Hamas 25 noyabr kuni markaziy Ğazodan topilgan bir isroillik garovga olingan şaxsning jasadini topşirdi. Qizil Xoç vositaçilari qoldiqlarni Hamasdan Isroilga yetkazdi.

Sud-tibbiy ekspertizadan söng Isroil hukumati jasadning – 2023 yil 7 oktyabrda olib ketilgan Dror Or ekanini aniqladi.

Ğazoda hamon ikki kişining jasadi borligi aytilmoqda: biri isroillik – 24 yoşli Ran Gvili va biri tailandlik – 43 yoşli Sudthisak Rinthalak.

New York Times'ning yozişiça, bu Hamas va Isroilni Ğazo böyiça sulhning eng muhim tortişuv nuqtalaridan birini hal etişga yana bir qadam yaqinlaştirdi.

Isroil va Hamas AQŞ qöllab-quvvatlagan sulhga 10 oktyabr kuni kelişgan edi. Bu Ğazodagi ikki yildan ortiq davom etgan uruşni töxtatdi. Kelişuvning bir qismi sifatida Hamas anklavda qolgan 20 nafar tirik isroillik garovdagilarni – deyarli 2 000 nafar falastinlik mahbus va qölga olingan şaxslar evaziga ozod qildi.

Hamas şuningdek, Ğazoda qolgan yana 28 nafar isroillik va xorijiy fuqaroning jasadlarini topşirişga rozi bölgan. Tirik garovdagilar tezda topşirilgan, jasadlar esa bir neça hafta davomida bosqiçma-bosqiç berib kelinmoqda.

Isroil rahbarlari, jumladan, boş vazir Benyamin Netanyahu Hamasni jarayonni çözayotganlikda ayblagan. Lekin Hamas buni rad etadi. Guruhga köra, anklavdagi Isroilning 2 yillik bombardimonlaridan söng vayronalar ostidagi jasadlarni topiş qiyinlaşgan.

Sulhga qaramay har ikki tomon bir-birini kelişuv şartlarini buzayotganlikda ayblab kelmoqda. Isroil armiyasi qurollangan şaxslar öz kuçlariga qarata öq uzganini aytib, sektor böylab zarbalar berdi.

Ğazo soğliqni saqlaş vazirligi idorasiga köra, sulh imzolanganidan beri Isroil hujumlaridan 300 dan ortiq falastinlik halok bölgan.