8 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar
Urush faxriylari bilan uchrashgan Mirziyoyev, oliy ta’limda joriy etilayotgan boshqa tartiblar va sersuv bo‘lishi kutilayotgan Amudaryo va Sirdaryo — o‘tgan sutka davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.
Oliy ta’limdagi bir qator o‘zgarishlar
Oliy ta’limdagi navbatdagi o‘zgarishlar e’lon qilindi. O‘zbekistonda oliygohlar, kollejlar va texnikumlarga qabul imtihonlari «avval test, so‘ngra tanlov» tamoyiliga o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ya’ni abituriyentlar endi avval test topshirib, keyin qayerda o‘qishni tanlaydi
Taklif etilayotgan yangi tartibga ko‘ra, abituriyentlar testni bir marta topshiradi va to‘plagan balli bilan dastlab oliygohga, balli oliygohga yetmagan taqdirda, kollej yoki texnikumga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.
Oliygohlarga qabul jarayoni 2 bosqichda bo‘ladi. 1-bosqichda abituriyent ro‘yxatdan o‘tib, test fanlarini tanlaydi; 2-bosqichda abituriyent test natijasi e’lon qilingandan keyin ta’lim yo‘nalishi va shaklini tanlaydi.
Shuningdek, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarga davlat buyurtmasi qisqartirilib, bu kvotalar ustuvor ravishda muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar orasida taqsimlanadigan bo‘ldi.
Davlat buyurtmasi asosida grant o‘rinlari har bir yo‘nalish uchun respublika bo‘yicha to‘plangan ballar ketma-ketligiga ko‘ra abituriyentlarning tanloviga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘zbekistonda sirtqi ta’lim shakli uchun kvotalarni kunduzgi ta’lim shakli uchun ajratilgan kvotadan oshirmaslik belgilanadi.
Sirtqi ta’lim shakli masofaviy ta’lim shaklini kengaytirish va uzaytirilgan ta’lim shaklini joriy etish orqali bosqichma-bosqich tugatiladi.
Anjumanda magistratura va doktoranturaga qabul qilishda xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikat talabi bo‘yicha kutilayotgan o‘zgarishlar ham ma’lum qilindi. Unga ko‘ra:
Ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar uchun sertifikat talabi bekor qilinadi. Sertifikat talabi xorijiy tillar yo‘nalishlarida C1 darajada, aniq fanlar, biologiya, matematika, huquq, jurnalistika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va iqtisodiyot yo‘nalishlarida B2 darajada saqlanadi.
Talabalarga davlat granti 2 turda taqsimlanadi: 100 foizlik va 50 foizlik. Talaba birinchi kursni tugatgach, unga grant bir yillik o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab beriladi.
Demak, kontraktda o‘qiyotgan talaba 50 foizlik grant olishi uchun ham yaxshi o‘zlashtirishga ega bo‘lishi kerak. Bizda o‘zlashtirish ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lganlarga 100 foizlik grant, pastroq bo‘lganlarga esa 50 foizlik grant beriladi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga kirishdagi 56,7 minimal o‘tish balli 2025 yildan boshlab bosqichma-bosqich oshiriladi. Chunonchi, sog‘liqni saqlash, huquq, biznes va boshqaruv yo‘nalishlari uchun – 94,5 ball; boshqa yo‘nalishlar uchun – 75,6 ball etib belgilanadi.
Ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning o‘qishni tugatgandan so‘ng 3 yil ishlab berish majburiyati ham bekor qilinadi.
Prezident Xotira va qadrlash kuni tadbirlarida ishtirok etdi
Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev 9 may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alaba munosabati O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi yo‘lladi. G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, «Matonat madhiyasi» yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi.
Prezidentga G‘alaba bog‘i hududida mustaqillik yillarida Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan majmua barpo etish loyihasi taqdimot qilindi.
So‘ngra Mirziyoyev Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitaliga borib, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar oldi.
Kun davomidagi tadbirlardan so‘ng prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Moskva shahriga jo‘nab ketdi.
2024 yil sersuv keladimi?
Yog‘ingarchiliklar ko‘p bo‘lgani sababli bu yil Amudaryo va Sirdaryoda suv hajmi yaxshi bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyevga ko‘ra, Sirdaryoda 85-90 foiz, Amudaryoda 90-95 foizgacha suv bo‘lishi kutilmoqda.
«Markaziy Osiyo davlatlari bilan har yili suv limitlari kelishiladi. Bugungi kunda saylovchilar bilan uchrashganimizda suv tanqisligi haqida ko‘p murojaat qilishadi. Qo‘shtepa kanali qurilishining Amudaryo suviga ta’siri bo‘lyaptimi, degan xavotirlar bildiriladi. Umuman olganda, Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon daryolarida suv kelish prognozlari avvalgi yillarga nisbatan necha foizni tashkil qilmoqda?» deb so‘ragan vazirdan parlamentda deputat Tirkasheva.
«Darhaqiqat, 5 ta davlat suv limitlarini o‘zaro kelishadi. Oxirgi yig‘ilishimiz Chimkentda bo‘lib o‘tdi. Unda suv havzalaridagi suv holati muhokama qilindi. Ko‘p yillik me’yorlarga nisbatan esa Sirdaryoda 85-90 foiz, Amudaryoda 90-95 foizgacha suv bo‘lishi kutilmoqda. Bugungi kunda suv omborlarimizda o‘tgan yilga nisbatan 1,5 milliard kub ortiqcha suv zaxirasi yaratilgan», — degan vazir.
Mavzuga oid
21:41 / 22.11.2024
22 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:40 / 21.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
19:49 / 20.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:05 / 19.11.2024