Jahon | 13:10 / 13.04.2024
8758
8 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda yaralangan jurnalistlar, Eron–Isroil to‘qnashuvi ehtimoli va Isroilni tark etgan Samsung - 13 aprel dayjesti

Dunyoda sodir bo‘lgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning qisqacha sharhi bilan an’anaviy tarzda tanishtirib borishda davom etamiz.

G‘azodan xabarlar

Isroilning okkupatsion armiyasi TRT Arabi jurnalistlariga hujum qilgan. Jurnalistlar ketayotgan avtokarvonga qarata tanklardan o‘q uzilgani xabar qilinmoqda.

Turkiyaning arab tilida efirga chiquvchi telekanalining muxbiri Sami Bergum mo‘jiza tufayli omon qolgan. Mustaqil operator Sami Shahoda esa og‘ir tan jarohatlari olgan va uning oyog‘ini kesib tashlashgan.

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar soni allaqachon 100 dan oshib ketgan.

G‘azodagi hukumat matbuot xizmatiga ko‘ra, Isroil «yangiliklar va axborotlar mintaqa va dunyoga chiqmasligi uchun, faktlarni yashirish uchun, Falastin tomonining ovozini o‘chirish uchun qasddan jurnalistlarni o‘ldirmoqda».

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, qamal qilingan ekslavda urushning 188-kuniga kelib, o‘ldirilganlar soni 33 ming 634 kishiga yetgan. Yaradorlar 76 ming 214 kishini tashkil etmoqda.

Birgina so‘nggi sutka ichida Isroil qo‘shinlari 8 ta ommaviy qirg‘in uyushtirib, 89 kishining o‘limiga va 120 kishining yaralanishiga sabab bo‘lgan.

Eronning Isroilga hujumi

Eronning Isroilga hujumi 12 aprel kuni ro‘y berishi mumkin, deb xabar qildi CBS News. Ushbu ko‘rsatuvimiz efirga chiqqanida taxmin o‘zini oqlagan-oqlamaganini bilib olasiz. Telekanal manbalariga ko‘ra, Eron 100 dan ortiq kamikadze dronlar va qanotli raketalar bilan Isroil harbiy obektlariga hujum qilishni maqsad qilgan.

Eron 1 aprel kuni Suriya poytaxtidagi o‘z konsulligida harbiy qo‘mondonlari Isroil tomonidan o‘ldirilgani uchun qasos olishni va’da qilgan edi.

Agar Eron Isroilga hujum qilsa, bunga javoban Isroil yangi tipdagi bombalar bilan javob qaytarilishini ma’lum qilgan, deb xabar beradi Maariv nashri.

Bu elektromagnit bomba bo‘lib, u poytaxt Tehron va yadroviy obektlar va yirik sanoat shaharlariga tashlanadi. Elektromagnit impulslari tarqatadigan bomba insonlarga va binolarga zarar yetkazmaydi, biroq barcha elektron uskunalarini ishdan chiqaradi.

Bomba tashlansa, Tehron infratuzilmasining katta qismi darhol ishdan chiqadi va bundan Isroil boshqa maqsadlarida ham foydalanishi mumkin.

Darvoqe, agar Eron – Isroil to‘qnashuvi ro‘y bersa va bunga AQSh aralashsa Qatar va Kuvayt mojaro yanada avj olmasligi uchun o‘zida joylashgan harbiy bazalardan Eronga qarshi foydalanishga izn bermasligini ma’lum qildi.

Ukrainadagi urush

Ukraina agar 2024 yilgi Rossiya qarshi hujumiga dosh bera olsa, 2025 yilda yana bir qarshi hujumni boshlashni rejalashtirmoqda, deb yozadi Fransiyaning Le Figaro nashri.

G‘arb mulozimlarining so‘zlariga ko‘ra, Kiyev ikki yillik urushdan buyon ayni damda juda ojiz holatda qolgan. Front chizig‘i bo‘ylab Ukraina kuchlarining xonavayron bo‘lishi va Rossiyaning yorib o‘tishi xavfi mvjud.

Rossiya kuchlari tomonidan tinimsiz raketa xarbalari va aviatsiya tomonidan bombardimon qilishlar, shuningdek Ukraina qurolli kuchlarida o‘q-dori yetishmovchiligi Ukrainadagi harbiy mojaro keskin burilish nuqtasiga yetib kelganini bildiruvchi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Oq Uy vakili Kongress Ukrainaga harbiy yordam berishni zudlik bilan ma’qullash borasida choralar ko‘rishi kerakligi, bundan o‘zga yo‘l yo‘qligini ta’kidlagan.

Fransuz harbiylari urushda kim birinchi safarbarlik uyushtirsa o‘sha g‘olib chiqishini aytishmoqda, biroq har ikki tomon bu borada keskin qadam tashlamayapti. Ukraina jamiyati urushdan charchagan, Kreml esa ichki qarama-qarshilikni kuchaytirmaslik uchun odamlarga yoqmaydigan qaror qabul qilishdan o‘zini tiymoqda.

Qozog‘istondagi suv toshqini

Qozog‘istonda suv toshqini oqibatida evakuatsiya qilinganlar soni 100 mingga yaqinlashgan.

Qozog‘istonning sakkiz hududida favqulodda vaziyat rejimi amal qilib turibdi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, avariya-qutqaruv xizmatlari 9 million metr kub suvni tortib olishgan, 1,6 millionta qum to‘ldirilgan qoplar taxlab chiqishgan. Shuningdek, 1,2 million tonna qo‘zg‘almas materiallardan to‘siqlar qurilgan.

Qozog‘istonda qish qattiq kelgani sababli, tuproq chuqur muzlagan va daryodan bahorgi erishda toshgan suv yerga singimasdan bemalol harakatlanishi tufayli toshqinlar kuzatilmoqda. So‘nggi 80 yildagi eng yirik toshqin deb baholangan tabiiy ofatdan 60 ta aholi punkti jabr ko‘rmoqda. Toshqin tufayli yuzlab kilometr yo‘llarda harakat cheklangan.

Rossiyaning Qozog‘iston bilan chegaradagi Orenburg oblastida ham Ural daryosida suv sathi ko‘tarilishi oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlari davom etmoqda.

12 aprel kuni Orenburgning ayrim rayonlarida aholi yoppasiga evakuatsiya qilinishini e’lon qilindi. Aholisi yarim million kishidan oshadigan shaharda 4963 ta tomorqa va 2687 ta uy suv ostida qolgan, so‘nggi bir kunning o‘zida 995 ta uchastka va 361 ta uyni suv bosgan.

Yevropa parlamentida surishtiruv

Belgiya Yevropa parlamenti deputatlarining Rossiya tomonidan sotib olingani borasida tergov-surishtiruv harakatlarini boshladi.

Rossiya Yevropa parlamentining ayrim deputatlariga ular propagandani tarqatishi va iyun oyda bo‘ladigan saylovlarda imkon qadar ko‘proq ittifoqchilarini Yevropa Ittifoqi qonun chiqaruvchi organiga olib kirishlari uchun pul to‘lagan. Aralashuv faktini Belgiya razvedkasi aniqlagan, prokuratura tergov-surishtiruv harakatlarini boshlagan, degan Belgiya bosh vaziri Aleksandr de Kro.

«Razvedkamiz ma’lumotlariga ko‘ra, Moskvaning maqsadi aniq-ravshan. Imkon qadar ko‘proq rossiyaparast nomzodlarni parlamentga olib kirish va bu institutda rossiyaparast narrativni kuchaytirish», — degan de Kro.

Samsung Isroil bilan xayrlashdi

Janubiy Koreyaning global investitsiyalari jamlangan, mobil telefonlar ishlab chiqaruvchi Samsung Next kompaniyasi 70 dan ortiq startap loyihalarini yig‘ishtirib, Isroil bozorini tark etishga qaror qildi.

Kompaniya Isroilni tark etishiga sabab qilib, G‘azo sektoriga hujum va foyda me’yorining kamayganini ko‘rsatgan. Boykot, cheklovlar va sanksiyalar harakati BDS saytiga ko‘ra, Samsung daromadi o‘tgan yilda 56 foizga kamaygan.

Rossiya neft zavodlariga zarba

Ukrainaga Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlovchi zavodlarga zarba berganidan so‘ng Rossiyaning neft ortidan daromadlari 20 foizga tushib ketgan.

Mart oyida neft va neft mahsulotlari eksportidan Rossiya 9,3 mlrd dollar tushum olgan, deyiladi Xalqaro energetika agentligi hisobotida. Fevral oyiga solishtirilganda, Rossiya iqtisodiyotining bu boradagi daromadlari garchi eksportning jismoniy hajmi oshganiga qaramasdan, 20 foizga yoki 2 mlrd dollarga pasaygan.

Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra yanvar-mart oyilarida Rossiyaning kamida 10 ta neft zavodi dronlardan jabr ko‘rgan. 

Mavzuga oid