Qrimdagi xotirlash aksiyasi va Luhansk oblastidagi «Azov» jangchilari. Urush suratlari
Ukrainadagi urushning 776-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- «Ukrainskaya pravda» ma’lumotiga ko‘ra, safarbarlik to‘g‘risidagi qonun loyihasidan demobilizatsiya to‘g‘risidagi modda olib tashlangan.
- Rossiyalik harbiy muxbirlar va Ukrainaning Deep State proyekti Rossiya Donetsk oblastidagi Pervomayske qishlog‘ini egallab olganini xabar qildi.
- Rossiya ukrainlar droni Zaporijjya AESning «reaktor zalining to‘liq miqyosli trenajyori»ga hujum qilgani haqida xabar berdi. Ukraina razvedkasi Rossiya buni sahnalashtirganini ma’lum qildi.
- Huquq faollari xabar berishicha, Rossiya harbiy politsiyasi xodimlari urush qilishdan bosh tortib, Armanistonga ketgan rossiyalikni qo‘lga olgan.
- Voronej oblastida dronlar aviatsiya o‘quv markaziga hujum uyushtirgan. Ukraina nashrlari manbalari bu hujum Ukraina razvedkasi amaliyoti ekanini xabar qilgan.
Kun kadri. Qrimdagi marosim
Anneksiya qilingan Qrimda 8 apreldan 14 aprelga qadar Ukraina bilan urushda halok bo‘lgan yarimorolliklar xotirasiga bag‘ishlangan «Sen baribir tiriksan!» nomli yorug‘lik aksiyasi o‘tkazilmoqda. Aksiya Ikkinchi jahon urushi vaqtida sovetlar armiyasi yarimorolni ozod etishi bilan yakunlangan Qrim yurish amaliyotining 80-yilligiga to‘g‘ri keldi. Qrim parlamenti binosida har kuni «Sen baribir tiriksan!» yozuvi hamda Rossiyaning Ukrainaga bosqini ramzi hisoblangan Z harfi hamda qurbonlarning portretlari ko‘rsatiladi.
Mariupol drama teatri o‘rnidagi qurilish
Mariupoldagi drama teatri — Rossiya Ukrainaga qarshi olib borayotgan urush ramzlaridan biriga aylangan. 2022 yil 16 martda Rossiya qo‘shini tinch aholi vakillari bo‘lgan yuzlab kishilar boshpana qilgan teatr binosiga zarba bergandi. Teatr binosi oldidagi maydonda havodan ham ko‘rinib turadigan «Deti» yozuvi aks etgandi. Mariupol shahar kengashi ma’lumotiga ko‘ra, bu zarba oqibatida qariyb 300 kishi halok bo‘lgan. Associated Press agentligi o‘z hisoblariga tayanib, qurbonlar soni 600 nafargacha yetishi mumkinligini xabar qilgan. Rossiya mudofaa vazirligi teatrga zarba berganini rad etib, bino «Azov» polki jangchilari tomonidan portlatilganini iddao qilgan. Bu versiyani qo‘llab-quvvatlovchi hech qanday dalil keltirilmagan.
2022 yil oxirida Mariupolni egallab olgan rossiyaliklar vayron bo‘lgan drama teatrni «tiklayotgani», qolgan konstruksiyalarni buzib tashlagani va shu orqali katta ehtimol bilan zarba bo‘yicha dalillarni yo‘q qilayotgani ma’lum bo‘ldi.
2023 yil martida Mariupolga RF prezidenti Vladimir Putin tashrif buyurdi. Unga vayron bo‘lgan drama teatri o‘rnidagi qurilish maydoni ham namoyish etilgandi. RF prezidentiga hamrohlik qilgan vitse-premer Marat Xusnullin o‘shanda qurilish ishlarini 2024 yil oxirida tugallash rejalashtirilganini aytgandi.
«Azov» Luhansk oblastida
«Azov» 2022 yil bahorida qariyb ikki oy mobaynida Mariupoldagi «Azovstal» zavodini mudofaa qilgandi. May oyi o‘rtalarida «Azovstal» himoyachilari qo‘mondonlik buyrug‘i bilan zavod hududini tark etadi va asir tushadi. «Azov» komandirlari Turkiyaga yuboriladi, ular ushbu mamlakatda urush oxirigacha qolishi taxmin qilingandi, ammo 2023 yil iyulda ular Ukrainaga qaytishga muvaffaq bo‘ladi — ularni prezident Volodimir Zelenskiyning shaxsan o‘zi vatanga olib qaytadi. Avgustda «Azov»ni ham o‘z tarkibiga oluvchi Ukraina milliy gvardiyasi «maxsus topshiriqli afsonaviy brigada tiklangani va Luhansk oblastidagi Serebryansk o‘rmonzorlarida jangovar topshiriqlarni bajarishga kirishgani» haqida e’lon qiladi.
Mavzuga oid
09:22
Ukrainalik faollar yana Navalnayaning nutqini to‘xtatishga urindi
07:56
Pentagon Ukrainaga yordam uchun qolgan pul miqdorini e’lon qildi
21:13 / 12.11.2024
Sudjaliklar yana bir bor o‘z yaqinlari evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘lak so‘radi
20:43 / 12.11.2024