13:30 / 23.05.2024
7374

Falastinni tan olgan uchlik, Isroilda zug‘umga uchragan jurnalistlar va Mo‘g‘uliston banklarining cheklovi - kun dayjesti

O‘tgan kun mobaynida dunyoda sodir bo‘lgan voqealar, hodisalar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirib o‘tamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil 22 may kuni G‘azo sektorining janubiga aviazarbalar berdi. Oqibatida 62 kishi halok bo‘ldi. Isroil kuchlari asosan Rafah shahri markaziga faol hujumlar tashkil etgan. Shabura aholi punktiga esa tanklar bostirib kirgan.

Vayronalar ostida qolib ketgan fuqarolarni qidirish davom etayotgani bildirilgan. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi Rafahda 138 kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan.

Isroil havo kuchlari shuningdek 22 may kuni G‘azo shahriga ham hujum uyushtirishi oqibatida kamida 7 nafar falastinlik halok bo‘lgani ma’lum qilinmoqda.

7 oktyabrdan beri G‘azoga nisbatan Isroil kuchlari tomonidan qilinayotgan agressiya qurbonlari soni 35 ming 709 kishiga ketgan. 79 ming 990 kishi jarohatlangan.

HAMAS Isroilni G‘azodagi voqealarni yoritishda monelik ko‘rsatayotganlikda aybladi. Isroil aloqa vazirligi vakillari mamlakat janubidagi Sderot shahrida Associated Press agentligi jurnalistlarining asbob-uskunalarini olib qo‘ygan, tushirilgan materiallarni xotiradan o‘chirib tashlagan. Ular agentlik xodimlarini xorijiy ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi yangi, senzurali qonunni buzganlikda ayblagan. Agentlik esa isroilliklar qonunni suiiste’mol qilmoqda, deb hisoblamoqda.

O‘zining bayonotida HAMAS Isroil hokimiyati tomonidan Associated Press asbob-uskunalarining tortib olinishini «matbuot erkinligiga qarshi repressiv aksiya» deb atagan. Ushbu aksiya «Isroil tomonining Falastin xalqiga nisbatan jinoyati va noqonuniy harakatlarini jahon jamoatchiligi nigohidan yashirishga urinish»ga qaratilgani ta’kidlangan.

Voqea Isroil tomonining G‘azodan jonli efirni to‘xtatish to‘g‘risidagi talabi bajarilmaganidan so‘ng ro‘y bergan. Isroil aloqa vazirligi «davlatning xavfsizligiga raxna soluvchi translatsiyalarni cheklash bo‘yicha choralar ko‘rishda davom etishi»ni ma’lum qilgan. Isroil tomoni shuningdek, agentlikni tasvirlarni Qatarning Al-Jazeera telekanaliga uzatganlikda ayblagan. Holbuki, Al-Jazeera agentlikning butun dunyo bo‘ylab mingdan ziyod mijozlaridan biri sanaladi.

 

Falastin tarafdorlari ko‘paymoqda

Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya Falastin davlatining mustaqilligini 1967-yilgi chegaralarda tan olishini e’lon qildi. Shunday qilib, BMTga a’zo 193 ta davlat orasida Falastin mustaqilligini tan olgan davlatlar soni 142 taga yetdi. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar orasida Falastin mustaqilligi tan olgan davlatlar soni esa 12 taga yetdi.

Ayni paytda dunyoda Falastin mustaqilligini tan olmagan davlatlar soni 51 ta bo‘lib turibdi.

Ularning orasida, tabiiyki, Isroil, shuningdek AQSh, Meksika, Kanada, Panama, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Shvetsiya, Germaniya, Portugaliya, Niderlandiya, Belgiya, Finlandiya, Gretsiya, Xorvatiya, Sloveniya, Daniya, Avstriya, Shveytsariya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Tayvan, Myanma, Kamerun kabi yirik davlatlar bor.

Garchi sobiq SSSR Falastin mustaqilligini tan olgan va bu tan olish sobiq ittifoq tarqalganidan so‘ng paydo bo‘lgan aksariyat mustaqil davlatlarga ham o‘tgan bo‘lsa-da, sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan besh davlat — Latviya, Litva, Estoniya, Moldova, Armaniston Falastin mustaqilligini tan olmagan.

Isroil Norvegiya, Irlandiya va Ispaniyadan o‘z elchilarini chaqirib olishini e’lon qildi. Yevropaning uch davlati Falastin davlatining mustaqilligini rasman tan olgach, Isroil milliy xavfsizlik vaziri, ultrao‘ng millatchi Itamar Ben-Gvir provokatsiya uyushtirib Al-Aqso masjidini shturm qildi.

 

Ukrainaga yordam

Shvetsiya hukumati 2024-2026 yillarda Ukrainaga 7 mlrd dollar hajmida harbiy yordam ajratilishini ma’lum qildi. The Kyiv Independent nashriga ko‘ra, rasmiy Stokholm ushbu loyihani 22 may kuni rasman tasdiqlagan.

Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan buyon Shvetsiya Kiyevga 9 mlrd dollar mablag‘ ajratgan. Bu mablag‘lar fuqarolik va harbiy yordam tarzida yetkazib berilgan.

«Ukraina Rossiya bosqiniga qarshi kurashni davom ettirmoqda. Shvetsiya bu kurashda Ukrainani qancha lozim bo‘lsa shuncha qo‘llab-quvvatlaydi», — deyilgan Shvetsiya mudofaa va moliya vazirliklarining qo‘shma bayonotida.

Shvetsiya mudofaa vaziri Pal Jonsonning aytishicha, 2024 yildan boshlab Stokholmning Kiyevga yillik harbiy yordami hajmi 2,3 mlrd dollar atrofida bo‘ladi. Mablag‘ miqdorini oshirish imkoniyatlari yo‘l-yo‘lakay yana ko‘rib chiqilaveradi.

 

Ukrainaga ruxsat beriladimi?

13 nafar kongressmanlardan iborat guruh 20 may kuni AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinga xat jo‘natib, Pentagondan Ukrainaga Rossiya hududidagi nishonlarga Amerika qurollari bilan zarba berishga ruxsat berishni so‘rashgan.

Kongressmenlar xususan «ma’lum bir holatlar»da Rossiya hududidagi strategik nishonlarga zarba berish uchun Ukrainaga Amerika qurollaridan foydalanishga ruxsat berishga chaqirishgan.

AQSh Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson Ukrainaga bunday imkoniyat berilishini qo‘llab-quvvatlagan.

«Menimcha, (ya’ni prezident Jo Bayden ma’muriyati va Pentagon) Ukrainaga urushni o‘zi istaganidek olib borishlariga qo‘yib berishlari kerak. Ukraina qurolli kuchlari hujumni qaytarish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim. Fikrimcha, biz sa’y-harakatlarni mikrodarajada nazorat qilishga urinib kelmoqdamiz, biroq bu biz uchun yaxshi siyosat emas», – degan Jonson.

AQSh Senatidagilar ham mudofaa maqsadlarida Ukrainaga Rossiya hududidagi obektlarni nishonga olishga ruxsat berishga chaqirishmoqda.

Amerikalik senator Jim Rish Ukrainaga o‘z mudofaasi yo‘lida Rossiya hududiga Amerika qurollari bilan zarba berishga ruxsat etilishi lozim, deb hisoblashini aytgan.

«Ukraina o‘zini himoya qilish imkoniga ega bo‘lishi kerak — nuqta! Agar bombardimonchi samolyot Rossiya hududidan turib Ukraina fuqarolari ustiga raketa uchirayotgan bo‘lsa — Ukraina uni urib tushirish imkoniyatga ega bo‘lishi shart», — degan senator.

 

Xitoyga nisbatan ayblovlar

London Xitoyni Rossiyaga qurol yetkazib berishda ayblamoqda.

«Bizda Rossiya va Xitoy o‘rtasida qurollar sohasida hamkorlik borligi to‘g‘risida dalillar mavjud», dedi Britaniya mudofaa vaziri Grant Shepps.

Amerika va Britaniya razvedka xizmatlari ma’lumotlariga tayanib, Shepps qurollar «allaqachon Xitoydan Rossiyaga oqib kelayotganini» da’vo qildi. Bu ma’lumotlar Pekinning Moskvaga o‘z ta’sirini mo‘’tadil deb ko‘rsatishga urinishlariga zid, deya qo‘shimcha qildi Britaniya mudofaa vaziri. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi «juda yaqin» munosabatlardan mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 64 foizga oshgani dalolat beradi.

Germaniya kansleri Olaf Shols Xitoyga tashrifi chog‘ida Xitoy hukumatini sanksiyalarni chetlab o‘tmaslikka va Moskvaga qurol yetkazib bermaslikka chaqirgan edi. Aprel oyida AQSh moliya vaziri Janet Yyellen Xitoy kompaniyalariga tovarlarni Rossiyaga eksport qilganliklari uchun qattiq sanksiyalar bilan tahdid qilgan edi.

Biroq, Xitoy Rossiyani qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Pekin Moskvani harbiy maqsadlar uchun geofazoviy razvedka ma’lumotlari, shuningdek, harbiy sanoat uchun zarur bo‘lgan mikroelektronika, tanklar ishlab chiqarish uchun uskunalar va raketalar uchun yonilg‘i bilan ta’minlaydi.

 

Ukraina hujumlariga qarshi choralar

Rossiya hukumati mamlakatdagi neftni qayta ishlash zavodlarini Ukraina dronlaridan himoya qilishning «iloji yo‘qligi»ni ta’kidladi.

Rossiya bosh vazirining o‘rinbosari Aleksandr Novakka ko‘ra, yoqilg‘i energetika kompleksi obektlarining xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risidagi qonunchilikka ko‘ra, ma’lum bir xavfsizlik himoya choralari ko‘riladi.

«Albatta, hujumlarni 100 foiz bartaraf etishning imkoni yo‘q, ba’zan kuzatilayotgan holatlar ham ro‘y berib turadi», — degan Novak.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yuz berayotgan voqealardan so‘ng Rossiya energetika obektlari tezda tiklanmoqda, hukumat va kompaniyalar dronlardan himoya qilish bo‘yicha turli mexanizmlar va himoya texnologiyalaridan foydalanishmoqda va bu ishlar doimiy rejimda amalga oshirilmoqda.

«Rosneft», «Lukoyl», «Bashneft», «Slavneft» va «Transneft» tenderlariga e’tibor qilinsa, so‘nggi bir yil ichida Rossiyaning bu energetika kompaniyalari pilotsiz parvoz qurilmalari hujumiga qarshi turuvchi vositalar uchun 1 mlrd rubl sarflashgan.

Biroq dronlarga qarshi miltiqlar, statsionar radioelektron aniqlash va dronlarni bo‘ysundirish tizimlari, shuningdek tortilgan to‘rlar neftni qayta ishlash zavodlarining xavfsizligini ta’minlay olmagan. 

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

Kreml «do‘stona davlatlar» deb ataydigan mamlakatlar tomonidan moliyaviy qamal kuchayishda davom etmoqda. Endi Mo‘g‘uliston banklari Xitoy, BAA va Turkiyadan so‘ng Rossiya bilan hisob-kitoblarni bloklay boshladi.

Rossiya rasmiylarining bildirishicha, Mo‘g‘uliston banklari mavjud sanksiya rejimini buzganlik uchun ko‘riladigan chora — AQShning ikkilamchi sanksiyalaridan cho‘chimoqda.

2023 yilning dekabr oyida AQSh moliya vazirligi Rossiya harbiy sanoat kompleksiga yordam bergan jahondagi istalgan bankni AQSh moliya tizimidan uzib qo‘yishdek qo‘shimcha vakolatlarga ega bo‘lgan edi. 

Top