Muzokaralarga rozi Netanyahu, Orbanning Ukraina bo‘yicha bayonoti va chet el agentiga aylanayotgan Alla Pugachyova - kun dayjesti
Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil yana otashkesim bo‘yicha HAMAS bilan muzokaralarga qaytmoqchi. Isroil delegatsiyasining G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha HAMAS bilan muzokaralarga qaytishini bosh vazir Binyamin Netanyahu ma’qullagan, deb xabar beradi CNN.
«Netanyahu MOSSAD razvedka boshqarmasi direktori va Bosh xavfsizlik xizmati rahbari bilan suhbatlashgan, yaqin kunlarda Doha va Qohirada muzokaralarning navbatdagi bosqichini o‘tkazishni ma’qullagan», — deyiladi xabarda.
Falastin Qizil yarimoyi Isroil hamon ularning 8 nafar xodimini ushlab turganini ma’lum qildi. Xabarga ko‘ra, Isroil kuchlari tomonidan 9 fevraldan buyon ushlab turilgan 7 nafar xodim 47 kun o‘tgach ozod qilingan, yana 8 nafar xodim hanuzgacha ushlab turilibdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti G‘azoga quruqlikdan yordam yetkazishga boshqa muqobil yo‘qligini ta’kidladi.
BMTning humanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi G‘azo aholisi uchun yer ustidan yirik miqyosli insonparvarlik yordamlari yetkazishning muhimligini ta’kidlab o‘tgan.
Ayni paytda insonparvarlik yordamlari havoda samolyotlardan tashlanmoqda. Bu yordamlarning sochilib ketishi va dengizga tushishiga, odamlar tiqilinchda va suvda cho‘kib halok bo‘lishiga olib kelmoqda.
BMT xalqaro sudi ham ocharchilikning oldini olish uchun Isroil zimmasiga G‘azoga insonparvarlik va tibbiy yordamlarning moneliksiz kiritilishini ta’minlash majburiyatini qo‘ygan edi.
Orbanning Ukraina bo‘yicha bayonoti
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban yana Rossiya manfaatlarini ko‘zlab chiqish qildi. Orbanga ko‘ra, Rossiya NATO davlatlariga hujum qilish bilan tahdid solmaydi, biroq Ukraina ikki tomon o‘rtasida bufer zona bo‘lib xizmat qilishi kerak.
Viktor Orban Ukrainaning NATOga qabul qilinishiga hech qachon rozi bo‘lmasligini ham ta’kidlagan. Chunki bunday bo‘lsa, alyans Rossiya bilan yanada ko‘proq umumiy chegaraga ega bo‘lib qoladi.
Vengriya bosh vaziri siyosiy xaritani qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgan. Orban Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari faqatgina bufer zona yaratishdan iborat bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. Aks holda, ukrainlar o‘z davlatidan butunlay mosuvo bo‘lishi mumkin.
Parij olimpiadasi xavf ostida
Parijda o‘tadigan XXXIII yozgi olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimi o‘tkazilmasligi mumkin. Fransiya razvedkasi Moskvadagi «Crocus City Hall» konsert zalida yuz bergan fojiadan keyin teraktlar xavfi kuchaygani tufayli Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimini bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
«Crocus City Hall» teraktidan so‘ng fransuz razvedkasi «harbiy qurollar yoki transport vositalaridan foydalangan holda ommaviy terrorizm qaytishidan» cho‘chimoqda. Razvedka xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Olimpiada ochilish kunida «afg‘on zonasi»dan uch-to‘rt kishidan iborat «mudrab yotgan» terrorchilar hujumi ehtimoli kuchaygan.
«Sportchilar paradining Senadagi hozirgi formati juda ko‘p xavf tug‘diradi. Biz B rejasiga o‘tishimiz kerak», dedi razvedka manbasi.
Yozgi Olimpiya o‘yinlari Fransiya poytaxtida 2024 yilning 26 iyulidan 11 avgustiga qadar bo‘lib o‘tadi. Dastlabki rejaga ko‘ra, ochilish marosimi an’anaviy tarzda stadionda emas, Sena daryosida o‘tkazilishi kerak. 160 dan ortiq qayiq ishtirokchi jamoalar delegatsiyalarini Luvr va Eyfel minorasi yonidan olib o‘tishi, marosimni sohil bo‘yida 600 mingga yaqin odam tomosha qilishi kutilayotgan edi.
Alla Pugachyova chet el agenti?
Rossiya Bosh prokuraturasi Rossiya xalq artisti Alla Pugachyovani chet el agenti deya tan olishni talab qilgan va Adliya vazirligiga bu borada so‘rovnoma jo‘natgan. Unda yozilishicha, Alla Pugachyova «chet el agenti bilan affillangan shaxs» sifatida tan olinishi kerak.
Hujjatni xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha federal loyiha rahbari Vitaliy Borodin e’lon qilgan. U avval ham rossiyalik turli artistlarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha murojaatlar qilib kelgan. Masalan, Borodin Liya Axedjakova, Diana Arbenina, Valeriy Meladze, Danila Kozlovskiylarga nisbatan tekshirish tayinlashni so‘ragan.
Qayd etib o‘tish kerakki, Alla Pugachyovaning hozirgi turmush o‘rtog‘i, komik artist Maksim Galkin 2022 yilda «chet el agenti» deb e’tirof etilgan. Ular Ukrainada urush boshlangach, Rossiyani tark etib, bolalari bilan Isroilda yashashmoqda.
Alla Pugachyova o‘shandayoq o‘zini ham «chet el agenti» deya qayd etishlarini so‘rab murojaat qilgan edi.
«Men halol, vijdonli va samimiy inson, Rossiyaning chinakam va sotilmaydigan patrioti, o‘z vatani ravnaqini istaydigan unga tinch va osuda hayot, so‘z erkinligi tilaydigan va yurtimizning jahon aro yakkamaxov bo‘lishiga hamda insonlar hayotini og‘irlashtiruvchi mavhum maqsadlar uchun vatanimiz farzandlarining o‘ldirilishini bas qilishni istaydigan turmush o‘rtog‘im bilan birdamman», — deb yozgan edi Alla Pugachyova.
Rossiyada o‘zbekistonlik yigit qamaldi
Rossiyada «Crocus City Hall»dagi teraktni qo‘llab-quvvatlagan O‘zbekiston fuqarosi qamoqqa olindi.
Qayd qilinishicha, 1993 yilda tug‘ilgan yigit 24 mart kuni Rubsovsk shahridagi do‘konda «Crocus City Hall» binosida sodir etilgan terrorchilik harakatini ochiqchasiga oqlagan. Yigitning «teraktni FSBning o‘zi uyushtirdi», degan ta’kidi teraktni oqlash, deya talqin qilingan.
Sud ayblanuvchining Rossiya jamoat xavfsizligiga qarshi o‘rtacha og‘irlikdagi jinoyatni sodir etgani, xorijiy davlat fuqarosi ekani, Rossiya hududida ro‘yxatdan o‘tmagani, doimiy yashash joyi va qonuniy daromad manbaiga ega emasligini hisobga olib, 2024 yil 26 mayga qadar qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlagan.
Rossiyada bo‘lib turgan vatandoshlarimiz o‘zlarini ushbu mavzulardan yiroqroq tutishi, o‘z fikrini oshkora bildirmasliklarini maslahat berib qolamiz.
Mavzuga oid
13:35 / 12.11.2024
G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar, tergovdagi Netanyahu va saylovdan yutgan Ilon Mask - kun dayjesti
13:47 / 11.11.2024
G‘azo shimolidagi so‘nggi shifoxona, Yamanga aviahujum va jinoyatini tan olgan Netanyahu - kun dayjesti
14:13 / 09.11.2024
G‘azodagi harbiy jinoyatlar, NATOdan Ukrainaga yangi yordam va G‘arbni ochko‘zlikda ayblagan Putin - kun dayjesti
15:34 / 08.11.2024