

NATO Ukraina mudofaasini kuchaytirishga intilayotganini tasdiqladi 

«Ittifoqchilar Rossiya havo hujumlarining kuchayishini keskin qoraladi va Ukraina mudofaasini yanada kuchaytirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi», deyiladi NATO-Ukraina kengashi saytida shu kuni chop etilgan bayonotda. Ta’kidlanishicha, uchrashuv elchilar darajasida bo‘lib o‘tgan, unda alyans bosh kotibi o‘rinbosari Mircha Joane ham ishtirok etgan, Rustem Umerov videokonferensiya orqali qatnashgan. 

Joanening so‘zlariga ko‘ra, «Rossiyaning Ukraina tinch aholisiga va muhim infratuzilmaga qarshi davom etayotgan hujumlari bizning doimiy qo‘llab-quvvatlashimiz zarurligini ko‘rsatadi». Shuningdek, Fransiya Ukrainani doimiy qo‘llab-quvvatlashi doirasida tez orada u yerga qo‘shimcha Caesar gaubitsalarini (ularning soni ko‘rsatilmagan) jo‘natishi aytildi va «bir qator ittifoqchilar Chexiya Respublikasining qo‘shimcha 800 ming birlikda artilleriya snaryadlari sotib olish tashabbusiga qo‘shilgan».

NATO-Ukraina kengashi alyansning 2023 yil iyulida bo‘lib o‘tgan sammitida tuzilgan bo‘lib, NATO va Ukraina o‘rtasida maslahatlashuvlar, qarorlar qabul qilish va qo‘shma tadbirlar uchun forum bo‘lib xizmat qiladi. 

Mavzuga oid