21:26 / 17.05.2024
4652

«Yuventus» Allegrini iste’foga chiqardi

«Yuventus» klubi bosh murabbiyi Massimiliano Allegri iste’foga chiqarildi.

Foto: Getty Images

Turin klubi rahbariyati bugun yig‘ilish o‘tkazib, italiyalik mutaxassisni iste’foga chiqardi.

«Murabbiyning iste’fosiga uning Italiya kubogi finalidan keyingi xatti-harakati sabab bo‘ldi. Klub bunday holatni «Yuventus»ning qadriyatlariga xos emas, deb hisoblaydi. Allegri bilan 2014 yil boshlangan, 2021 yildan yana davom etgan hamkorlik yakunlandi. «Yuve» murabbiyning keyingi faoliyatiga omad tilaydi», - deyiladi xabarda. 

Turinliklar kuni kecha Italiya kubogi finalida «Atalanta»ni mag‘lub (1:0) etib, sovringa ega chiqqandi. Final yakunlanishiga yaqin esa Allegri hakamlar bilan asabiy tarzda tortishgan, bosh hakamning qaroridan norozi ohangda zaxiradagi hakamga baqirib, uning oldida libosini yirtgan va qizil kartochka bilan o‘yindan chetlatilgandi.

Finaldan keyin esa 56 yoshli murabbiy yana bir mojaroga aralashib, «Tuttosport»ni yolg‘on xabarlarni tarqatishda ayblab, uning muharririga ochiqchasiga tahdid qilgandi. Turin klubi esa murabbiyning qo‘polligi uchun hakamlar va nashrdan uzr so‘ragandi.

Allegri 2021 yildan buyon jamoani boshqarib, klub uning qo‘l ostida Italiya kubogiga ega chiqdi. Massimiliano faoliyati davomida 5 karra Italiya kubogi sohibiga aylangan.

Top