O‘zbekiston | 12:19 / 23.04.2024
25913
2 daqiqa o‘qiladi

Qoidabuzarlik bo‘yicha 15 kun ichida qaror chiqarilmasa, haydovchi jarimaga tortilmaydi (xabar yangilandi)

Deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, yo‘l harakati qoidabuzarligi foto va video radarlar orqali qayd etilganida bu haqdagi ma’lumot vakolatli organga 48 soat ichida yuborilishi kerak. Vakolatli organ esa 15 kun ichida jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarishi zarur. Aks holda ishni ko‘rib chiqish tugatiladi.

Foto: O‘zA

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 23 aprel kungi majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqib, qabul qildi.

Loyihaga ko‘ra, avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilgani qayd etilgan hollarda transport vositasining mulkdori to‘g‘risida ma’lumot mavjud bo‘lmasa, shuningdek, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar vakolatli organga 48 soat ichida yuborilib, vakolatli organ tomonidan 15 kun ichida jarima solish haqida qaror chiqarilmagan bo‘lsa, ishni ko‘rib chiqishni tugatiladi.

Bundan tashqari, loyihada kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalari hamda individual harakatlanish vositalarini (skuter, moped, velosiped haydovchi, individual harakatlanish vositasini, ulovli aravani boshqarib boruvchi shaxs tomonidan sodir etilishi) boshqarish jarayonida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, MJtKning 171-moddasiga tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari transport vositalari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar yuzasidan yuritilgan ma’muriy ishlarni ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechgan holda tugatish tartibini joriy etish belgilanmoqda.

Mavzuga oid