Jahon | 13:00 / 08.05.2024
6865
9 daqiqa o‘qiladi

Rafahga bostirib kirgan Isroil, Putinning inauguratsiyasi va Zelenskiyga muvaffaqiyatsiz suiqasd - kun dayjesti

O‘tgan sutka davomida jahon sahnasida sodir bo‘lgan e’tiborga molik voqea-hodisalar va yangiliklar tafsiloti bilan odatdagidek tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

HAMAS tomonidan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimga rozilik berilganiga qaramasdan, Isroil o‘ziga xos va mos tarzda bitimni rad etdi va 7 may kuni Rafahga bostirib kirdi. Isroil tomoni kelishuv bandlariga rozi emasligini bildirgan va Rafahga tanklarda kirib kelgan.

Rafahning Misr bilan chegarasidagi nazorat o‘tkazish punkti egallanib, u yerga Isroil bayrog‘i tikildi.

Rafahda ayni paytda Xon Yunus va shimolroqdagi boshqa shaharlarga hujum asnosida ko‘chirilgan 1,5 million falastinliklar boshpana topishgan.

Rafahning urushgacha bo‘lgan aholisi ham qo‘shib hisoblansa, qopqonga tushib qolgan insonlar soni 2 millionga yaqinlashadi. Ularning 600 mingdan ziyodini yosh bolalar tashkil etadi. Ko‘chirilganlar Rafahda asosan chodirlarda yashashadi.

Isroil armiyasi Rafah janubidagi G‘ista dahasini o‘qqa tutgan. Ko‘plab bolalar vayronalar ostida qolib halok bo‘lishgan.

BMT ham G‘azo sektorining janubidagi ikkita asosiy nazorat o‘tkazish punkti yopiq qolayotganini ta’kidlagan. 1,5 milliondan ortiq falastinliklar uchun so‘nggi boshpana bo‘lib qolayotgan anklav endi Isroilning Rafahga bostirib kirganidan so‘ng tashqi yordamdan butkul uzildi.

Muzokaralarning vositachilaridan biri Misr Isroilning Rafahdagi operatsiyasi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha oylar davomida olib borilgan sa’y-harakatlarni chippakka chiqarishini ta’kidlagan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning devonxonasi Isroil mudofaa armiyasi TsAHAL garovda ushlab turilganlarni ozod qilish uchun HAMAS jangchilariga harbiy bosim o‘tkazishda davom etishini aytib o‘tgan. Shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish uchun HAMASning shartlari «Isroilning talablaridan juda uzoqda» ekani ham ma’lum qilingan. Lekin shunga qaramasdan, Isroil tomoni murosa yo‘lini topish uchun Qohiraga o‘z vakillarini jo‘natishini ma’lum qilgan.

Isroil Rafahdagi operatsiyani HAMAS mag‘lubiyatga uchramaguncha davom ettirmoqchi. AQSh, Germaniya, Misr va Turkiya Isroilning Rafahga hujumiga qarshi chiqmoqda.

Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant Falastinning Rafah shahridagi harbiy operatsiya HAMAS harakati mag‘lubiyatga uchramaguncha yoki garovga olingan isroilliklar qaytarilmaguncha davom etishini ma’lum qildi.

«Kecha men TsAHALga Rafah hududiga kirishni, chegara punktini egallashni buyurdim. Bu operatsiya Rafah hududi va butun G‘azo sektorida HAMAS yo‘q qilinmaguncha yoki garovga olinganlar qaytarilmaguncha davom etadi», dedi u.

O‘z navbatida, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hamaschilarning kechagi tinchlik tashabbuslariga javobi Isroil qo‘shinlarining Rafahda oldinga siljishini «sabotaj qilish» uchun zarur ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rafahdagi operatsiya boshqa narsalar qatori, garovga olinganlarni ozod qilish uchun ham zarur, chunki bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv bitimini tuzish uchun hamaschilarga harbiy bosim o‘tkazish kerak.

Netanyahuning aniqlik kiritishicha, harbiy kampaniyaga parallel ravishda Isroil HAMAS bilan muzokaralarni davom ettirmoqda. U Qohiradagi isroillik muzokarachilarga Isroil shartlariga qat’iy rioya qilishni buyurgan. Shuningdek, u Rafah nazorat-o‘tkazish punkti ustidan nazorat o‘rnatilishini anklavdagi HAMAS harbiy salohiyati va qudratini yo‘q qilish yo‘lidagi muhim qadam deb atadi.

Ismi oshkor etilmagan isroillik amaldor bergan ma’lumotga ko‘ra, Rafah hududidagi hozirgi operatsiya to‘liq hujumning boshlanishi emas. Uning ta’kidlashicha, bu taktik ustunlikka erishish va muzokaralar jarayoni bilan bog‘liq holda hamaschilarga bosim o‘tkazish uchun mo‘ljallangan «juda cheklangan» operatsiya.

Putin yangi muddatga kirishdi

Katta Kreml saroyida Vladimir Putinning Rossiya prezidenti lavozimiga kirishishi marosimi o‘tkazildi. Bu Putin uchun 2000 yildan buyon beshinchi inauguratsiya marosimidir.

U o‘zining inauguratsiya nutqida Rossiya fuqarolariga minnatdorchilik bildirdi, mamlakat taraqqiy etishiga va’da berdi hamda G‘arb bilan muloqotga ochiq ekanini aytib o‘tdi.

U davlat rahbari sifatida RF Konstitutsiyasiga qo‘l qo‘yib, «insonlar va fuqarolarning huquq va erkinliklari»ni himoya qilishga va’da bergan holda qasamyod qildi.

Rossiyaga «nodo‘st» davlatlar, jumladan Buyuk Britaniya va Yevroittifoq mamlakatlari o‘z diplomatlarini marosimga yubormagan. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ularning qarori Moskva tomonidan qandaydir choralar ko‘rilishiga sabab bo‘lmasligini aytgan.

Vladimir Putin yangi muddatga prezidentlik lavozimiga kirishishi munosabati bilan Rossiya konstitutsiyasiga ko‘ra, bosh vazir Mishustin rahbarligidagi hukumat iste’foga chiqqan. Endi yangi hukumat shakllantiriladi.

Ukrainaga yordam

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olinayotgan daromadlarning 90 foizini Ukrainaning harbiy ehtiyojlari uchun yo‘naltiradi. Yevroittifoq davlatlari bu taklifni ma’qullashgani haqida Germaniya kansleri Olaf Shols ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap «yiliga bir necha milliard yevroni tashkil etuvchi arzirli summa» haqida bormoqda. Bu holatda Ukrainaga bu pullarga aynan Yevropadan qurol-yarog‘lar sotib olishga majbur bo‘ladi.

Sholsning qo‘shimcha qilishicha kelishuv yakunlovchi bosqichda. Bu qaror yoz oylarida Yevropa Ittifoqining Ukraina oldidagi 16 mlrd yevrolik majburiyatiga yana 3 mlrd yevro qo‘shilishini ta’minlaydi, degan Yevropa Ittifoqining iqtisodiyot bo‘yicha komissari Paolo Jyentiloni.

Zelenskiyga suiqasd fosh etildi

Ukraina xavfsizlik xizmati 7 may kuni prezident Volodimir Zelenskiy va boshqa yuqori martabali amaldorlarga nisbatan suiqasd tayyorlagan ikki polkovnikni hibsga olgan.

Xavfsizlik xizmati Ukraina rahbariyati vakillariga hujum uyushtirishni reja qilgan butun boshli tarmoqni fosh etgan. Ushbu jinoiy tarmoq Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan boshqarib kelingani aytilmoqda.

Hujum Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga ishlagan harbiylar — Maksim Mishuctin, Dmitriy Perlin va Aleksey Kornev tomonidan tashkil etilishi kerak bo‘lgan.

«Bu suiqasd Rossiya prezidenti Vladimir Putinga uning inauguratsiya marosimi uchun sovg‘a bo‘lishi lozim bo‘lgan. Ammo operatsiya muvaffaqiyatsizlikka uchradi», — deyiladi Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasil Malyuk hisobotida.

Rossiyaning suiqasd orqali o‘ldirishni rejalashtirgan shaxslar orasida, Volodimir Zelenskiydan tashqari Ukraina xavfsizlik xizmati Vasil Malyuk va Ukraina harbiy razvedkasi rahbari Kirill Budanov ham bo‘lgan.

Rasmiylar tergov jarayoni davom etayotganini bildirgan. Prezident Zelenskiyning xavfsizligi yuksak darajada ta’minlangani aytilgan.

Qozog‘iston shakar eksportini taqiqladi

Qozog‘iston yoz oxirigacha shakar eksportini taqiqladi. Bu esa kelayotgan yoz mavsumida qozog‘istonliklarning shakarga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish imkonini beradi.

Bosh vazir o‘rinbosari Serik Jumang‘arin raisligida Tashqi savdo siyosati va xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda ishtirok etish bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishida qand lavlagining yangi hosili oldidan ichki bozorni shakar bilan ta’minlash masalalari muhokama etilgan.

Ayni paytda Qozog‘iston omborlarida shakar zaxiralari qariyb 256 ming tonnaga yetadi. Bu mamlakat yillik ehtiyojining yarmini tashkil etadi.

Yaqin kelajakda Qozog‘iston tomoni Rossiya bilan yil oxirigacha shakar yetkazib berish kvotasi hajmini 100 ming tonnaga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, qozog‘istonliklarni shakar bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida idoralararo komissiya 2024 yil 31 avgustgacha Qozog‘istondan uchinchi davlatlarga shakar eksportini vaqtinchalik taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Taqiq mamlakat hududidan xalqaro tranzitga ta’sir qilmaydi.

Avvalroq, Rossiya ham shakar eksportini vaqtincha taqiqlagan edi.

Mavzuga oid