O‘zbekiston | 22:03 / 01.05.2024
7913
6 daqiqa o‘qiladi

1 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Jamoatchilik muhokamasiga tashlanayotgan qaror, Buxoro va Andijondagi yangi hokimlar, bemor bolalar uchun platforma, Buxoroda talon-toroj qilingan mablag‘lar - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.

E’tirozli qaror jamoatchilik muhokamasiga tashlanadi

Yashirin iqtisodiyot bo‘yicha qaror loyihasi takliflar asosida qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

Mazkur qaror loyihasi joriy yil 27 aprel kuni Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi yig‘ilishida atroflicha muhokama qilingan va Kengash a’zolari tomonidan l/*oyiha bo‘yicha konseptual takliflar bildirilgan.

Qaror loyihasi kengash yig‘ilishida bildirilgan hamda idora va vazirliklar tomonidan berilgan takliflar asosida qayta ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, hujjat loyihasi hukumatga kiritilishidan oldin belgilangan tartibda fikr-mulohozalarni o‘rganish va takliflarini olish uchun keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.

Avvalroq, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish dasturi doirasida Soliq qo‘mitasi yana kartadan kartaga o‘tkazmalarni nazorat qilishga urinayotgani tanqidlarga sabab bo‘lgandi. Shuningdek, loyihadan naqd pulda xarid qilgan fuqarolarga keshbek bermaslik, QQSni qaytarish muddatini uzaytirish va soliq organlariga tadbirkorning hududiga kirish vakolatini berish kabi takliflar ham o‘rin olgan. 

Yangi tayinlovlar

Buxoro shahriga yangi hokim tayinlandi. Shaharning shu kungacha hokimi bo‘lib ishlayotgan Jamol Nosirov sog‘ligi yomonlashgani munosabati bilan lavozimidan ozod etishni so‘rab, ariza bilan murojaat qilgan.

Qurilish vazirligida boshqarma boshlig‘i bo‘lgan Qurbon Tursunov shahar hokimi etib tasdiqlandi.

Kun davomida Andijon viloyatining uchta tumaniga yangi hokimlar ham* tayinlandi.

To‘rt yildan buyon Marhamat tumani rahbari bo‘lib ishlagan Bobur Yo‘ldoshev Andijon tumani hokim lavozimida ish boshladi.

Shuningdek, viloyatning Buloqboshi va Marhamat tumanlariga yangi rahbarlar tayinlangandi. Xususan, Buloqboshi tumaniga 7 yil hokimlik qilgan O‘tkirbek Ma’murov Marhamat tumani hokimi lavozimiga o‘tkazildi. Buloqboshi tumaniga Furqatbek Bo‘taxonov yangi hokim bo‘ldi. Bo‘taxonov avval shu tuman hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Kun davomida Sirdaryo viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar ham tayinlandi. Bungacha Sardoba tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Akmal Mirzayev Sirdaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi

Bemor bolalar uchun platforma

O‘zbekistonda bolalar orasida saraton kasalligini davolash bo‘yicha yangi kelishuv imzolandi.

.78/o5shkent shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va SSV tomonidan O‘zbekistonning Bolalarni saraton kasalligidan davolash uchun dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha global platformasida ishtirok etishi to‘g‘risidagi kelishuvni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unga asosan 14 ta tibbiyot muassasasi saraton kasalligiga chalingan bolalar uchun sifatli dori vositalarini uzluksiz qabul qilishi hamda ularni bu yo‘nalishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi ko‘zda tutilgan. 

Buxoroda budjet mablag‘lari talon-toroj qilindi

Buxoroda yodgorliklarni ta’mirlashga ajratilgan 3,3 mlrd so‘m talon-toroj qilingani ma’lum bo‘ldi.

Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular tarixiy obektlarni restavratsiya qilish uchun ajratilgan katta miqdordagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilishda gumonlanmoqda.

Holat Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.To‘xtaboyev boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan.

O‘rganishda bajarilgan ish hujjatlariga soxta yozuvlar kiritish yo‘li bilan “Xo‘ja Kalon” masjidida 731 mln so‘m, “Xusayni” madrasasida 216 mln so‘m hamda “Nodir Devonbegi” madrasasida 90 mln so‘m mablag‘ talon-toroj qilingani aniqlangan. Shuningdek, Buxoro shahri tarixiy markazi hududida joylashgan 74 ta obektga manzil ko‘rsatkich belgilari o‘rnatish uchun ajratilgan 50 mln so‘m budjet mablag‘i ham talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgan.

Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mansabdor shaxslari tomonidan 2,3 mlrd so‘m budjet mablag‘i tovar-moddiy boyliklar sotib olish uchun sarflangani yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, amalda mablag‘lar talon-toroj qilingan. 

Prokuror o‘rinbosari 2 ming dollar pora bilan ushlandi

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani prokurori o‘rinbosari 2 ming dollar olayotganda ushlandi. U sud ish yurituvidagi jinoyat ishi bo‘yicha aybdorga jazo qo‘llanishida yengillik qilishni va’da berib, pul olgan.

2024 yil 27 aprel kuni soat 18:00 larda Farg‘ona viloyati prokuraturasi va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan firibgarlik va 28, 211- (pora berishda ishtirokchilik) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Ob-havo ma’lumoti

Hafta ichidagi ob-havo kutilmalari haqida tanishtiramiz.

2-3 may kunlari respublikaning deyarli barcha hududlarida quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, havo harorati kunduzi +26...+29 daraja, ba’zi joylarda +30...+32 darajagacha bo‘ladi.

3 mayda respublikaning janubi-g‘arbida, 4-5 may kunlari aksariyat viloyatlarda, 6 mayda sharqiy hududlarda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Yomg‘ir paytida harorat +20...+25 darajagacha pasayadi.

3-6 may kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar yog‘ishi sababli, respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

1−8 may kunlari Toshkent viloyatidagi Chotqol tizmasi tog‘lari hududlarida qor ko‘chish xavfi mavjud.

Umuman, may oyi birinchi o‘n kunligining oxirida, shuningdek, ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda havo harorati +23...+28 darajadan +30...+35 darajagacha, ba’zi joylarda +38 darajagacha o‘zgarib turadi.

Mavzuga oid