O‘zbekiston | 22:07 / 08.05.2024
13039
2 daqiqa o‘qiladi

TIV Qozog‘istonga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolariga tavsiyalar berdi

O‘zbekiston-Qozog‘iston yoki Rossiya-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishda nafaqat Qozog‘istonga, balki Rossiyaga kirishda ham hech qanday to‘siqlar yo‘qligiga oldindan ishonch hosil qilish lozimligi ta’kidlandi.

Foto: gov.kz

Qozog‘iston Respublikasiga kirish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilgani munosabati bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istonga kirish va chiqishda fuqarolarga barcha zarur hujjatlarni olib yurishni tavsiya qildi.

Qayd qilinishicha, O‘zbekiston-Qozog‘iston yoki Rossiya-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishda nafaqat Qozog‘istonga, balki Rossiyaga kirishda ham hech qanday to‘siqlar yo‘qligiga oldindan ishonch hosil qilish lozim. Chunki Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi ma’muriy va jinoiy ishlar bo‘yicha qarorlarni o‘zaro tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi kelishuvlarga muvofiq Qozog‘istonning vakolatli organlari Rossiyaning migratsiya va boshqa qonun hujjatlarining buzilishi yoki to‘lanmagan jarimalar mavjudligi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazadi.

Agar Rossiyada bo‘lish davrida qayd etilgan qoidabuzarlik yoki to‘lanmagan jarima aniqlansa, Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston fuqarosining Qozog‘istonga kirishi yoki chiqishini taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.

Shu munosabat bilan, Qozog‘istonga kirish va chiqish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmasligi uchun O‘zbekiston fuqarolariga Rossiya Ichki ishlar vazirligi Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi veb-sayti «Xizmatlar» bo‘limida maxsus onlayn shaklni to‘ldirish orqali Rossiyaga kirish uchun taqiq mavjud yoki mavjud emasligini tekshirish tavsiya etildi.

Mavzuga oid