Jahon | 13:00 / 25.05.2024
5130
10 daqiqa o‘qiladi

O‘lim yoqasidagi g‘azolik chaqaloqlar, Xalqaro sudning Isroilga buyrug‘i va kovid pandemiyasi qurbonlari - kun dayjesti

O‘tgan kun mobaynida dunyoda sodir bo‘lgan voqealar, hodisalar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirib o‘tamiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azodagi jurnalistlar sektorning janubidagi Rafah shahrida yuz berayotgan voqealar tafsilotlarini xabar qilishmoqda.

Isroil okkupatsiya qo‘shinlari kuchlari harbiy texnikalari Misor-Falastin chegarasi yaqinidagi Salohiddin tumanida to‘plangan. Ular falastinliklarning turar joylarini buzib tashlash bilan mashg‘ul bo‘lishmoqda.

Isroil texnikalari, shuningdek, Rafahning markazidagi Zulnurayn jome masjidi oldiga yig‘ilgan. Isroil kuchlarining artilleriyasi falastinliklarning turar joylarini nishonga olmoqda. Isroilliklar nafaqat artilleriya, harbiy texnika va dron-kvadrokopterlar bilan G‘azo sektorida yashovchilarning uylariga o‘t ochishmoqda, hattoki dronlaridan biri odamlar to‘plangan joyga hujum qilgan. Bir kishi o‘lgan, bir necha kishi yaralangan.

Bundan tashqari Isroil bosqinchi kuchlarining aviatsiyasi Rafahdan sharqda joylashgan Al-Jnayna tumanidagi bir nechta turar joylar va chegaraoldi obektlariga zarba bergan.

UNICEF G‘azodagi shifoxonada chaqaloqlar o‘lim tahdidiga duch kelganidan ogohlantirdi. G‘azodagi «Al-Aqso shahidlari» shifoxonasida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning hayoti yoqilg‘i mahsulotlari yetishmasligi tufayli tahdid ostida qolgan, deb xabar bergan BMTning bolalar fondi UNICEF.

«G‘azoning Dayr-ul-Balah shahrida joylashgan «Aqso» kasalxonasiga yoqilg‘i mahsulotlarini muntazam yetkazishning imkoniyati bo‘lmayotgani sababli kislorod generatorlar o‘chib qolishi mumkin. Bu esa barokamerada joylashgan 20 dan ortiq chaqaloqlarning hayoti xavf ostida qolishiga olib keladi», — deyiladi fond bayonotida.

Bayonotda qayd etilishicha, G‘azoga yetkazilayotgan yoqilg‘i mahsulotlari hajmini oshirish va uni yetkazish uchun zudlik bilan xavfsiz yo‘laklar tashkil etilishi kerak. UNICEF’dagilarning ogohlantirishicha, faqatgina shu yo‘l bilan humanitar missiya xodimlari o‘z majburiyatlarini bajarish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Shifoxona ma’muriyatiga ko‘ra, kasalxonada paydo bo‘lgan vaziyat tufayli kasalxonadagi 1200 ga yaqin bemorlar va yaradorlar o‘lim xavfiga duchor bo‘lishmoqda.

Urushning 231-kuniga kelib, G‘azoda qurbon bo‘lgan falastinliklar soni 35 ming 857 nafarga yetgan. 80 ming 293 kishi yarador bo‘lgan.

So‘nggi bir sutka ichida Isroil kuchlari tomonidan 9 ta ommaviy qirg‘in uyushtirilishi natijasida 57 kishi halok bo‘lgan, 93 kishi yaralangan.

Haaga sudi qarori

Haagadagi BMT Xalqaro sudi Isroilga Rafahdagi harbiy operatsiyani to‘xtatishni buyurdi. Sudyalar hay’atiga ko‘ra, Isroilning bu hujumi Falastin xalqi uchun «juda katta xavf» tug‘diradi.

15 nafar sudyalar hay’atidan iborat Xalqaro sudning qarorlari BMTga a’zo barcha davlatlar uchun bajarilishi majburiy hisoblanadi, lekin xalqaro huquqda sud qarorlarini ijroga qaratish imkoniyatlari yo‘q.

So‘d qaroriga ko‘ra, Isroil:

·      Rafahdagi harbiy operatsiyani to‘xtatishi;

·      katta miqdorda insonparvarlik yordamlari kirib kelishi uchun Rafahda Misr bilan chegara o‘tkazish punktini ochishi;

·      faktlarni o‘rganish uchun G‘azoga tergovchilar va missiyalarning kirib borishiga imkon berishi;

·      1 oy muddat ichida bu choralarning amalga oshirilishi borasida sudga hisobot berishi kerak.

Juma kungi qarorni o‘qib eshittirgan sud raisi Navof Salomning so‘zlariga ko‘ra, sudning avvalgi, mart oyidagi qarori Falastinning qamalda qolgan anklavidagi holatga to‘laqonli mos kelmay qolgan va joriy vaziyat yangi shoshilinch chora ko‘rishni taqozo qilgan.

Navof Salom Rafahdagi humanitar vaziyatni «halokatli» deb atadi. Unga ko‘ra, Isroil tomoni urushi davomida aholini Rafahga ko‘chishga majbur qilgan. Xalqaro sud raisi 800 ming falastinlik o‘z uyini tashlab chiqqanini ta’kidlar ekan, Isroil tomonining xavfsizlik va insonparvarlik yordamlari kirib kelishi imkoniyati ta’minlab qo‘ygani haqidagi gaplariga ishonmasligini aytgan.

Janubiy Afrika Respublikasi 10 may kuni Xalqaro sudga murojaat qilib, Isroilning Rafahga hujumlari G‘azo aholisining huquqlariga tiklab bo‘lmas ziyon yetkazayotganini asos qilib keltirgan edi.

16–17 may kunlari da’vo arizasi bo‘yicha eshittiruvlar bo‘lib o‘tib, juma kuni Xalqaro sud bu masalalar bo‘yicha o‘zining yakuniy qarorini e’lon qildi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu BMT Xalqaro sudining qaroriga javob tayyorlashni muhokama qilish uchun vazirlar mahkamasini to‘plagan.

Isroil matbuoti xabarlariga ko‘ra, Netanyahu o‘zining hamfikrlari bilan uchrashuvda Xalqaro jinoyat sudi tomonidan e’lon qilingan qarorlarga qanday javob qaytarishni muhokama qilgan.

Isroil moliya vaziri, ultra o‘ng millatchi va fashist Betsalel Smotrich Isroil hukumati bu buyruqni qabul qilmasligini ta’kidladi.

Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid esa BMT sudi urushni to‘xtatish talabi bilan isroillik asirlarni qaytarish talabini adashtirib yuborganini ta’kidladi. Lapid Xalqaro sudning bunday adashishini «axloqiy qulash va axloqiy falokat» deb atadi.

Ukrainadagi urush

Rossiya prezidenti Vladimir Putin yangi harbiy safarbarlik o‘tkazilishini istamaydi va urushni ayni paytdagi front chizig‘ida «muzlatish»ga tayyor, deb yozadi Reuters agentligi.

Agentlik Rossiya yetakchisi atrofidagi o‘zining to‘rtta manbasiga asoslanib, xabar qilishicha, Vladimir Putin urushni «frontning hozirgi chizig‘ini tan oluvchi va o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi muzokaralar yo‘li bilan» to‘xtatishga rozi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, «agar Kiyev va g‘arb bu taklifga e’tibor bermasa», Putin urushni davom ettirishga ham tayyor. Shuningdek, siyosatchi o‘z maslahatchilari doirasida g‘arb davlatlarining muzokaralarga xalaqit berishga urinish hamda Ukraiana prezidenti Zelenskiyning muzokaralarni inobatdan soqit qilish qaroridan norozi ekanligini ma’lum qilgan.

Putin qancha lozim bo‘lsa, shuncha urushishga tayyor, lekin u urushni «muzlatish» uchun o‘t ochishni to‘xtatishga ham tayyor, — degan Reuter’ning Putin bilan birga ishlagan manbasi.

Agentlik hamsuhbatlarining so‘zlariga ko‘ra, Putin urushdagi joriy muvaffaqiyatlarni Rossiya xalqiga g‘alaba sifatida «taqdim» etish uchun yetarli deb hisoblaydi va Rossiyaning jang maydonidagi yutuqlaridan «urushni tarixda qoldirish» yo‘lida foydalanishni afzal biladi. .

Putin yangi marralarga erishish yana bir umummilliy harbiy safarbarlik talab etishini juda yaxshi tushunadi va o‘zi buni istamaydi, degan uch manba.

Darvoqe, Belarusga davlat tashrifi bilan borgan prezident Putin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z legitimligini yo‘qotganini ham ta’kidlab o‘tgan.

Rossiya tinchlik muzokaralarini rad etmaydi, lekin uni faqat Ukrainaning «qonuniy hokimiyati» bilan olib borishga tayyor, degan Vladimir Putin.

COVID-19 pandemiyasi qurbonlari

2020-2021 yillarda COVID-19 pandemiyasi oqibatida vafot etganlar soni ma’lum qilindi. Koronavirus 2020 yilda o‘limning eng ko‘p uchraydigan sabablari orasida uchinchi, 2021 yilda esa ikkinchi o‘rinni egallagan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko‘ra, 2020 va 2021 yillarda COVID-19 pandemiyasi mos ravishda 4,1 million va 8,8 million kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.

Hisobotda qayd qilinishicha, COVID-19 tufayli jahonda o‘rtacha umr ko‘rish ikki yil ichida 1,8 yilga qisqargan va 2012 yil darajasiga qaytib, o‘rtacha 71,4 yoshni tashkil etdi. 2021 yilda «global sog‘lom umr ko‘rish davomiyligi» 1,5 yilga qisqarib, 61,9 yoshni tashkil qildi.

JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus global sog‘liqni saqlash sohasida, jumladan, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish orqali salomatlik taraqqiyoti va mustahkamlanishi kuzatilayotganini ta’kidladi.

«Ammo biz taraqqiyot naqadar zaif ekanligini tan olishimiz kerak. Ikki yil ichida COVID-19 pandemiyasi umr ko‘rish davomiyligining o‘n yillik o‘sishini yo‘q qildi», degan Gebreyyesus.

2024 yil bahoridan boshlab ayrim davlatlarda olimlar COVID-19 bilan kasallanishning sezilarli o‘sishini qayd eta boshladilar. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘sishning aksariyati FLiRT virusi varianti bilan bog‘liq, u koronavirusning Omicron versiyasi avlodining bir qismidir.

Olimlar FLiRT varianti kovidning yozgi to‘lqiniga olib kelishi mumkinligini rad etmayapti, ammo pandemiyaning qaytishi haqida gapirishga o‘rin yo‘q. Hozircha bu virus aholining zaif qatlamlari uchun xavf tug‘dirmoqda. 

Mavzuga oid