Isroil kuchlari 27 noyabr kuni bosib olingan G‘arbiy Sohilda falastinlik ikki erkakni otib o‘ldirdi. Ular qo‘shinlarga taslim bo‘layotgandek ko‘ringan. Bu hodisa falastinliklar tomonidan «sovuq qon bilan qatl» deya baholanmoqda.
Qotillik jarayoni – ikki arab telekanalida namoyish etilgan videolarda aks etgan bo‘lib, Isroil G‘arbiy Sohilda hujumlarini kuchaytirayotgan bir paytda sodir bo‘ldi. Falastinliklar va huquq faollari Isroil G‘arbiy sohildagi reydlari davomida haddan ziyod kuch ishlatib, o‘nlab qurolsiz tinch aholi vakillarini o‘ldirganini ta’kidlashadi.
Associated Press’ning yozishicha, ovozsiz tarzda tarqalgan videoda – ikki erkak garajdan qo‘l ko‘tarib chiqayotgani, portlovchi moddalar yo‘qligini ko‘rsatish uchun ko‘ylaklarini ko‘targanlari aks etgan. Ularga yotishga buyruq beriladi va politsiyachilardan biri ularni tepadi. So‘ng ular yana garajga qaytishga majbur qilinadi.

Erkaklar yerda yotgan paytda atrofda askarlar turgan va o‘q ovozlari eshitiladi. Erkaklar qimirlashdan to‘xtaydi. Kamida bir askar qurolidan o‘q uzayotgani ko‘rinadi.
The Guardian nashri esa videoda besh nafar chegara politsiyachisi qurollarini ko‘targanini yozgan.
Isroil harbiylari va milliy politsiya payshanba kuni ikki erkakning o‘limi bo‘yicha tergov boshlaganini ma’lum qildi. Erkaklar Isroil harbiylari bilan birga tez-tez faoliyat yuritadigan chegaraviy maxsus politsiya bo‘linmasi tomonidan otib o‘ldirilgan.

Isroil armiyasi bayonotida ikki erkak Jyenin shahridagi qidiruvdagi shaxslar bo‘lgani va ular qo‘shinlarga qarata portlovchi moddalar uloqtirgani aytiladi. IDF’ga ko‘ra, erkaklar taslim bo‘lib bino ichidan chiqqanidan so‘ng «gumonlanuvchilarga qarata o‘q yo‘naltirilgan».
Falastinliklar va huquq faollari bunday tergovlar kamdan-kam natija berishini, Isroil askarlari deyarli hech qachon javobgarlikka tortilmasligini aytishadi.












