Qozog‘iston xorijliklar uchun benzin narxini oshirmoqchi
Qozog‘iston hukumati chet el fuqarolari uchun 92 va 93 oktanli benzin narxini 205 tengedan 245 tengegacha (5811 so‘mdan 6945 so‘mga) oshirishni rejalashtirmoqda. Bu qaror neft mahsulotlarining «kulrang» eksportini cheklash bilan izohlangan.
Qozog‘iston hukumati ichki bozorda yoqilg‘i balansini saqlash, shuningdek, neft mahsulotlarining «kulrang» eksportini minimallashtirish maqsadida 92 va 93 oktanli benzin va dizel yoqilg‘isi narxini xorijliklar uchun oshirmoqchi. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligi xabar berdi.
«Hozirgi vaqtda narxlar davlat tomonidan tartibga solinayotgani tufayli Qozog‘iston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari orasida yoqilg‘i materiallarining narxi eng past bo‘lgan mamlakat bo‘lib turibdi. Bu esa neft mahsulotlarining boshqa mamlakatlarga tarqalishi va «kulrang» eksport xavfini keltirib chiqarmoqda», deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hujjat loyihasida 92 va 93 oktanli benzin narxi xorijliklar uchun 205 tengedan 245 tengegacha (5811 so‘mdan 6945 so‘mga), dizel yonilg‘isi narxi 295 tengedan 315 tengegacha (8363 so‘mdan 8930 so‘mgacha) oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat fuqarolari uchun narxlar o‘zgarishsiz qoladi.
Ma’lumot uchun, ayni paytda 1 tenge 28,35 so‘mni tashkil qiladi.
Mavzuga oid
09:40 / 12.11.2024
«Forish» poligonida O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiy mashg‘ulotlari boshlandi
20:54 / 11.11.2024
Qozog‘iston bahorda Markaziy Osiyo davlatlaridan 11 milliard kub metr suv oladi
20:06 / 11.11.2024
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi
17:25 / 11.11.2024