O‘zbekiston | 21:19 / 23.04.2024
7126
6 daqiqa o‘qiladi

23 aprelning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Britaniya vazirining O‘zbekistonga tashrifi, haydovchilar uchun yangilik, jazolangan jizzaxlik o‘quvchilar, Boysundagi fojia va Ozarboyjonda o‘zbekistonliklar tomonidan barpo etiladigan anorzorlar - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing. 

Haydovchilar uchun yaxshi yangilik

Qoidabuzarlik qayd etgani to‘g‘risida foto va video-radar ma’lumotlari 48 soat ichida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarishga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxsiga yuborilishi lozim, YPX inspektori esa 15 kun ichida jarimaga tortish to‘g‘risida qaror chiqarmasa, haydovchi jarimaga tortilmaydi. Ishni ko‘rib chiqish tugatiladi.

Bu borada Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida bugun birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.

Bundan tashqari, skuter, moped, velosiped haydovchilari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ham ma’muriy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari transport vositalari tomonidan xizmatga shoshilish asnosida sodir etilgan qoidabuzarliklar yuzasidan yuritilgan ma’muriy ishlarni ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechgan holda tugatish tartibini joriy etish belgilanmoqda 

Boysunda mash’um avtohalokat ro‘y berdi

Boysun tumanining Padang qishlog‘ida ichida 9 kishi bo‘lgan Damas mashinasi jarlikka tushib ketgan, uch ona va ularning bolalari halok bo‘lgan.

Damas yo‘lovchilari tog‘ga dam olishga borgani ma’lum qilinmoqda. Ularni olib ketayotgan Damas mashinasi haydovchining boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida jarlikka tushib ketgan.

Falokat oqibatida 6 kishi – 3 ayol va ularning bir nafardan farzandi voqea joyida vafot etgan. Halok bo‘lgan bolalarning bittasi 14 yoshli yigit, ikkitasi esa 8 va 9 yoshli qizlar.

Yana uch kishi — ikki ayol va bir erkak og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda ularning ahvoli qanday ekanligi ma’lum emas. 

Jizzaxda 1-sinf o‘quvchilari jazolandi

Jizzaxda o‘qituvchi dars tayyorlamay kelgan 1-sinf o‘quvchilariga stul ko‘tartirib qo‘ydi. Voqea Zarbdor tumanidagi 5-maktabda 22 aprel kuni ro‘y bergan. 26 yoshli ingliz tili o‘qituvchisi dars tayyorlamay kelgan 13 nafar o‘quvchi — 6 nafar o‘g‘il bola va 7 nafar qiz bolaga stul ko‘tartirib, videoni ota-onalar guruhiga yuborgan.

Mazkur holat bo‘yicha Zarbdor tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Bolalar ombudsmani mazkur holatni o‘z kuzatuviga oldi.

Bolalarga nisbatan turli shakldagi zo‘ravonlik yoki zo‘ravonlikka tayangan tarbiya choralarini, jumladan, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash qonunan taqiqlangan va tegishli javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi. 

Devid Kemeronning O‘zbekistonga tashrifi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Toshkentga kelgan Buyuk Britaniyaning tashqi ishlar vaziri lord Devid Kemeron o‘rtasidagi uchrashuvda hamkorlik to‘g‘risidagi ikkita hujjat imzolandi.

Ikki davlat o‘rtasida Keng qamrovli sherikchilik to‘g‘risidagi deklaratsiya, shuningdek, Mintaqaviy va xalqaro bog‘liqlik hamda infratuzilma sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.

«Suhbatimiz samarali va mazmunli bo‘lib, barcha sohalar bo‘yicha O‘zbekiston-Britaniya aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan asosiy vazifalarni belgilash imkonini berdi», degan Baxtiyor Saidov.

The Independent xabariga ko‘ra, Devid Kemeron Markaziy Osiyo davlatlari «Britaniya duch kelayotgan eng katta muammolarning markazida» ekanligidan ogohlantirib, ularning «qiyinchilik bilan erishilgan suverenitetni» qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator chora-tadbirlarni e’lon qiladi. 

UzCard va Humo integratsiyasi

Uzcard va Humo terminallari integratsiyasi test rejimida ishga tushirilishi xabar qilinmoqda.

ERA dasturiy ta’minotiga ega 250 dan ortiq Uzcard terminallari Humo kartalarini ham qabul qila boshlagan. Ayrim supermarketlarda Humo pin-padlari Uzcard kartalariga ham xizmat ko‘rsatyapti. Aslida, 2023 yil oxirigacha yakunlanishi lozim bo‘lgan integratsiya jarayoni qachon oxiriga yetishi hozircha ma’lum emas.

2024 yil yanvar oyida Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev bu kechikishni “texnik jarayon” deb izohlagan, integratsiya jarayoni “birinchi chorak oxirigacha yakuniga yetishi”ni aytgan edi. 

O‘zbekiston Ozarboyjonda anorzorlar barpo etadi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi Ozarboyjonga tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida ushbu mamlakat qishloq xo‘jaligi vaziri Mejnun Mamedov bilan uchrashdi.

Uchrashuv doirasida Toshkent viloyatida Ozarboyjon funduk navining ko‘chatlarini ekish hamda Ozarboyjonning Fuzuliy tumanida anor va boshqa meva bog‘larini barpo etish masalalari muhokama qilingan.

Mavzuga oid